13:13 / 12.10.2022
19811

FXX Qrim ko‘prigi portlatilgani ishi bo‘yicha uch davlat fuqarolari ushlanganini e’lon qildi

Qo‘lga olinganlar orasida Rossiya, Ukraina va Armaniston fuqarolari bor. FXX ko‘prikni portlatish tashkilotchisi sifatida Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanovni ko‘rsatdi.

Foto: Getty Images

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi Qrim ko‘prigining rezonansli portlatilishi bo‘yicha ishda gumon qilingan besh nafar shaxs qo‘lga olinganini e’lon qildi. «Ayni paytda jinoyat ishi doirasida jinoyatni tayyorlashda ishtirok etgan Rossiyaning besh nafar fuqarosi, Ukraina va Armanistonning uch nafar fuqarosi qo‘lga olindi», — deyiladi 12 oktyabr, chorshanba kuni maxsus xizmat xabarida. Portlash tashkilotchilari sifatida Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi va uning rahbari Kirill Budanov ko‘rsatilgan.

Rossiyani annexia qilingan Qrim yarimoroli bilan bog‘lovchi 19 kilometrlik ko‘prikda 8 oktabr kuni ertalab portlash sodir bo‘ldi. Qrim ko‘prigining avtomobil qismida yuk mashinasi portlatib yuborilgan, shundan so‘ng temiryo‘l poyezdining yonilg‘i baklari yonib ketgan. Rossiya uchun strategik va ramziy ahamiyatga ega obekt jiddiy zarar ko‘rdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Ertasi kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainani terrorchilik aktida aybladi. Hafta boshidan beri Rossiya Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlariga kuchli raketa zarbalari berdi. Bu Qrim ko‘prigining buzilishiga javob sifatida qabul qilinyapti. Ukraina ko‘prikka yetkazilgan zararni olqishladi, ammo sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top