11:01 / 18.10.2022
5417

O‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Zakovat” turniri yakuniga yetdi

16 oktabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida O‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Zakovat” turnirining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Xuddi maktab o‘quvchilari turniridek, bu musobaqa ham O‘zbekiston tarixida ilk marta tashkil etildi va O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oldi.

Foto: Zakovat

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-96-sonli qarorida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va “Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkilotiga o‘zaro hamkorlikda O‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinini o‘tkazish vazifasi yuklangan edi.

Foto: Zakovat
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat

Ushbu qaror ijrosi doirasida mas’ul tashkilotlar ulkan masshtabli turnirni a’lo darajada o‘tkazdi. Musobaqa ikki bosqichda (viloyat va respublika) bo‘lib o‘tdi.

Foto: Zakovat

Shu yilning 5 oktyabr kuni musobaqaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu bosqich respublikamizdagi 14 ta hududdan jami 535 ta o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarini qamrab oldi. Ya’ni bu bosqichda 535 ta jamoa va 3745 nafar o‘quvchilar viloyat bosqichida qatnashdi. Viloyat bosqichi o‘yinlari natijasida har bir hududdan uchtadan eng kuchli jamoalar respublika bosqichi uchun saralab olindi.

Foto: Zakovat

Shunday qilib, 16 oktyabr kuni Toshkent shahrida mamlakatimizning eng zukko ta’lim muassasalaridan kelgan 42 ta jamoa (294 nafar o‘quvchi) g‘oliblik uchun bellashdi.

Foto: Zakovat

His-hayajonga boy bo‘lgan respublika bosqichida quyidagi jamoalar g‘olib bo‘ldi:

  • 1-o‘rin - UrDU akademik litseyi jamoasi;
  • 2-o‘rin - IIV Navoiy akademik litseyi jamoasi;
  • 3-o‘rin - IIV Farg‘ona akademik litseyi jamoasi.
Foto: Zakovat

Mazkur jamoalarning har bir a’zosiga hamda murabbiyiga “Zakovat intellektual klubi” NNT tomonidan qimmatbaho noutbuklar sovg‘a qilindi.

Foto: Zakovat

Endilikda ushbu jamoalar a’zolari oliy ta’lim muassasalariga bazaviy to‘lov kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi.

Shuningdek, ularning har biriga bir o‘quv yili davomida har oy quyidagi miqdorda “Zakovat” stipendiyasi to‘lab boriladi:

  • 1-o‘rin: BHMning 5 baravari (1,5 mln so‘m, yil davomida jami 18 mln so‘m);
  • 2-o‘rin: BHMning 4 baravari (1,2 mln so‘m, yil davomida jami 14,4 mln so‘m);
  • 3-o‘rin: BHMning 3 baravari (900 ming so‘m, yil davomida jami 10,8 mln so‘m).
Foto: Zakovat
Foto: Zakovat

Bundan tashqari, respublika bosqichida kuchli uchlikka kira olmagan jamoalarning har bir a’zosi va murabbiyiga aqlli soat va kitoblar esdalik sovg‘alar sifatida taqdim etildi.

Foto: Zakovat
Top