12:05 / 26.10.2022
8384

Toshkent viloyatida XI-XII va VII-VIII asrlarga oid inshoot qoldiqlari topildi

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan Qanqa yodgorligida olib borilgan izlanishlar natijasida XI-XII va VII-VIII  asrlarga oid mahobatli inshoot qoldiqlari topildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi Qanqa majmuasi ekspeditsiyasi 2022 yili Toshkent vohasi eng yirik shaharlaridan bo‘lgan tarixiy Qanqa yodgorligida olib borgan arxeologik izlanishlari davomida vohaning o‘rta asrlar tarixiga oid yangi ma’lumotlar kashf etildi.

Jumladan, XI-XII asrlar bilan davrlashtirilgan uzunligi 12 metr, kengligi 6,30 m bo‘lgan katta zal topildi. Uning kirish qismidagi poli pishiq g‘ishtlar bilan terilgan. Zal yon devorlari qalinligi 1,30 m kenglikda ekani uning mahobatli inshootligidan dalolat beradi.

Zal janubiy-g‘arbiy burchagida yon devorlari ham pishiq g‘isht bilan qoplangan bo‘lib, kuchli olov natijasida kuygani bu yerda yog‘ochdan ishlangan peshtoq ham mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Yong‘in natijasida peshtoqdan qulab tushgan yirik yog‘och qoldiqlari ham aniqlanib, ular saqlanib qolganlari sinchiklab o‘rganilganda yuza qismlari o‘yma naqshlar bilan bezalgani ma’lum bo‘ldi.

Qazish ishlari davomida o‘rta asr qatlamlari ostida ilk o‘rta asrlarga oid bo‘lgan yana bir yirik inshoot qoldiqlari topildi. Inshoot Qanqa yodgorligi ilk o‘rta asrlarga tegishli ibodatxona sharqiy tarafida joylashgani ushbu yirik qurilish qoldiqlari ibodatxona bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida xulosalar chiqarishga imkon beradi.

2022 yilga mo‘ljallangan dala-qazish tadqiqotlari yakunlandi. Yuqoridagi fikrlar dastlabki tadqiqot natijalari xulosalari bo‘lib, taqdim etilgan ma’lumotlar qayta ishlangach, to‘liq yakuniy xulosalar beriladi, deyiladi Fanlar akademiyasi ma’lumotida.

Top