12:52 / 31.10.2022
3897

Xorazmda “Kasb mahorati” musobaqasi o‘tkazildi

“Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan soha xodimlari o‘rtasida “Har biringizning hayotingiz men uchun qadrli” shiori ostida “Kasb mahorati” musobaqasi o‘tkazildi.

Foto: Xorazm HETK

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Boshqaruv raisi tashabbusi bilan Jamiyat xodimlari o‘rtasida mehnatni muhofaza qilish, ish jarayonida xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilish, shuningdek, baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida har yili tashkil etib kelinayotgan “Kasb mahorati” musobaqasining bu yilgi respublika bosqichiga “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ mezbonlik qildi. Mazkur musobaqa “Har biringizning hayotingiz men uchun qadrli” shiori ostida bo‘lib o‘tdi. 

Yangiariq tuman elektr ta’minoti korxonasida yangidan qurilgan maxsus o‘quv maydonida o‘tkaziladigan bahslarda Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining taqsimlovchi tarmoqlar qurilmalarini ta’mirlash bo‘yicha ustalari, dispetcherlar, taqsimlovchi tarmoqlar qurilmalariga xizmat ko‘rsatuvchi elektromontyorlardan tashkil topgan jami 14 ta jamoada 120 nafardan ortiq xodim o‘z bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazishdi.

Jumladan, jamoalarning huquqiy, siyosiy va xavfsizlik texnikasi qoidalariga oid bilimlari, shartli elektr qurilmasida yuzaga kelgan yong‘inni o‘chirish, yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish jarayonida xavfsizlik texnika qoidalariga rioya qilgan holda to‘g‘ri ish tashkil etish, nosozlikni o‘z vaqtida sifatli bartaraf etish va kuchlanish ostiga tushgan shartli jabrlanuvchini xavfsiz joyga o‘tkazish hamda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish kabi vazifalarni uddalashlari sinovdan o‘tkazildi.

Berilgan topshiriqlarni uyushqoqlik bilan, tezkor va sifatli bajargan quyidagi jamoalar harakati yuqori baholanib,

1-o‘rin – “Xorazm HETK” AJ;

2-o‘rin – “Andijon HETK” AJ;

3-o‘rin – “Farg‘ona HETK” AJga nasib etdi.

Musobaqaning g‘olib jamoalari va turli yo‘nalishlar bo‘yicha faol qatnashgan xodimlar qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.

Top