O‘zbekiston | 20:34 / 09.12.2022
31126
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda shifoxonaning 120 yillik binosi SSV buyrug‘i bilan «parkovka» uchun buzib tashlandi

Toshkent stomatologiya institutiga qarashli bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi binosi sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan buzib yuborilgan. Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi bino yaroqsizligi bo‘yicha xulosa bermaganini aytmoqda. Qonunga ko‘ra Musayev vakolatlaridan chetga chiqqan bo‘lishi mumkin.

Foto: KUN.UZ

Muammo nimada?

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev 2022 yil 20 sentabrda imzolagan 255-son buyruq bilan Toshkent shahridagi Toshkent stomatologiya institutiga qarashli bir qavatli bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi binosi buzib tashlangan.

Binoni buzishdan maqsad Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun avtoturargoh qurish bo‘lgan. Buyruqda ko‘rsatilishicha, qurilish buyurtmachisi «Tibbiyot qurilish injiniring» unitar korxonasi hisoblanadi.

Musayev binoni buzishga buyruq berish vakolatiga egamidi?

Bino buzilishi ortidan paydo bo‘ladigan ilk savol shuki, sog‘liqni saqlash vazirining binoni buzish haqida buyruq chiqarishga vakolati bormi?

Prezidentning 2017 yil 23 yanvarda e’lon qilingan «Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi va viloyat, tuman, shahar hokimi mutlaq O‘zbekiston Respublikasi mulkida bo‘lgan davlat mulki obektlariga nisbatan ishlab chiqarish va ijtimoiy obektlarni samarali joylashtirish, tabiiy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza etish, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida nazoratni amalga oshiradilar. Bunda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xulosasiga ko‘ra yaroqsiz deb topilgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini buzib tashlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish huquqiga ega.

«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasi hamda yuqoridagi farmondan ko‘rinadiki, davlat mulkida bo‘lgan obektlarni buzishga faqat viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari  Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining xulosasiga ko‘ra qaror qabul qila oladi. Vazir Behzod Musayevda davlat mulki obektini buzish bo‘yicha vakolat bo‘lganmi yoki yo‘q, bunga vazirlik axborot xizmatidan tayinli javob ololmadik. Barchasi qonunlar asosida amalga oshirilganini aytgan Furqat Sanayev o‘zi va’da qilgan vaqt ichida tegishli asoslarni ko‘rsata olmadi.

Bino yaroqsiz deb topilmagan

Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmondan ko‘rinadiki, binoni buzishga buyruq chiqishi uchun ham avvalo Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining xulosasi olinishi kerak. Qurilish vazirligining Kun.uz’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, bino bo‘yicha buyurtmachi tashkilot, ya’ni «Tibbiyot qurilish injiniring» unitar korxonasi texnik ko‘rik uchun Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga murojaat qilmagan.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, inspeksiya xulosasidan keyin Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binoni baholab, auksionga chiqarishi, auksionda yutib olgan tadbirkorlik sub’yektigina binoni buzib olishi mumkin.  

120 yillik obekt

Bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi deb ataladigan bino Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Kichik halqa yo‘li 103-uyda joylashgan edi (hozir buzib yuborilgan). Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, bino 1901 yilda qurilgan. Oldin bino «Saraton kasalliklari bo‘limi (Rakovyy korpus)» deb atalgan. Bu binoda 1954 yilda rus yozuvchisi Aleksandr Soljyenitsin davolangan. Yozuvchi shu kasalxonada davolangandan keyin 1963–1966 yillarda «Rakovyy korpus» romanini ham yozgan.

Shu faktning o‘zi ham binoning tarixiy qiymati qanchalik baland ekanligini ko‘rsatadi.

Bino madaniy meros obektiga kiradimi?

Shu savol bilan Madaniy meros agentligiga yo‘llangan murojaatga javoban agentlik bino madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilmaganini ma’lum qildi. Binoni madaniy meros obektiga kiritish kimning vazifasi?

«Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarorida ko‘rsatilishicha, tarixiy-madaniy qiymatga ega bo‘lgan obektlarni Davlat kadastriga kiritish to‘g‘risidagi takliflarni tegishli ravishda obektlarning egalari yoxud joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan kelishgan holda hududiy boshqarmalar ham kiritishga haqlidir. Ya’ni bu holatda Yashnobod tuman hokimligi Madaniy meros agentligiga murojaat qilib, binoni madaniy meros obektiga kiritish bo‘yicha taklif berishi mumkin edi.

Bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi taqdiri nima bo‘ldi?

Kun.uz’ga berilgan ma’lumotga ko‘ra, bino 2022 yil sentabr oyida buzib yuborilgan. Bino buzilgunga qadar bo‘limda faoliyat yuritib kelgan shifokorlar va boshqa xodimlar Stomatologiya instituti sport zalining birinchi qavatiga ko‘chib o‘tib, ishlab yurishibdi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri chiqargan buyruqda ham bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi qayerda faoliyat olib borish kerakligi masalasi ochiq qolib ketgan.

Qonun buzilganmi?

Hozir Bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limining 120 yil oldin qurilgan binosi buzib bo‘lingan. Binoning buzib yuborilishi esa ayrim qonunbuzilishlariga sabab bo‘lgan.

Avvalo, yaroqsiz yoki yaroqliligi haqida xulosa berilmagan davlat mulki hisoblangan binoni buzish uchun buyruq berishga biror tashkilotning vakolati yo‘q. Mabodo bino yaroqsizligi aniqlangan taqdirda ham uni buzish hokimlar qarori asosida amalga oshiriladi. Uchinchidan, qurilganiga 120 yil bo‘lgan bo‘lsa, bu ancha qadimiy bino hisoblanib, tuman hokimligi Madaniy meros agentligiga binoni madaniy meros obektlari ro‘yxatiga qo‘shishni o‘rganish bo‘yicha murojaat qilishi kerak edi.

Va nihoyat bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi shifokorlari ayni damda sarson bo‘lib yurgani, ularning binosi olib qo‘yilib, tayinli bino ajratilmagani, tibbiy yordamga muhtoj bolalarga yetarli sharoitga ega bo‘lgan boshqa joy ajratilmagani ham masalaning og‘riqli tomoni.

Bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limining sobiq binosi yerlari ham uy yoki biznes markaz qurish uchun ajratib berilmaydi degan yaxshi gumonda bo‘lamiz. Biroq bino buzilganidan keyin hozirgacha uzoq vaqt davomida tashlab qo‘yilgani shubhalarga sabab bo‘lib turibdi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid