18:37 / 20.12.2022
7848
FIFA prezidenti jahon chempionatini har uch yilda bir marta o‘tkazishni taklif qildi

Avvalroq, Janni Infantino jahon chempionatlarini har ikki yilda bir marta o‘tkazishni taklif qilgan, biroq, keyinchalik bu fikridan qaytgan edi.

Foto: Reuters

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino jahon chempionatlarini har uch yilda bir marta o‘tkazish tarafdori.

Daily Mail xabariga ko‘ra, Infantinoning g‘oyasiga 18 noyabr kuni Qatarda yakunlangan JCh-2022 musobaqasining tijoriy va sport muvaffaqiyati sabab bo‘lgan. Turnirdan tushgan daromad rekord darajadagi 7,1 milliard yevroni tashkil etdi, bu 2018 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidagidan deyarli 1 milliardga ko‘pdir.

Qayd qilinishicha, 2030 yilgacha hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi, chunki ushbu sananing oxirigacha xalqaro taqvim bo‘yicha muzokaralar yakunlangan.

Hozirda jahon chempionatlari an’anaviy tarzda har to‘rt yilda bir marta o‘tkazilmoqda.

Oldinroq Infantino jahon chempionatlarini har ikki yilda bir marta o‘tkazishni taklif qilgan edi. Biroq, bu taklif taqvim tig‘izligi sabab mutaxassislar, murabbiylar va futbolchilar tomonidan keskin tanqid qilindi.

2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi. Unda 48 ta milliy jamoa ishtirok etadi. 2030 yilgi jahon chempionati mezboni hali saylanmadi.

Mavzuga oid
Top