O‘zbekiston | 20:29 / 28.12.2022
113772
4 daqiqa o‘qiladi

Manba: SSV «Dok-1 Maks» voqeasini fosh qilganlarning o‘zini ishdan oldi

“Dok-1 Maks” siropi oqibatlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra 7 nafar mas’ul ishdan olingani haqida xabar berildi. Biroq ularning kimligi ma’lum qilinmadi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, o‘sha yetti nafar mas’uldan biri aynan mana shu “o‘lim dorisi” haqida yuqoriga xabar qilgan markaz direktori Azizov bo‘lishi mumkin.

Manbaga ko‘ra, ushbu shov-shuvli voqeani o‘rgangan vazirlik ishchi guruhi xulosasi bilan quyidagilar ishdan olingan:

1. Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari S.Mo‘minov;

2. Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi onalik va bolalik salomatligini rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi S.Rasulov;

3. Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori M.Azizov;

4. Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining gemodializ bo‘yicha mutaxassisi B.G‘aniyev;

5. Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OShP mudiri X.Muzaffarov;

6. Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OShP oilaviy shifokori U.Mahmudov;

7. Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OShP doya hamshirasi M.Siddiqova.

Ushbu ro‘yxatdagi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida ishlaydigan ikki mas’ulning ushbu voqeada qay darajada aybdorligi noma’lum, biroq Samarqand «Dok-1 Maks» dorisi savdoga chiqarilgan yagona hudud emas. Ya’ni Samarqanddagi tibbiyot muassasasida nobud bo‘lgan 18 nafar bolaning hammasi ham samarqandlik emas. Bu bolalarning qariyb yarmi boshqa viloyatdagi shifoxonada davolanayotib, og‘ir vaziyatga tushib qolganidan so‘ng Samarqandga olib kelingan. Agar bolalarning ahvoli og‘irlashishi bevosita «Dok-1 Maks» bilan bog‘liq ekan, buning uchun boshqarmadagi qaysidir mansabdor ishdan olinishi yechim emasligini aytmoqda manba.

«Bevosita Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori M.Azizovning ishdan olinish masalasiga to‘xtalsam. Butun boshli tizim illatlari, «Dok-1 Maks»ning «o‘lim dorisi» ekani aynan Azizovning xati sababli yuzaga chiqdi. U qanchadan qancha tibbiyot muassasalari rahbarlari yaqin kelolmagan haqiqat yuzaga chiqishiga sababchi bo‘ldi.

Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining gemodializ bo‘yicha mutaxassisi B.G‘aniyev ham viloyatda soha bo‘yicha juda noyob mutaxassis hisoblanadi. Uning ishdan olinishi esa shu kabi haqiqiy shifokorlarni sindirishdan boshqasiga xizmat qilmaydi. Hozir markazda hech kimning qo‘li ishga bormay qoldi, ko‘pchilik yaxshi mutaxassislar arizasini yozmoqchi», dedi manba.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev ishdan olingan yetti kishi haqida to‘liq ma’lumot berishdan o‘zini olib qochmoqda. 

Kun.uz manbasiga ko‘ra, bu yetti mas’ulning oldiga hozir kamera ko‘tarib borilgan taqdirda ishdan olingani haqida gapirmaydi. Ular bir necha oy – «Dok-1 Maks» sababli nobud bo‘lgan 18 bola voqeasi unutilguncha ishlab turishlari TAYINLANGAN. Ular mabodo asl holat haqida gapiradigan bo‘lsa, tizimdan butunlay chetlashtirilishi, yanada obro‘sizlantirilishi mumkinligi haqida OGOHLANTIRILGANi aytilmoqda.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid