“Hokim menga 2 yo‘l qoldirdi” - Minerva City atrofida nima bo‘lyapti?
Minerva City'ga yer ajratishda hokimliklar amaldagi tartibni buzgani sabab investorga berilgan hudud “klassik” usulda – prokuror arizasi va sud qarori bilan tortib olingan. Investor Murari Lal Jalan Kun.uz'ga bergan intervyusida yerning olib qo‘yilishini hokim talabini bajarmagani bilan bog‘lab tushuntirdi.
Shu kunlarda “Minerva city” mijozlari norozi, mediamakonda investor firibgar degan mish-mishlar yuribdi. Xo‘sh, Yangihayot tumanidagi bu yirik loyihada o‘zi nimalar bo‘lyapti? Fuqarolar chindan ham aldanganmi? Loyiha egasi ayrim nashrlar yozganidek qallobmi?
Boshidan boshlasak, o‘zi nima bo‘lgandi?
2018 yilning 28 sentabr kuni “MJ Developers” O‘zbekiston hukumati bilan 100 million dollarlik sarmoya shartnomasini imzolab, o‘zining 4 ta yirik loyihasiga sarmoya kiritishni boshlagan. Dastlab Buxoroda 5 yulduzli mehmonxona qurilishi, keyinroq Namanganda “Namangan Square”, Toshkentda “Minerva city” aqlli shaharchalari hamda Bektemir tumanida “Lake City” sun’iy ko‘li qurilishi boshlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirda Buxoro va Namangandagi ishlar muammosiz davom etmoqda.
Boshida poytaxtdagi qurilishlar ham bir maromda ketayotgandi. 2020 yilda Toshkentning Yangihayot tumanida 100 gektar hududda shoping va biznes markazlari, mehmonxonalar, turar joylar va yana qator binolardan iborat “Minerva city” nomli aqlli shaharcha qurilishi start oldi.
Loyihaning bir qismi hisoblangan xalqaro universitet binosining tamal toshini qo‘yish marosimida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham qatnashib, loyiha barcha uchun olamshumul bo‘lishi, bu jarayonda sarmoyadorlarga har taraflama yordam berilishi va ularga imkoniyatlar ochib berilishini aytgandi.
Oradan salkam 3 yil vaqt o‘tdi. Hududda turar joy majmualarining bir qismi bunyod etildi. Ammo hozirga kelib ishlar to‘xtab qolgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda turar joy majmualariga to‘lov qilgan ikki yuzdan ziyod fuqarolarning shikoyatlari tarqaldi. Ular xonadon kalitlarini hanuz olmagani, bergan pullari esa belgilangan muddat o‘tgan bo‘lsa-da, qaytarilmaganidan norozi.
Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish va ba’zi savollarga javob topish maqsadida “MJ Developers” kompaniyasi asoschisi, investor Murari Lal Jalan bilan suhbatlashdi.
— Keling, dastlab O‘zbekistonga kelishingiz haqida gaplashsak. O‘zbekistonda tadbirkorlik qilishga sizni nima yetakladi?
— So‘nggi 30 yildan beri asosan MDH davlatlarida ishlab kelyapman. Bilasizmi, O‘zbekiston haqida juda ko‘p eshitgandim. 2018 yilda O‘zbekiston prezidenti Hindistonga rasmiy tashrif bilan borib, mamlakat bosh vaziri Narendra Modi janoblari bilan uchrashgan. O‘shanda turli masalalar bo‘yicha muzokaralar olib borilgan. Shundan so‘ng O‘zbekistonga 100 mln dollarlik sarmoya kiritish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida asosiy bitim imzolandi.
Albatta, O‘zbekiston haqida bir qancha taassurotim bor edi. 2017 yildan keyingi o‘zgarishlarni ko‘rib, hatto biroz hayratlandim ham.
Qolaversa, Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga qilgan tashrifi davomida elchixonamiz, hukumatimiz saytlarida O‘zbekistonga sarmoya kiritish bo‘yicha tavsiyalar berilgach, shu yerga kelishga qaror qildim.
— Adashmayotgan bo‘lsak, “Minerva city” loyihasini amalga oshirish boshlanayotganda bosh vazir Abdulla Aripov, shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning shaxsan o‘zlari sizni qo‘llab-quvvatlashgan edi, to‘g‘rimi?
— Shubhasiz, ular bizni qo‘llab-quvvatlagan edi. Dastlab O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi tomonidan bosh vazir bilan uchrashuv tashkil etildi va o‘sha uchrashuvda bizga O‘zbekistonda biror loyihani amalga oshirish taklifi berildi. Bundan keyin biz Toshkent shahar hokimi bilan ham ko‘rishdik. Ularning qo‘llovidan so‘ng memorandumlar imzolandi.
Bu jarayonda juda ko‘p ishlar bo‘lib o‘tdi. O‘sha samarali uchrashuvlarimizdan so‘ng 2019 yilning 12 avgust kuni bosh vazir tomonidan investitsiya muhitini yaxshilash, xususan, “Minerva city”da aqlli shahrini qurish loyihasi bo‘yicha 5-sonli ishchi guruhi protokoli imzolandi.
Unga ko‘ra, hududda IT, tibbiyot va biznes markazlari, kutubxonalar, mehmonxona, golf-klub binosi, bog‘cha va xorijiy maktablar kabi muassasalar qurilishi reja qilingan.
Xuddi shu yilning 29 avgustida yana bir investitsion shartnoma “Minerva World of Knowledge” MChJ, O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida imzolangandi.
Shuningdek, orada o‘tkazilgan boshqa uchrashuvda hokimiyatdagilar ko‘ndirganidan keyin, Rohat ko‘lini rivojlantirish loyihasini ham o‘z zimmamga oldim. To‘g‘risi, bu ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan loyihaga uncha qiziqmagan edim. Men tushuntirdim, bu loyiha yetarlicha rejalashtirilmagan yoki loyihalashtirilmagan. Bu borada murosaga kelish mumkin edi, chunki boshqa loyihalarni allaqachon boshlagan edik.
O‘sha yili 23 oktyabrda “Lake City Township” MChJ, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida 397-sonli investitsiya shartnomasi imzolangan. Unga ko‘ra, loyihada Bektemir tumanida akvapark, basseynlar, ko‘ngilochar majmualar, restoran, shifoxona, mehmonxona, do‘konlar hamda shu kabi binolar qurilishi kelishib olingan.
— Loyiha boshida bosh vazir va hokimning sizga nisbatan munosabati qanday bo‘lgan va hozirga kelib bu munosabat nima sabab o‘zgarib qoldi?
— Ana endi nima uchun munosabatlar o‘zgargani haqida gapirsak. Bir necha oy o‘tdi, lekin “Minerva city” va “Lake City” loyihalari uchun to‘liq bosh rejani tasdiqlata olmadik. Men bu borada Toshkent shahar hokimi bilan uchrashib olishni so‘radim, ammo hokim bu taklifni rad etdi. Shundan keyin kutilmaganda prokuratura, ekologiya, yong‘in xavfsizligi boshqarmalari kabi davlat idoralari xodimlari quruvchilarning ishiga xalal bera boshlashdi.
Eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri bilan muzokaralarni yakunlab, endi shartnoma imzolaymiz deganimizda, ular birdaniga bundan voz kechishdi. Bilsak, Toshkent shahar hokimiyati ularga biz bilan shartnoma imzolamaslikni maslahat bergan ekan. Shahar hokimiyati nafaqat qurilish tashkilotlari, balki qator davlat idoralariga ham tez-tez tekshiruvlar o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar beribdi. Hokim bilan uchrashish borasidagi barcha so‘rovlarimiz esa rad etildi.
2021 yil mart oyida shahar hokimi meni chaqirib, qo‘pol muomala qildi. Menga 2 ta yo‘l qoldirishdi: yo loyihalarimdan birini, masalan, “Lake City”ni amalga oshirishdan rasman voz kechishim, yo 100 million dollarni bankka joylashim kerak edi (depozit sifatida – tahr.). Men hokimga kelishuvdan tashqari hech kim yangi talablar qo‘ymasligini, tadbirkor sifatida 7 yil ichida sarflanishi kerak bo‘lgan pulni kimningdir hojati uchun oldindan joylashtirish qiyinligini tushuntirdim.
Ammo hokim agar o‘z xohishim bilan shu ishdan birini qilmasam, “Minerva city”ni ham, qolgan barcha loyihalarim ham olib qo‘yilishini va O‘zbekistonda kun kechirishim qiyin bo‘lishini aytdi. Boshida shartnomani imzolayotganimizda, barcha kelishuvga amal qilinishi va majburiyatlar bajarilishi va’da qilgandi, endi esa hokim bu mamlakatda shartnomalar hech qanday rol o‘ynamasligini ta’kidlamoqda.
— “Minerva city” loyihasiga qancha pul sarflangan? Shundan qanchasi o‘z investitsiyangiz va qanchasi uy-joy uchun odamlardan olingan pullar?
— Loyiha uchun kiritgan jami sarmoyamiz salkam 30 mln dollarni, xaridorlardan tushgan mablag‘ esa 4,8 mln dollarni tashkil etadi. Va bunda barcha arxitektorlarga, konsalting xizmatlariga to‘langan summalar kiritilmagan. Umuman olganda, biz tomonimizdan “Minerva city” va “Lake City” loyihalariga 34 mln dollardan ortiq investitsiya kiritilgan.
Bu jarayonda O‘zbekistondagi hech qaysi bankdan kredit olinmagan.
— Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab fuqarolar hanuz “Minerva city”dan uy olisholmagani yoki pullarini qaytarishmagani bo‘yicha norozilik bilan chiqishdi. Bu muammoni hal qilish sizga bog‘liqmi?
— Ijtimoiy tarmoqlarda turli videolar bilan chiqayotgan fuqarolarning xavotirlarini albatta tushunamiz, ular kiritgan mablag‘lariga kuyib qolishdan, umidlari so‘nishidan qo‘rqishmoqda. Bu borada kompaniyamiz xaridorlar bilan suhbatlashib, 3 oy muddatda ularga mablag‘larini qaytarish bo‘yicha kelishuv qilishdi. To‘g‘ri, muammo hal bo‘lib qolgani yo‘q, lekin biz pullarni qaytarishda davom etyapmiz.
Ammo bu loyihalar to‘xtaydi, jarayon davom etmaydi degani emas. Biz O‘zbekiston prezidentining siyosatiga ishonamiz va umid qilamizki, muhtaram prezident men kabi investorlarni qo‘llab-quvvatlab, loyihani amalga oshirishimizda yordam beradi. Hatto ishonchim komilki, janob prezident bu vaziyatni o‘zgartira oladi va xaridorlarimiz bu uylarni olishida muammo bo‘lmaydi. Ularning yordamidan umidvormiz.
Shuni ham ma’lum qilamiz, “Minerva city”dagi ko‘plab xonadonlar tayyor bo‘lib qoldi.
— Turli nashrlar siz haqingizda salbiy xabarlar yozmoqda, go‘yoki Murari Lal Jalan bir nechta davlatda jinoyat sodir etib, qidiruvga berilgan. Bu gaplarga qanday izoh berasiz?
— Men dunyodagi biror mamlakatda qidirilayotganim yo‘q. OAV qanday qilib bu haqda gapirmoqda va bu xabarni qayerdan olishdi, bilmayman. Haqiqatan ham qidirilayotgan bo‘lganimda, jinoyat sodir etganimda O‘zbekistonning qat’iy qonunchiligi sabab allaqachon ushlangan bo‘lar edim. Mobodo, biz tarafdan qandaydir xatolik o‘tgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan choralar ko‘rilgan bo‘lar edi.
— Aka-uka Guptalarga aloqasi bor degan gaplarga qanday javob berasiz? Boisi Guptalar ko‘plab davlatlarda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar qilishda aybdor deb topilgan va hozirda qidiruvga berilgan ekan. Bu borada nima deya olasiz?
— Xo‘p, bu haqda bilganimcha gapirib beraman. Ko‘rib turganingizdek, hind nashri ham bu xabarni o‘zi aniqlab bergan emas, balki g‘arb OAVlaridan olishmoqda. Va men bunga batafsil to‘xtalmoqchi emasman.
Qolaversa, shuni bilamanki, bu yerdagi barcha gaplar ham to‘g‘ri emas. Chunki barcha xalqaro nashrlar: o‘sha g‘arbda ham, hindlarda ham bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan xabarlar berilyapti. Bittasi bunday desa, ikkinchisi umuman boshqa gapni aytyapti. Shuning uchun bularga ishonib qolish kerak emas.
Bundan tashqari, aka-uka Guptalarning meni loyihalarimga umuman aloqasi yo‘q. Ularning qarindoshlari orasidan bizga kelin yoki kuyov bo‘lib tushganlar bor, xolos. Qarindoshligimiz shunda, ular bilan boshqa hech qanday aloqamiz yo‘q. Biznes borasida ham yaqin emasmiz. Men barcha sarmoyani bankdagi hisobraqamimdan sarflaganman. Va bu hisobraqamim Dubayda joylashgan.
Investor manfaatlari himoya qilinmayotgani aytilmoqda
Minerva City loyihasi uchun 100 gektar yerni Toshkent viloyati va Zangiota tumani hokimlari ajratib bergan. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Toshkent viloyati prokurori sudga da’vo kiritib, unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari qonunchilik talablariga zid ajratilganini bildirgan va yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlarni bekor qilishni so‘ragan. Sud bu talabni qanoatlantirgan; keyingi instansiyalarda, xususan Oliy sudda ham dastlabki sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.
MJ Developers kompaniyasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, nafaqat “Minerva city”, balki “Lake city” loyihasi to‘xtatilishiga ham qurilish uchun yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlar bekor qilingani sabab bo‘lgan. Kompaniyaning hisoblashicha, har ikkala loyiha bo‘yicha ham uch tomonlama shartnomalarda qurilish uchun mo‘ljallangan yerlar xaritasi va manzillari aniq ko‘rsatilganiga qaramay, qarorlarni noto‘g‘ri chiqarish yoki noqonuniy bekor qilish orqali investor manfaatlari va uning O‘zbekistonga kiritayotgan investitsiyasi himoya qilinmayapti.
Kompaniya huquqshunosining aytishicha, mazkur jarayon 2019 yilda qabul qilingan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasi (Qonunchilikning investor uchun noqulay o‘zgarishlariga qarshi kafolatlar) buzilishiga olib kelmoqda. Investor tomoni sudlarda ish uchun ahamiyatli holatlar to‘liq o‘rganilmaganini da’vo qilmoqda.
Shuningdek, huquqshunosning qo‘shimcha qilishicha, “Minerva City” turar joylari uchun to‘lov qilgan 200 nafardan ziyod fuqarolar bilan kompaniya o‘rtasida tuzilgan asosiy shartnomalarga ko‘ra, ulushdorlarga shu yil dekabr oyida va keyingi yil yanvar-fevral oylaridan boshlab xonadonlar topshirilishiga kelishilgan. Ammo investorga bog‘liq bo‘lmagan muammo to‘satdan paydo bo‘lgandan so‘ng, kompaniya bo‘layotgan muammolar haqida mijozlarni oldindan boxabar qilish maqsadida ularni bosh sotuv ofisiga chaqirgan va pullarini qaytarib berish bo‘yicha kelishuvga erishishgan.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tahririyatdan: Kun.uz investor tomonidan ayblov ilgari surilgan rasmiy shaxslarning nuqtayi nazarini ham taqdim etishga tayyorligini bildiradi.
Mavzuga oid
18:02 / 21.12.2024
Lisenziyasiz faoliyat, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
21:28 / 19.12.2024
2025 yilda 43 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda
13:54 / 19.12.2024