11:09 / 14.10.2022
3521

Jahon bojxona tashkiloti xalqaro konferensiyasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi mumkin

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi va Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Bryusselda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Foto: Dunyo

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmal Mavlonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy safar bilan Belgiyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Safar doirasida Akmal Mavlonov va Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriya bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbekiston tomoni Jahon bojxona tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida bir qator takliflarni ilgari surdi.

Kadrlar tayyorlash va inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishlarida Jahon bojxona tashkiloti mutaxassislarining O‘zbekiston bojxona organlari xodimlari o‘quv jarayonidagi ishtirokini kuchaytirish, Jahon bojxona tashkiloti hududiy o‘quv markazlarida Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari uchun muntazam amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish, Jahon bojxona tashkilotining navbatdagi PICARD nufuzli xalqaro konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi.

Jahon bojxona tashkilotida Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari akkreditatsiyadan o‘tishi va doimiy tarzda mazkur tashkilotda faoliyat olib borishlari masalasi uchrashuvda muhokama qilindi. Tashkilot doirasida xalqaro darajadagi yirik tadbirlarni Samarqand shahrida o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Kunio Mikuriya mazkur takliflarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Top