O‘zbekiston | 19:19 / 30.03.2023
20086
4 daqiqa o‘qiladi

Bir yurtning turli taomlari: qozonpatirdan tandir go‘shtgacha

Foto: KUN.UZ

O‘zbek milliy taomlari haqida so‘z ketganda ko‘z o‘ngingizga eng avval palov kelsa-da, O‘zbekiston hududlarining o‘ziga xos milliy taomlari bor. Viloyatlarda mehmonlarga turlicha taomlar milliy ovqat sifatida taqdim etiladi.

Norin

Toshkentda aziz mehmonni norin bilan siylashadi. Dasturxonda albatta bu taom bo‘lishi kerak.

Jizzax somsa

Jizzaxning tandir somsasi ta’rifi chet ellik sayyohlarga ham yaxshi tanish. Toshkentdan Samarqandga yo‘lga chiqqan odam, albatta, Jizzaxda to‘xtab, somsa yeb ketadi. Jizzax somsasining o‘ziga xos ta’mi qolgan viloyatlardagidan hajmi, go‘sht va dumba yog‘ining mo‘lligi bilan farq qiladi.

Qozon patir

Ikkinchi Shveytsariya deb ta’riflanadigan Zominning qozon patiri ham tillarda mashhur. Qozonda pishiriladigan bu non tayyor bo‘lganida shakli qozonni eslatadi. Issiqligida unga kuvida tayyorlangan saryog‘ solishadi. Issiqda erib nonning o‘rtasida to‘plangan saryog‘ o‘ziga xos ta’m bag‘ishlaydi. Nonni bir chekkasidan sindirib, o‘rtasidagi saryog‘ga botirib iste’mol qilinadi.

Samarqand non

Samarqand nafaqat tarixiy obidalari, balki nonlari bilan ham mashhur. Tarixda Samarqanddan novvoylar olib borib boshqa shaharlarda non tayyorlatmoqchi bo‘lishgani, lekin o‘xshamagani haqidagi afsonalar mavjud.

Samarqand nonlariga bir sutka davomida ishlov beriladi va juda ko‘p kuch sarflanadi. Balki shuning uchundir, nonning o‘ziga xos mazasi, ko‘rinishi necha zamonlarki odamlarni hayratlantiradi.

Tuxum barak

Xorazmda mehmonni albatta tuxumbarak bilan siylashadi. Xamir ichiga tuxum solib tayyorlanadigan bu toamning ham bir necha turlari bor. Yoyib kesilgan xamir bo‘laklari ichiga tuxum solib, suvda pishirib olinadi va qatiq bilan dasturxonga tortiladi.

Shuningdek, Xorazm nonlari o‘zining katta va yupqa bo‘lishi bilan boshqa hudud nonlaridan ajralib turadi.

Tandir go‘sht

Qashqadaryoda aziz mehmonning oyog‘iga qo‘y so‘yib, butunicha tandirda pishirishlariga nima deysiz? Tog‘ archasi va ziravorlar bilan ishlov berilgan go‘sht yer tandirga osib chiqiladi. Tandirning og‘zi loy bilan suvaladi.

Tandir go‘shtini bir yegan odam uning ta’mini uzoq vaqtgacha eslab yurishi aniq.

Biqtirma

Qashqadaryoga qo‘shni bo‘lgan Surxondaryo viloyatida ham go‘shtli taomlar dasturxon ko‘rki hisoblanadi. Vohada tayyorlanadigan biqtirma taomi ham go‘shtdan iborat.

Qizigan qozonda yaxshilab qovurilgan go‘sht va bir oz piyoz to‘rt soat davomida suvda qaynatiladi. Ovqatning suvi ham go‘sht ta’mini beradi. Bunday tamaddidan so‘ng ancha vaqtgacha ochlik hissini tuymaysiz.

Devziradan osh

Vodiy tomonlarda devziraga bo‘lgan oshni sevib iste’mol qilishadi. Aziz mehmonlarni ham albatta shunday osh bilan siylashadi. Devzira guruch boshqa guruch navlaridan o‘zining hajmi va rangi bilan farq qiladi. Undan tayyorlangan osh ham, albatta, shunga monand bo‘ladi.

Mavzuga oid