18:41 / 18.11.2022
12841

Putin 21 fevraldan beri birinchi marta Xavfsizlik Kengashi bilan yuzma-yuz yig‘ilish o‘tkazdi

Xavfsizlik Kengashi a’zolari bilan oldingi yuzma-yuz yig‘ilishdan so‘ng, u DXR va LXR mustaqilligini tan olgan va uch kundan keyin Ukrainaga qarshi urush boshlagan edi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 fevraldan beri Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari bilan birinchi yuzma-yuz operativ uchrashuv o‘tkazdi.

«Bugun bizda rejadagi masala bor: Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqaro muhofazasini takomillashtirish masalasini muhokama qilishni taklif etmoqda. Keling, ishni boshlaylik», — dedi Putin yig‘ilishni ochib berar ekan. Shundan so‘ng, yig‘ilish yopiq eshiklar ortida davom etdi.

Yig‘ilishda Xavfsizlik Kengashining deyarli barcha doimiy a’zolari, shu jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Aleksandr Kurenkov ham ishtirok etgan. Faqat Ozarboyjon safarida bo‘lgan bosh vazir Mixail Mishustin va prezident ma’muriyati rahbari Anton Vayno qatnashmagan.

Oxirgi marta Xavfsizlik Kengashining yuzma-yuz yig‘ilishi 21 fevral kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan edi. Unda Donetsk va Luhansk xalq respublikalarini tan olish masalasi muhokama qilindi. Yig‘ilishdan so‘ng, Putin DXR va LXR mustaqilligini tan oldi. Uch kundan keyin, 24 fevral kuni Ukrainaga qarshi urush boshlanganini e’lon qilgan edi.

21 fevraldan so‘ng Putin Xavfsizlik kengashi bilan faqat videoaloqa orqali yig‘ilishlar o‘tkazdi.

Top