13:34 / 11.11.2022
10999

Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘an va Berdimuhamedovga Turkiy dunyo oliy ordenini topshirdi

Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunida mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish yakunlariga qisqacha to‘xtalib, unda juda muhim qaror va kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mustahkamlashda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hamda Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning alohida hissasi borligi qayd etildi. Shu munosabat bilan ularni Turkiy dunyoning oliy ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Gurbanguli Berdimuhamedovga bu mukofotlarni prezident Shavkat Mirziyoyev topshirdi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilgan. Uning ilk sohibi turkiy dunyo birligiga qo‘shgan hissasi uchun buyuk adib va jamoat arbobi, ulug‘ gumanist Chingiz Aytmatov bo‘ldi. Bu mukofot Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga topshirildi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Gurbanguli Berdimuhamedov va Sadir Japarov mukofotlar uchun minnatdorlik bildirib, Samarqand sammiti juda samarali, xalqlar uchun manfaatli bo‘lganini ta’kidladi.

Mavzu
Samarqandda Turkiy davlatlar sammiti
11 noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishi tashkillashtirildi.
Barchasi
Top