11:34 / 16.01.2023
41716
Toshkent shahriga yangi prokuror tayinlandi

Shaharning avvalgi prokurori Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga o‘tkazilgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Toshkent shahri prokurori etib tayinlandi.

Bu haqda bugun, 16 yanvar kuni Toshkent shahridagi jiddiy energetika muammolari ortidan o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

“Bugundan boshlab bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev shahar prokurori sifatida ishni boshlaydi. Bugundan boshlab qonun ustuvor, jazo muqarrarligini bajaradi Yo‘ldoshev”, dedi davlat rahbari. Bu yig‘ilishda poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan olinib, o‘rniga uning birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov v.b. etib tayinlandi.

Erkin Yo‘ldoshev muqaddam Toshkent prokuraturasida ishlagan, 2017 yil aprelida bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

U 2023 yil 14 yanvar kuni prezident farmoni bilan «III darajali davlat adliya maslahatchisi» maxsus unvoni (general-mayor unvoniga teng) olgan edi.

2021 yil fevral oyidan buyon Toshkent shahri prokurori bo‘lgan Ulug‘bek Qosimov 2022 yil dekabrida To‘ra Bobolov o‘rniga Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga o‘tkazilgandi.

Top