G‘azoda an’anaviy Ramazon futbol turnirlari o‘tkaziladi. Bu yilgi turnirlar oldingilaridan farq qiladi. 5 kishilik jamoalardan iborat futbol turniri falastinlik qochoqlar lageriga urush vaqtida qanday quvonch olib kelayotgani haqida bolalar Al-Jazeera nashriga gapirib berdi.

Moat Raja Alloh 6 yillik tajribaga ega 19 yoshli futbolchi. G‘azodagi Ramazon futbol turnirlarining eng yaxshi o‘yinchilaridan biri sifatida tanilgan bu yigit hozirgacha 12 ta kubok va boshqa mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Bu yil Raja ham Ramazon futbol turnirini G‘azo sektorining markazida joylashgan Dayr al-Balahdagi As-Salah futbol klubidagi qochqinlar lagerida o‘tkazyapti. U va oilasi ham boshqalar kabi Isroilning G‘azoga urushi paytida qochqinlar lageriga ko‘chirilgan. Raja oilasi uchun iftorlikka tovuq sotib olish va Isroil hujumlaridan vayron bo‘lgan uyi ustida iftorlik qilishni orzu qiladi. “Ramazon turnirlari endi avvalgidek emas. O‘yinchilarda o‘tgan yillardagi raqobat, ishtiyoq va bayram muhiti yetishmayapti”, – dedi Raja Alloh.

1000 dan ortiq odam urush sabab besh oy avval futbol o‘yinlari va mashg‘ulotlar to‘xtab qolgan “As-Salah” futbol klubidan boshpana topgan. Klub ko‘chirilgan oilalarni ozroq bo‘lsa ham chalg‘itish uchun Ramazon oyida kichik futbol musobaqasini o‘tkazib turibdi. “Bu turnirni tashkil qilish orqali biz o‘zimizni ovuntiryapmiz, dunyoga G‘azoda hayot bor demoqchimiz. Eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan 2 ta jamoaga mukofot sifatida pul yoki oziq-ovqat yordam paketi beramiz. Bu unchalik ham to‘g‘ri emas, lekin shu ularga quvonch keltirishi mumkin”, – degan klubning sport ishlari bo‘yicha direktori Nabil Abu-Asr.

Oldingi Ramazon turnirlari kabi bo‘lmasa ham bu futbol turnirlari oilalarga bir lahzalik quvonch bera olyapti. O‘g‘li gol urganda onalar xursand bo‘lishadi, kichik bolalar ularga chetdan turib muxlislik qiladi. Yalangoyoq yoki yirtilgan etik kiygan bolalar palma daraxtlari bilan o‘ralgan ko‘chalar yoki yashash hududlari bilan o‘ralgan kichik futbol kortlarida o‘z mahoratlarini ko‘rsatishadi. Odamlarning qiy-chuvlari atrofda yurgan Isroil dronlari ovozini bosib ketadi. O‘yin tugagach yana urush haqiqati davom etaveradi.















