12:08 / 09.01.2023
33305
SSSRda ishlab chiqarilgan GAZ-22 universal avtomobili o‘sha paytda nega aholiga sotilmagan?

O‘z shifokoridan: “Fenobarbital dorisidan o‘ntasini ichirsa, odamni o‘ldirishga yetadimi?” deya so‘ragan mashhur o‘zbek kim edi? Qadimda tajribali karvonboshilar sahrodan o‘tayotganda nega uloqlar bo‘yniga qo‘ng‘iroq ilib chiqqan? – “Zakovat” teleo‘yinining 2022 yil finalidan reportaj.

2022 yil finalida Jobir Ahmedov jamoasi ishtirok etdi.

  • Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):
  • Temur Mirzayev – turizm eksperti;
  • Hayotilla Rahmonov – aloqachi;
  • Jobir Ahmedov – shifokor (jamoa sardori);
  • Umid Narimov – faylasuf;
  • Azamat Qobilov – tarixchi;
  • Rushana Rajabova – filolog.

Yil finali o‘yinining 1-raundida marhum shoira Tursunoy Sodiqovaning ayrim xudobexabar ayollarga ularning kundoshlik bilan teng bo‘lgan yomon odatini tashlashi bo‘yicha murojaati haqidagi savol o‘ynaldi. Mazkur savolga Jobir Ahmedov to‘g‘ri javob topa oldi final bilimdonlarning hisobda oldinga chiqib olishi bilan boshlandi. Hisob – 1:0.

2-raundda Avstraliyadagi kompaniya telefon budkalari oldida uzun navbatlar hosil bo‘lmasligi uchun qanday chora o‘ylab topgani haqidagi savol tushdi. Jamoa bu savolga ham to‘g‘ri javob berdi va hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi.

Keyingi raund savoli Mixail Nesterov kartinasidagi harbiy amaldor haqida bo‘ldi. Bilimdonlardan kartinadagi voqealardan kelib chiqib, uning nomini topish so‘raldi. Ammo bilimdonlar kartina nomini topolmadi va hisob qisqardi.

Hisob – 2:1.

4-raundda mariy xalqiga tegishli ajoyib ibora haqidagi savol tushdi. Muhokama vaqtida jamoa to‘g‘ri javobga ancha yaqin borgan bo‘lsa-da, biroq daqiqa so‘ngida to‘g‘ri javobdan uzoqlashib ketildi. Shunday qilib, hisob tenglashdi – 2:2.

Teng kurashlar ostida ketayotgan o‘yinning 5-raundiga kelib, teletomoshabinlar ilk bor hisobda oldinga chiqib oldi. Qadimda tajribali karvonboshilar sahrodan o‘tayotganda nega uloqlar bo‘yniga qo‘ng‘iroq ilib chiqqani haqidagi savolga jamoa javob topa olmadi. Hisob – 2:3.

Navbatdagi raundda Arkadiy Averchenko asaridan olingan, inson tafakkuri mahsuli bo‘lgan  vayronkor kuch haqidagi savol o‘ynaldi. O‘yindagi eng qiyin savollardan biriga bilimdonlar to‘g‘ri javob bera olmadi. Hisob – 2:4.

7-raundda o‘zbek shifokori Qutbiddin Nizomov va uning mashhur mijozi o‘rtasida bo‘lgan suhbat asosida tuzilgan savol o‘ynaldi. Mijozning  shifokordan “Fenobarbital dorisidan o‘ntasini ichirsa, odamni o‘ldirishga yetadimi?” deya so‘ragani haqidagi savolni jamoa sardori Jobir Ahmedov o‘z bilimi va topqirligi asosida jamoasi foydasiga hal qildi. Hisob – 3:4.

Keyingi raundda Sobiq ittifoqda ishlab chiqarilgan GAZ-22 universal avtomobili nega aholiga sotilmagan, degan mazmundagi savol o‘ynaldi. Ushbu savolga esa bilimdonlar javob topa olmadi va hisob qaltis ko‘rinishga kelib qoldi – 3:5.

9-raund o‘yindagi so‘nggisi bo‘lishi mumkin edi, biroq tajribali bilimdonlar o‘yinni yana bir raundga uzaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu raundda jyentlmenlarga bir qoidani eslatib turuvchi noodatiy svetofor haqida savol o‘ynaldi. Muhokama jarayonida to‘g‘ri javobga chiroyli tarzda yetib borgan jamoa g‘alaba uchun kurashish imkoniyatini saqlab qoldi. Hisob – 4:5.

10-raundda yana bir suratli savol o‘ynaldi. Rassom Aziza Mamatova chizgan Alisher Navoiy suratida, Navoiy nega yenglari tushirilgan holatda tasvirlangan, degan savolga, afsuski, bilimdonlar javob topa olmadi va final o‘yini Jobir Ahmedov jamoasi uchun alamli tarzda mag‘lubiyat bilan yakunlandi.

Shunga qaramay, tajribali jamoa g‘alaba uchun borini berib o‘ynagani ko‘plab muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Finallarda teletomoshabinlar jamoasi g‘alaba qozonishi an’anasi esa davom etadigan bo‘ldi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi — Umidbek Rahmonov, Xiva shahri

Boshlovchi: Marhum shoira Tursunoy Sodiqova bir maqolalarida ayrim xudobexabar ayollarga qarata shunday yozadilar: Bu qiliqning otini nima deb atashni ham bilmayman. Bu kundoshlik bilan teng narsa. Aziz ayollar, bu sharmandalikdan o‘zingizni ehtiyot qiling. Ayol sha’niga yaxshi ish emas bu.  

Diqqat savol: Shoira uydagi, xonadondagi qanday yomon, ta’riflab bo‘lmaydigan illat haqida yozgan?

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Qaynonaning o‘z o‘g‘lini kelindan qizg‘anishi.

Jamoa to‘g‘ri javob berdi

Hisob: 1:0

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi - Dilbar Choriyeva, Muzrabot tumani

Boshlovchi: Mobil telefonlar bo‘lmagan paytlari ko‘chalardagi telefon budkalari juda ommabop bo‘lgan. Bir marta pul to‘lab soatlab gaplashish mumkin bo‘lgan. Tashqarida odamlar navbat kutib o‘tiraverishgan. Avstraliyadagi telefon kompaniyalaridan biri tirbandlikni kamaytirish maqsadida bir hiyla o‘ylab topadi.

Diqqat savol: Bir daqiqadan keyin kompaniya bunga qanday erishganini toping.

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Telefon trubkasini og‘irlashtirib qo‘yishgan va gaplashayotgan odam charchab qolgan.

Jamoa to‘g‘ri javob berdi

Hisob: 2 - 0

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi - Feruzbek Hayotov, Buxoro shahri

Boshlovchi: Diqqat, e’tiboringizni ekranga qarating.

Suratda Mixail Nesterovning nomi ikki so‘zdan iborat surati. Suratda amaldorning uyi tasvirlangan. Xona ichidagi mundirlari uning amaldorligini bildiradi. Atrofidagi ikki ayol unga xo‘mrayib qarab turishibdi.

Diqqat savol: Detallardan xulosa yasang va surat nomini toping.

Javobni Azamat Qobilov beradi: Chaqiruv (povestka) keldi

To‘g‘ri javob: Uy qamog‘i

Hisob: 2:1

Savol muallifi Feruzbek Hayotov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi – Sardor Qodirov, Uchquduq tumani, o‘rniga Nurmuhammad Abdujabborov ishtirok etadi.

Boshlovchi: Mariy xalq iborasini tinglang: agar birinchi joyda mehmon bo‘lsang, stolga yaqinroq o‘tir. Agar ikkinchi joyda mehmon bo‘lsang, eshikka yaqinroq o‘tir.

Diqqat savol: Bir daqiqadan keyin birinchi va ikkinchi joy qayerligini toping.

Javobni Umid Narimov beradi: Birinchi joy – to‘y, ikkinchi joy – aza marosimi.

To‘g‘ri javob: O‘g‘lingning uyiga borsang, stolga yaqinroq o‘tir, chunki u o‘zingniki.

Qizingning uyiga borsang, eshik yonida o‘tir, chunki u o‘zingniki emas.

Hisob: 2 - 2

Savol muallifi Sardor Qodirov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi – Huvaydo Xoliqova – Chust shahri. O‘rniga singlisi Mas’uma Xoliqova ishtirok etadi.

Boshlovchi: Nemis yozuvchisi Villi Maynkning “Marko Poloning g‘aroyib sarguzashtlari” asarida Lop sahrosidan o‘tayotganlarida keksa tajribali karvonboshilar har bir uloqning bo‘yniga qo‘ng‘iroqcha osib qo‘yishni buyurishi aytiladi. Yo‘lovchilar bu taraqa-turuq nega kerak, deb so‘rashganda, uning vazifasini tushuntirib beradi.

Diqqat savol: Nega ulovlar bo‘yniga qo‘ng‘iroqchalar ilishgan?

Javobni Hayotilla Rahmonov beradi: Qum bo‘roni ko‘tarilganda, ko‘rish imkoniyati pasayadi, saf buzilmasligi, karvon tarqab ketmasligi uchun ovozidan topib olishgan.

To‘g‘ri javob: Karvonboshilar bu ishni sarobga to‘la sahroga kishining hushyor tortib turish uchun qilishadi. Sarob odatda xayol chalg‘iganda paydo bo‘ladi, yo‘qsa, yo‘ldan adashib qolish mumkin. 

Hisob: 2 - 3

Savol muallifi Huvaydo Xoliqova 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi — Elyor Hasanov, Toshkent shahri.

Boshlovchi: Arkadiy Averchenkoda bir qissa bor. Unda shunday misralar bor: daryolar oqishi, magnit kuchi, elektr toki, radioto‘lqinlar. Bular sizga yaxshi tanish bo‘lgan kuchlar. Lekin inson aqlining mahsuli bo‘lgan yana bir shunday kuch borki, u barcha tabiat kuchlaridan ustun turadi. Yuqorida tilga olingan tabiat kuchlaridan hech qaysisi u kabi vayron qila olmaydi, kulini ko‘kka sovurmaydi. 

Diqqat savol: Inson tafakkuri mahsuli bo‘lgan u qanday kuch?

Javobni Umid Narimov beradi: Pul

To‘g‘ri javob: Arkadiy Averchenkoda xuddi shu nomdagi qissa bor. Asarning dastlabki bobida qissa nega shunday nomlangani haqida izoh bera turib, u shu ta’rifni bergan. Bu ta’rifning ham, qissaning ham nomi – “Yolg‘on”.

Hisob: 2 - 4

Savol muallifi Elyor Hasanov 8 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi — Shokir Ximaydinov, Termiz tumani.

Boshlovchi: Mashhur o‘zbek shifokori Qutbiddin Nizomovning eslashicha, bir kuni unga mashhur mijozi telefon qilib, “Fenobarbital dorisidan 10 tasini ichsa, odam o‘ladimi?” deb so‘raydi. Shifokor “Nega?” deb so‘raganida mijozi nega bu savolni berganini tushuntirib, uni tinchlantiradi.

Diqqat savol: Aniq ayting, ushbu mijoz kim edi?

Javobni Jobir Ahmedov beradi: O‘tkir Hoshimov.

Boshlovchi: adib shifokorga bu savolni berish orqali o‘zining eng yirik asari – “Ikki eshik orasi” romanidagi Munavvarning o‘limi haqqoniy chiqishini ta’minlagan. To‘g‘ri javob – O‘tkir Hoshimov edi.

Jamoa to‘g‘ri javob berdi.

Hisob: 3 - 4

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi — Saidakbar Maqsudov, Toshkent shahri.

Boshlovchi: Diqqat, e’tiboringizni ekranga qarating.

Bu SSSRda 1962-1970-yillar davomida ishlab chiqarilgan Gaz-22 universal avtomobilining surati. Bu avtomobil taksi, tez tibbiy yordam va davlat korxonalariga xizmat mashinasi uchun ishlab chiqarilgan. Oddiy xalqqa deyarli sotilmagan.

Diqqat savol: Nega oddiy xalqqa sotilmagan?

Jamoa klub yordamidan foydalandi

Javobni Hayotilla Rahmonov beradi:

Bu mashina tez yordam mashinasiga berilgani sabab, haydovchilik madaniyatiga binoan ularga yo‘l berilgan. Oddiy xalq shundan imtiyoz sifatida foydalana olmasligi sabab berilmagan.

To‘g‘ri javob: Bu avtomobil biznes qilish uchun judayam qulay bo‘lgan. SSSRda tadbirkorlik va xususiy biznes qilish qat’iyan taqiqlangan. Hukumat bu bilan aholining xususiy biznes bilan shug‘ullanishining oldini olgan.

Hisob: 3 - 5

Savol muallifi Saidakbar Maqsudov, 10 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi — Tursunxon Mamajonova, To‘raqo‘rg‘on tumani. 

Boshlovchi: Diqqat, e’tiboringizni ekranga qarating.

G‘alati svetofor. Jyentlmenlar svetofori deb atash mumkin. U svetoforda bir qoidani ham anglash mumkin. Sariq – ba’zan, yashil – har doim, qizil – hech qachon so‘zlari bilan ifodalangan.

Diqqat savol: Jyentlmenlar svetoforidagi so‘zlar nimaning joylashuviga qarab tuzilgan?

Javobni Hayotilla Rahmonov beradi: Klassik kostyumda uchta tugma bor. Tepasidagi ba’zan, o‘rtadagisi doim va pastdagisi hech qachon taqilmaydi.

Jamoa to‘g‘ri javob berdi.

Hisob: 4:5

Bilimdonlar jamoasi 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi — Do‘stmurod Nazarov, Sariosiyo tumani

Boshlovchi: Diqqat, e’tiboringizni ekranga qarating.

Aziza Mamatovaning 1995 yilda chizgan Alisher Navoiy surati tasvirlangan. Negadir hazrat Navoiy bu suratda yenglari tushirilgan holatda tasvirlangan.

Diqqat savol: Bu nimani bildiradi?

Javobni Jobir Ahmedov beradi:

“Hamsa” yozilmasdan avvalgi davr

To‘g‘ri javob: Aksariyat shoir va o‘sha davr yozuvchilari mana shu ko‘rinishda yurishgan. Tizzalardagi kitob sizga nimanidir ishora qilgan bo‘lgan bo‘lishi kerak edi. Sharq adiblari katta badiiy asarni tugallaganda ko‘cha-ko‘yda yenglarini osiltirib yurishgan. Tarixni yaxshi bilgan rassom Aziza Mamatova aynan shu xislatni o‘z suratiga kiritgan. 

Hisob: 4 - 6

Savol muallifi Do‘stmurod Nazarov 12 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi – Elyor Hasanov. Yolg‘on haqidagi savoli uchun Elyor Hasanov 100 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Finalning eng faol bilimdoni – Jobir Ahmedov.

Quyida o‘yinning to‘liq videosini tomosha qilishingiz mumkin:

Top