01:49 / 02.11.2022
23060

Elektr energiyasi uchun ikki kun davomida to‘lov qilib bo‘lmaydi

Foto: Kun.uz

1 noyabr soat 23:00 dan 3 noyabr soat 22:00 gacha elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Xabarda aytilishicha, 1 noyabr kuni soat 23:00 dan 3 noyabr kuni soat 22:00 gacha HETning ma’lumotlarni qayta ishlash markazida profilaktika ishlari olib boriladi. Shu sabab bu vaqt mobaynida iste’molchilar elektr energiyasi uchun onlayn to‘lovni amalga oshira olmaydi.

Shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan vaqtda iste’molchilar foydalanilgan elektr energiyasi bo‘yicha ma’lumotlarni ham vaqtincha ko‘rolmaydi. Hozirda qarzdor bo‘lgan va yuqorida ko‘rsatilgan ikki kun muddatda qarzga kirgan iste’molchilar avtomatik tarzda tarmoqdan uzilmaydi.

HET keltirilgan noqulaylik uchun uzr so‘ragan.

O‘zA bu borada qo‘shimcha ma’lumot ham e’lon qildi. Unda aytilishicha, ikki kun davomida mobil ilovalardan tashqari, bank kassalari orqali ham elektr energiyasi uchun to‘lov qilib bo‘lmaydi.

Xabarda Markaziy bankning tegishli topshirig‘i surati ham ilova qilingan bo‘lib, undan anglashiladiki, HET Markaziy bankni billing tizimidagi profilaktika ishlaridan 29 sentabrda xabardor qilgan.

Top