15:23 / 28.02.2023
33383

Zilzila hududidan qaytgan qutqaruvchi eng ta’sirli va hayajonli hikoyalari bilan bo‘lishdi

18 kun davomida Turkiyadagi zilzila talafotlarini bartaraf etib, vayronalar orasidan 18 nafar tirik hamda 200 ga yaqin jabrlanuvchilarning jasadlarini olib chiqqan qutqaruvchilar hikoyasi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi o‘zi guvohi bo‘lgan eng ta’sirli holatlar, qiyinchiliklar, mehnatlar rohati va qutqaruv itlarining qahramonliklari haqida so‘zlab berdi.

Suhbatdoshimiz Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kinologiya xizmati rahbari Inomjon Nasrullayev bo‘ldi.

— Turkiyaga borishdan oldin ilk kutilmalar qanday edi? Birinchi kunda nimalarni tasavvur qildingiz?

— Qardosh Turkiyada bo‘lgan zilzila oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan 6 fevral kuni prezident topshirig‘i bo‘ldi. Biz jo‘nab ketish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan paytimizda yana bir qaytuvchi zilzila sodir bo‘ldi. Ikkinchi marta sodir bo‘lgan zilziladan keyin bizni Turkiyada nimalar kutayotganini, jabrlanganlar yanada ko‘payganini his qilib turardik.

Zudlik bilan samolyot bortiga qutqaruv texnikalari va kerakli asbob-anjomlarni joylashtirib, 100 nafar qutqaruvchi Hatay viloyatining Antakya shahriga yetib bordik. Yetib borishimiz bilan qidiruv-qutqaruv ishlariga jalb etildik. Ishga kirishishimizning dastlabki daqiqalarida o‘zimga biriktirilgan qutqaruvchilar bilan birgalikda binolar ostida qo‘li qisilib qolgan 62 yoshli ayolni qutqardik. Ayol binoga kirish mumkin bo‘lgan hududdan 15 metr ichkarida edi, bu degani qutqaruvchilar 15 metr joyga kirib borib, qutqaruv ishlarini olib borishi kerak edi. Bu juda ham tahlikali edi, chunki bir kishini qutqarish uchun 5-6 kishi o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishi kerak.

— Umuman, ish jarayonlari, yaratilgan sharoitlar, ish tartiblari qanday bo‘ldi? Bu ham ko‘pchilik uchun qiziq.

— Ish tartibimiz ikki smenali tashkil etildi. To‘rt guruhga bo‘linib, ikki guruh kunduz kuni, ikki guruh kechqurun ishladik. Natijada 18 nafar insonni tirik holda olib chiqdik. 192 nafar halok bo‘lgan insonni ham vayronalar ostidan olib chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Bizga berilgan hududdagi vayronalar ostida halok bo‘lganlar ham, jabrlanganlar ham qolmadi.

Hatto shunday holatlar bo‘ldiki, oldin qutqaruv ishlari olib borilib, ishlar tugagan binodan ham tirik insonni topdik. O‘sha vaziyatda qutqaruvchi itimiz odam bor ekanini xabar berdi. Turkiya harbiylari bu joyda qutqaruv ishlari tugagan, deb ruxsat bermasa ham, biz baribir u yerda 7 kun qolib ketgan insonni olib chiqdik.

— Xizmat itlari bino ichida tirik jon yoki vafot etgan inson borligini qanday sezadi va qay tarzda sizlarga yetkazadi?

— Agar tirik insonlar bo‘lsa, itlar aktiv tarzda, halok bo‘lgan bo‘lsa, passiv tarzda xabar beradi. Aktiv deganda, itlar ovoz orqali xabar beradi, passivda esa o‘sha nuqtaga termilib turadi, o‘tirib oladi. Itlar xabar bergan nuqtadan uzog‘i bilan 1,5 metr radiusda odamlar topildi. Bizning xizmat itlarining jangovar shayligini Ispaniya, Portugaliya, Turkiya, Bosniya qutqaruvchilar yuqori baholadi.

— Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida sizni ta’sirlantirgan holat haqida gapirib berolasizmi?

— Turk xalqining ko‘zi to‘q ekaniga amin bo‘ldim. O‘rganadigan jihatlarimiz bor ekan. Qidiruv jarayonlarida qimmatbaho buyumlar chiqqanda, siznikimi, deb so‘raganimizda bizniki emas, deb ketdi ko‘pchilik. Uy-joyi yo‘q, yeguligi yo‘q bir paytda birdamlikni, ko‘zi to‘qlikni saqlab birovning haqiga xiyonat qilishmagani menda juda katta taassurot qoldirdi.

Bino ostida qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil etayotgan paytimizda bir holatga duch keldik. Yoshi katta otaxon nevarasi bilan binodan qochib chiqish jarayonida o‘z quchog‘i ostida nevarasini himoyalab halok bo‘lgan ekan. O‘zi halok bo‘lsa-da, nevarasini asrab, uning tirik qolishiga sababchi bo‘lgan edi. Bolakayning ko‘z o‘ngida bobosi halok bo‘lgan va bir necha kun davomida yotgan. Balki, bola o‘zicha bobosi bilan suhbat qilgandir, uni uyg‘otgisi kelgandir. Shunaqa vaziyatlarni o‘ylasangiz... Endi hayotga qadam qo‘yayotgan bolaning ko‘z o‘ngida o‘z bobosi jasadi bir necha kun yotishi uning hayotida juda katta ta’sirini qoldiradi. Og‘riqli.

O‘zbekistonga qaytgach, ekrani singan telefonimni ta’mirlatish uchun telefon ustaxonasiga bordim. Nimaga telefoningiz bunday xarob ahvolga keldi, deb so‘radi usta. Gap orasida Turkiyada qidiruv-qutqaruv ishlarida qatnashganimni aytib o‘tdim. Shunda usta bizning nomimizdan ham yordam beribsiz, deb juda minnatdor bo‘ldi va telefonimni tekinga ta’mirlab berdi. Bu ham xalqimizning bag‘rikengligidan. Shunday xalqning farzandi ekanimdan farxlanaman.

— Qutqarilgan jabrlanuvchilarning yosh chegarasi qanday edi?

— Bir yoshli chaqaloq ham bor edi. 24 yoshli ayol, ikki farzandi va turmush o‘rtog‘i bo‘lgan. Ayolning uch yashar o‘g‘li va o‘zi vafot etgan, eri chiqib olgan. O‘sha joydan tirik qolgan bir yoshli bolani olib chiqqanmiz. Binoning holati juda xavfli edi, ammo qutqaruvchilarimizning malakali ekani qo‘l kelgan bizga. Bu — judayam og‘ir vaziyat. Bir yoshli bolaning ko‘z o‘ngida bunday holat bo‘lishi juda yomon. Eng keksasi 83 yoshli ayolni olib chiqdik. 1 yoshdan 83 yoshgacha.

— Eng kech qutqarilib, hamon yashayotgan jabrlanuvchilarning qolib ketgan eng uzoq muddati qancha bo‘ldi sizlar qutqargan odamlar ichida?

— Qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlaganimizning 11-kunida ham tirik jabrlanganlarni olib chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Bunda kapitan Bobur Pardayev qo‘l ostidagi qutqaruvchilar jamoasi tomonidan qutqarildi o‘sha inson. Bu hol juda xursand qiladi kishini. Jon saqlay olishiga sabab o‘sha inson qolib ketgan joyda biroz harakatlanish imkoni bo‘lgan. Shuning uchun bir holatda yotmagan, harakatlanib turgan. Vayronalarning markazida bo‘lgani sababli uni topish va yetib borish muddati cho‘zilib ketdi.

— Ma’lumki, 20 fevral kuni Turkiyaning Hatay viloyatida yana bir 6,4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Sizning jamoangiz o‘sha yerda edi. Nimalarni his qildingiz, qay holatda edingiz?

— Haqiqatda juda qo‘rqinchli vaziyat. Chunki 6,4 balli zilzila O‘zbekistonda bo‘lavermaydi. Birinchidan, stress holati, ikkinchidan esa o‘shanda qutqaruvchilarimiz tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilayotgan edi. Bu degani qutqaruvchilarning hayoti xavf ostida qolayotgandi. Shunday paytda vayronalar ostiga kirib ketgan qutqaruvchilar ko‘z o‘ngingizga keladi. O‘z tanangiz bilan zilzilani his qilib turasiz, ikkinchi tomondan safdoshlaringiz haqida qayg‘urasiz. Shukurki, har bir qutqaruvchimiz sog‘-salomat qaytib keldi.

— 18 kun davomida Turkiyada xizmat qildingiz. Boshqa davlatdan kelgan kasbdoshlaringiz bilan tajriba almashdingiz. Ularning texnikalari bilan, xizmat jarayonlari bilan tanishdingiz. Umuman, qanday xulosalar bilan keldingiz? Ular bilan o‘rtamizdagi farq qay darajada?

— Kelajakda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish jarayonida tirik qolgan jabrlanuvchilar sonini ko‘paytirishda xizmat itlarining o‘rni beqiyos. Biz bu narsaga yana bir marta amin bo‘ldik, boshqa davlat qutqaruvchilari ham ta’kidlab o‘tdi. Shuning uchun xizmat itlarining sifatini yaxshilash va sonini ko‘paytirish maqsadida kinologiya xizmati maydonini tashkil etishimiz kerak deb o‘ylayman. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari uchun ham aholi yashaydigan hududdan uzoqda o‘quv bazasi tashkil etiladigan bo‘lsa, qutqaruvchilarimizning malakasini oshirishda, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga ruhiy va jismoniy jihatdan tayyorlashda katta hissasini qo‘shgan bo‘lardi. 

Sardorbek Usmoniy suhbatlashdi.

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Top