Jahon | 23:59 / 11.03.2024
12368
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada Qrimning Ukraina SSR tarkibiga o‘tkazilishi noqonuniy ekani haqidagi qonun tayyorlanmoqda

Deputatlarning fikricha, agar bu qonun qabul qilinsa, «Qrimning 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingani haqidagi Ukraina da’volari asossiz bo‘ladi».

Foto: RIA Novosti

Rossiya Davlat Dumasiga 1954 yilda Qrimni RSFSR tarkibidan Ukraina SSR tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi. Tegishli hujjat parlament quyi palatasi ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi.

Hujjat mualliflari Qrimni topshirish haqidagi qarorni «noqonuniy, qonun ustuvorligi va xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga zid» deb tan olishni taklif qilmoqda. Qonun loyihasida aytilishicha, tegishli qaror «RSFSR va SSSR konstitutsiyalarini buzgan holda», shuningdek, «rus xalqining irodasini hisobga olmagan holda» qabul qilingan «siyosiy jinoyat» hisoblanadi.

Deputatlarning fikricha, agar bu qonun qabul qilinsa, «Qrimning 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingani haqidagi Ukraina da’volari asossiz bo‘ladi». Shuningdek, Ukraina ittifoqchilariga «Qrimni Ukrainaga qaytarish haqidagi da’volarni qo‘llab-quvvatlash ancha qiyin bo‘ladi».

SSSR parchalanganidan keyin, Rossiya Ukrainaning Qrim bilan hududiy yaxlitligini tan oldi, bu ikki tomonlama shartnomalar bilan ham tasdiqlangan. 2008 yilda Rossiya bosh vaziri bo‘lgan Vladimir Putin Rossiya Ukraina chegaralarini tan olishini yana bir bor tasdiqlagan edi. «Qrim bahsli hudud emas. Rossiya bugungi Ukraina chegaralarini allaqachon tan olgan», degan edi Putin.

2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilib, u yerda referendum o‘tkazdi va o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Bunday referendumni o‘tkazish Ukraina Konstitutsiyasi nuqtai nazaridan noqonuniy edi. Xalqaro hamjamiyat (ayrim davlatlar bundan mustasno), Qrimni Ukrainaning bir qismi deb hisoblashda davom etmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid