09:02 / 04.11.2022
7128

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazish uchun zarur hujjatlarni topshirdi

Investitsiyalar vazirligida vazir o‘rinbosari Badriddin Obidov hamda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhi raisi, Koreyaning Jyenevadagi elchisi Li Texo va JST kotibiyati tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘limi direktori Mayka Oshikava o‘rtasida video-konferens-aloqa orqali uch tomonlama muloqot bo‘lib o‘tdi.

Foto: Reuters

Suhbat ishtirokchilariga ishchi guruh bo‘lajak yig‘ilishini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ishchi guruh 6-yig‘ilishini o‘tkazish uchun O‘zbekiston tomonidan JST kotibiyati va tashkilotga a’zo mamlakatlarga barcha zarur hujjatlar topshirilgani ta’kidlandi. JSTga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar va avvaldan rejalashtirilgan tadbirlarni o‘z vaqtida tashkil etish maqsadida tashkilot kotibiyati bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda.

Uchrashuvda zarur hujjatlarni tayyorlash va tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan tizimli hamkorlik qilish doirasida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan ishlar qayd etildi. Tomonlar tashkilot tadbirlari ko‘pligiga qaramay, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh 6-yig‘ilishini tashkil etish va o‘tkazishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga hamda mamlakat tashkilotga kirishi bo‘yicha kelgusidagi jarayonga maslahat va texnik yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.

Top