13:30 / 19.03.2023
29525

O‘zbekiston yoshlar jamoasi - xokkey bo‘yicha Osiyo va Okeaniya chempioni

Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida xokkey bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan jamoalar o‘rtasida Osiyo va Okeaniya chempionati bo‘lib o‘tdi.

Foto: MOQ

O‘zbekiston U18 jamoasi barcha 5ta o‘yinda g‘alabaga erishib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. 

O‘zbekiston yoshlari Turkmaniston (5:0), Eron (14:1), Mo‘g‘uliston (7:4), Tailand (10:2) va BAAni (8:1) mag‘lub etishdi.

To‘purarlar poygasida jamoa sardori Jasur Rustamxonov peshqadam bo‘ldi. U 5ta bahsda o‘z hisobiga 26 ochkoni (14 gol va 12 golli uzatma) yozdirib qo‘ydi.

E’tiborlisi, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi uchun yana bir e’tiborli yangilik sodir bo‘ldi. David Prokofevdan keyin 19 yoshli Sergey Yermakov ham xalqaro toifadagi hakamga aylandi. Aynan Mo‘g‘ulistonda bo‘lib o‘tgan chempionatda IIHF hakamlikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Joel Hansson O‘XF hakamlik bo‘limi boshlig‘i Vladislav Kiselevga Yermakovning litsenziyasini topshirdi.

O‘zbekiston xokkey federatsiyasi mamlakat Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadlari mamlakatda xokkeyni rivojlantirish va ommalashtirishdan iborat. Qilinayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Mavzuga oid
Top