17:36 / 19.11.2022
24061

Hindistonlik ayol ikkala buyragini o‘g‘irlatdi

Hindistonda xususiy klinikada jarrohlik amaliyotidan o‘tgan ayol muolajadan so‘ng ikkala buyragi yo‘qligini aniqladi.

Foto: Olga Kononenko/Unsplash

38 yoshli Sunita Devi sentabr oyida bachadonini jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash uchun Bariyarpurdagi xususiy klinikaga boradi. Operatsiyadan so‘ng, bemor shifoxonadan chiqarilgan, ammo uning sog‘lig‘i tez yomonlasha boshlagan.

Ayol zudlik bilan shifoxonaga yotqiziladi. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng, shifokorlar uning ikkala buyragi yo‘qligini aniqlagan. Uning qarindoshlariga esa gemodializ muolajasidan o‘tmasa, tirik qolishi dargumon ekanini aytishgan.

Uch farzandning onasi Sunita endi har kuni gemodializ olishi kerak. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Tirik qolish uchun ayolga buyrak transplantatsiyasi zarur. Bunday operatsiyani kutayotganlar ro‘yxati uzunligi sababli, ayolga navbat yetmasligi mumkin.

Devi Hindiston hukumatiga murojaat qilib, shubhali shifokorlarni jazolashni so‘ramoqda.

«Ikkala buyragimni olib tashlagan shifokorni zudlik bilan hibsga olinishini so‘rayman. Omon qolishim uchun uning buyraklari menga berilishi kerak», dedi u.

Voqeadan keyin politsiya tergov boshlagan. Ma’lum bo‘lishicha, Devi murojaat qilgan xususiy klinika davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, shifokorlarning malakasi esa soxta ekani aniqlangan. Boz ustiga, ayolni operatsiya qilgan shifokorlar qochib ketishgan. Biroq huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, ulardan biri qo‘lga olingan.

Top