11:02 / 02.12.2022
4376
Tramp maxfiy hujjatlarni saqlaganiga oid ish bo‘yicha sudda yutqazdi

Atlantadagi apellyatsiya sudi AQSh sobiq prezidenti Mar-a-Lago qarorgohida tintuv o‘tkazilganini uning huquqlarining buzilishi emas, deb topdi.

Foto: Reuters

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp joriy yilning avgust oyida Mar-a-Lagodagi qarorgohida rasmiy hujjatlar olib qo‘yilgani bo‘yicha federal apellyatsiya sudida yutqazdi. 1 dekabr, payshanba kuni Jorjiya shtatining Atlanta shahri sudi Tramp advokatlarining yuqoridagi hujjatlarni tekshirishga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi iltimosini rad etdi. Bundan tashqari, sud qaroriga ko‘ra, uning qarorgohida o‘tkazilgan tintuv sobiq davlat rahbari huquqlarini buzmagan. 

«Sobiq prezidentning uyida tintuv o‘tkazish haqidagi orderning ijro etilishi haqiqatan ham favqulodda hodisa. Biroq bu Adliya vazirligiga olib borilayotgan tergov harakatlariga aralashish huquqini bermaydi», - dedi sudya. 

Shu bilan birga, apellyatsiya sudi floridalik sudyaning qarorini bekor qildi, unga ko‘ra hujjatlarni tekshirish uchun maxsus ekspert tayinlanishi kerak edi. Sudning fikricha, bu faqat tergov ishini sekinlashtiradi va murakkablashtiradi. 

FQB 8 avgust kuni Donald Trampning Mar-a-Lagodagi qarorgohida tintuv o‘tkazdi. 12 avgust kuni Florida janubiy okrugi federal sudi AQSh Adliya vazirligi talabiga binoan tintuv qarori va unga qo‘shilgan bir nechta hujjatlarni maxfiylik maqomidan mahrum qildi, ularga ko‘ra Mar-a-Lagoda 11 quti maxfiy hujjatlar saqlangan.

O‘nlab hujjatlar «o‘ta maxfiy», «maxfiy» va «yashirin» deb tasniflangan. Prezidentlik muddati tugashi arafasida Tramp ushbu hujjatlarni o‘zi bilan olib ketgan, ammo AQSh prezidentlari qonun bo‘yicha barcha rasmiy hujjatlarni Milliy arxivga saqlash uchun topshirishi shart.

Ayni damda Tramp AQSh Adliya vazirligi tomonidan uchta qonun, jumladan, bir bandi milliy xavfsizlik ma’lumotlariga ega bo‘lishni taqiqlovchi josuslik to‘g‘risidagi qonunni buzish ehtimoli bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqda. 

Shuningdek, bu qonun buzilishining ehtimoliy holatlari bo‘lib, unga ko‘ra tergovga to‘sqinlik qilish maqsadida hujjatlarni bila turib yo‘q qilish, yashirish yoki qalbakilashtirish jinoyat hisoblanadi. 

Trampning o‘zi tintuvni siyosiy asoslarga ega deb hisoblaydi va AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden boshchiligidagi demokratlarni adliya tizimini suiiste’mol qilishda ayblaydi. 

Top