11:20 / 27.03.2023
5689

Isroil prezidenti sud islohotini to‘xtatishga chaqirdi

Itsxoq Gersog Isroil hukumatini «qonunchilik jarayonini zudlik bilan to‘xtatishga» chaqirdi. Universitetlar xodimlari ish tashlash, bir qator hokimlar va viloyat kengashlari rahbarlari ochlik e’lon qildi.

Foto: GPO

Isroil prezidenti Itsxoq Gersog hukumat, bosh vazir Benyamin Netanyaxu va hukmron koalitsiya a’zolarini sud tizimidagi bahsli islohotlarni to‘xtatishga chaqirdi. Gersog tegishli izohni 27 mart, dushanba kuni Twitter'da qoldirdi.

«Isroil xalqining birligi, mas’uliyatli manfaati uchun qonunchilik jarayonini zudlik bilan to‘xtatishga chaqiraman», — deb yozgan u. «Butun yahudiy xalqining nigohi sizda», deb qo‘shimcha qildi prezident.

Ayni paytda, The Times of Israel xabariga ko‘ra, bir guruh universitetlar 27 mart kuni ertalabdan hukumat rejalari va Netanyaxu hukumati tomonidan ilgari surilgan islohotlarni ochiq tanqid qilgan mudofaa vaziri Yoav Galantning ishdan bo‘shatilishi munosabati bilan umumiy ish tashlash e’lon qilgan.

Bayonotda aytilishicha, «Isroil demokratiyasi asoslariga putur yetkazuvchi va uni xavf ostiga qo‘yuvchi» qonunchilik jarayoni davom etayotgani munosabati bilan universitetlar rahbarlari, rektorlar va yuqori lavozimli xodimlar ta’lim jarayonini to‘xtatadi. Uning mualliflari vazirlar mahkamasi rahbari va koalitsiyadan keng konsensusga erishish uchun zudlik bilan muzokaralar boshlashni talab qilmoqda.

Ayni paytda, Kfar Saba va Gersliya merlari, Yuqori Jaliley va Shaar Hanegev mintaqaviy kengashlari rahbarlari hamda Zixron Yaakov mahalliy kengash rahbari ochlik e’lon qilishdi, deb xabar berdi 12-kanal. Ochlik aksiyasi Quddusdagi bosh vazirning idorasi oldida o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Top