21:55 / 05.12.2022
13669

G‘arb Rossiyaning muzlatilgan zaxiralaridan faqat bir qismini topdi

Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiya Markaziy bankining valuta zaxiralaridan mahrum qilish rejalarini hali to‘liq amalga oshira olmadi. 

Foto: Reuters

Atlantika Kengashi (Amerikaning NATO qaramog‘idagi tahliliy markazi) xabariga ko‘ra, G‘arb muzlatilgan 300 milliard dollarlik aktivlarning atigi 80-100 milliard dollarini musodara qilishga muvaffaq bo‘lgan.

«Rossiya Markaziy banki bu mablag‘lardan foydalanish imkoniyatidan mahrum qilingan», deb yozdi Kengashning geoiqtisodiyot markazi raisi o‘rinbosari Charlz Lichfild.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari Markaziy bankning bloklangan aktivlaridan qolgan qismi qayerda ekani haqida hech qanday tasavvurga ega emas.

Atlantika Kengashi tahlilchisi tushuntirganidek, aktivlarning «muzlatib qo‘yilishi» ularni xorijiy banklar tomonidan Rossiyaga qaytarilishini taqiqlanganini anglatadi. Aks holda buni amalga oshirgan banklar dollar va yevro bilan ishlash huquqini yo‘qotadi.

2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Rossiya Banki zaxiralari 612,9 milliard dollarni tashkil etgan. Bu mablag‘ning yarmidan ko‘pi sanksiyalar qo‘llagan mamlakatlarga joylashtirilgan, jumladan, Germaniyada 15,7 foizi, Fransiyada 9,9 foizi, Yaponiyada 9,3 foizi, AQShda 6,4 foizi, Buyuk Britaniyada 5,1 foizi, Kanadada 2,7 foizi va Avstraliyada 2,5 foizi. Jami aktivlarning 51,6 foizi sanksiya qo‘llagan mamlakatlarda joylashgan bo‘lishi kerak edi. Shuningdek, xalqaro zaxiralarning 57,2 foizi «nodo‘st valutalar»ga to‘g‘ri keladi. Rossiya bankining o‘zi mamlakat xalqaro zaxiralarining yarmiga yaqini muzlatilganini tan olgan.

Top