23:49 / 11.11.2022
53245

LG dunyodagi birinchi cho‘ziluvchan displeyni namoyish etdi 

Uni qo‘rqmasdan bukish, cho‘zish va g‘ijimlash mumkin. 

Foto: LG Electronics

LG Display kompaniyasi bugungi kundagi eng noodatiy displeyni taqdim etdi: uni hech qanday zararsiz bukish, cho‘zish va g‘ijimlash mumkin. Bunda, 12 dyuymli displey o‘lchami 14 dyuymgacha uzayadi. 

Texnologiya asosida kremniydan yasalgan elastik taglik yotadi. U kontakt linzalar materialiga o‘xshab ketadi va 40 mkm o‘lchamli mitti yorug‘lik diodlariga va 100 ppi piksel zichlikka ega. Shu sababli u istalgan shaklni olishi mumkin, deyiladi LG kompaniyasi xabarida. 

Foto: LG Electronics

100 ppi piksel zichligi zamonaviy smartfonlar bilan taqqoslanganda kamroq tuyulishi mumkin. Ammo bu ko‘rsatkich cho‘ziluvchan displeyning debyut versiyasi uchun haqiqiy yutuq. Qayd etilishicha, displeyning elastikligi uning chidamliligiga ta’sir qilmaydi. 

Kompaniya 2024 yilgacha displeyni ommaviy ishlab chiqarishni boshlamoqchi. Bunday displeylardan nafaqat bukiluvchan smartfonlarda, balki boshqa sohalarda ham foydalanish, masalan, kiyim-kechak, mebel yoki avtomobil kuzovi panellariga o‘rnatish mumkin.

Mavzuga oid
Top