Elektr va gaz tariflarini erkinlashtirish may oyida yuz berishi mumkin
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyevning ma’lum qilishicha, elektr energiyasi va gaz narxlarini erkinlashtirish joriy yilning may oyiga mo‘ljallanmoqda.
Joriy yilning may oyidan O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz narxlari erkinlashtirilishi mumkin. Bu haqda Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev Gazeta.uz’ga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Liberallashtirish may oyida boshlanishi mumkin. Bu inflatsiya prognoziga kiritilgan”, degan u.
Avvalroq, Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan “Pul-kredit siyosatining 2023 yil va 2024-2025 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari”ga ko‘ra, asosiy ssenariyda elektr energiyasi va gaz narxlari bosqichma-bosqich bozor narxlariga yaqinlashtirilishi, muqobil ssenariyda esa elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari inflatsiya darajasida indeksatsiya qilib borilishi ko‘zda tutilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda tabiiy gaz va elektr energiyasi tariflari so‘nggi bor 2019 yil avgust oyida oshgandi. O‘tgan yili hukumat 1 iyuldan elektr va gaz bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflarni joriy etmoqchi bo‘lgandi. Lekin bu qaror qabul qilinmadi.
Energetikaga budjetdan subsidiyalar “xalqqa yordam bo‘lishi” uchun joriy qilingani iddao qilinsa-da, mutaxassislarning fikricha, bunday tizim soha rivojlanishiga to‘siq bo‘lib qolaveradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 2022 yil yakuni bo‘yicha parlamentga murojaatida energetika inqirozi masalasiga to‘xtalib, birinchi marta tariflarni tabaqalashtirish haqida gapirgandi. Ya’ni muayyan limitdan ko‘proq gaz va elektr ishlatadigan badavlat qatlam bozor narxida to‘lashi kerak, chunki bu resurslar davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya hisobiga arzon sotiladi. Shavkat Mirziyoyev tabaqalashtirilgan tariflarga va umuman erkin bozorga o‘tish bosqichma-bosqich bo‘lishini ta’kidlagandi.
Mavzuga oid
11:21
Markaziy bank Islomiy moliyaviy xizmatlar kengashiga a’zo bo‘ldi
19:16 / 12.12.2024
“Eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralarni ayirboshlashda cheklovlar yo‘q” – Markaziy bank
13:16 / 12.12.2024
Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
17:52 / 11.12.2024