23:50 / 10.04.2023
49635

«Bexavotir iching» - eng toza ichimlik suviga ega 10 ta mamlakat haqida

Yerdagi hayot tarzi uchun eng zarur ikki resursdan biri - suv. Sayyoraning 29 foizi quruqlikdan, qolgan 71 foizi suvdan iboratligi ko‘pchilikka ma’lum. Biroq suvning, ayniqsa, ichimlik suvining sifati hamma joyda ham bir xil emas. 

Foto: Getty Images

QS Supplies kompaniyasi turli mamlakatlarda ichimlik suvining iste’molga yaroqliligi, xavfsizlik darajasini aniqlash uchun Yel universitetining Ekologik samaradorlik indeksiga (EPI) murojaat qilgan. Qayd etish joiz, EPI dunyoning 180 ta mamlakatida ichimlik suvi sifatini o‘rganadi. Universitet mutaxassislari davlatlardagi suv sifatini xavfli suvlar sabab yo‘qotilgan hayot yillarini hisoblovchi ko‘rsatkich (bunda DALY koeffitsiyentidan foydalaniladi) orqali aniqlaydi. Shuningdek, tadqiqotda Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ma’lumotlaridan ham foydalaniladi.

Foto: QSsupplies

Mamlakatlardagi suv sifati 0 dan 100 gacha bo‘lgan balli mezonda baholangan. Reytingda O‘zbekistonga 54 ball berilgan. Qo‘shnilarimiz Qozog‘istonda 56 ball, Turkmanistonda 47,7 ball, Tojikistonda 31,7 ball, Qirg‘izistonda 47,3 ball va Afg‘onistonda esa 27,8 ball mavjud.

Quyida reytingda maksimum 100 ballni qo‘lga kiritgan eng toza ichimlik suviga ega 10 ta mamlakat haqida so‘z boradi.

Avstriya

Foto: Getty Images

Avstriya toza ichimlik suvi barcha aholisi uchun 100 foiz mavjudligi jihati bilan maqtana oladi. Shu bilan birga bu yerda suv sifati ustidan nazorat juda qattiq olib boriladi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi doimiy ravishda suv sifatini tekshirib, tasdiqlab turadi. Hukumat shahar, qishloqlarni artezian quduqlari, tabiiy buloqlardan keladigan suvlar bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ygan. Alp tog‘lari orqali keladigan shaffof, toza suvlar mahalliy kranlarda oqib turadi. Uni hech qanday filtrlashlarsiz iste’mol qilish mumkin. Avstriyadagi suv quvurlarining ko‘pi tog‘li hududlardagi suv manbalariga ulangan. 

Islandiya

Foto: Getty Images

Mamlakat o‘zining betakror muzliklari va ko‘p sonli go‘zal sharsharalari bilan mashhur. Ko‘p sonli tog‘lar va muzli daryolar evaziga mahalliy aholi krandan tushadigan suvni bemalol icha oladi. Shuningdek, Islandiyada dunyo sayyohlarini o‘ziga maftun qilib keladigan geotermal kompleks — «Havorang Laguna» (Blue Lagoon) joylashgan. Sayyohlar bu yerga «sutli issiq suv»ni ko‘rish va unda cho‘milish uchun oshiqadi. Islandiyada dunyoga mashhur premium toifasidagi Aqua angels suvi ishlab chiqariladi. U muzliklar qa’ridan qazib olinadi.

Shveytsariya

Foto: Getty Images

Ishonchli banklar, mazali pishloqlar va aniq vaqtni ko‘rsatadigan soatlar haqida gap ketsa, birinchi navbatda Shveytsariya tilga olinadi. Boshqa mahsulotlar singari Shveytsariyadagi ichimlik suvlari ham yuqori va betakror sifati bilan ajralib turadi. Suv sifatini Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi nazorat qilib boradi. Demoscope jamoatchilik fikri instituti o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, respondentlarning 80 foizdan ortig‘i krandan tushadigan suv sifatiga to‘liq ishonadi va uni doimiy iste’mol qiladi. Ba’zi jamoat tashkilotlari hatto faqat krandan keladigan suvni ichishga chaqiradi. Boisi bu suvlar do‘kon yoki restoranlarda sotiladigan suvlardan ekologik jihatdan tozaroq va 10 karra arzon.

Norvegiya

Foto: Getty Images

Tabiat suvlari bilan bog‘liq reytinglarda Norvegiya odatda doim bo‘ladi. Mamlakat yerusti suvlari tozaligi bilan mashhur. Bundan tashqari, bu yerdagi barcha ichimlik suvlari maxsus murakkab suv tozalash tizimidan o‘tadi va keyin aholiga taqdim etiladi.

Bu suvlarni hatto qaynatmasdan ham qo‘rqmay ichish mumkin. Bu ichimlik suvidan kasal bo‘lib qolishni o‘ylashning o‘zi xato. Suv ta’mi mazali. Sifatga esa tegishli davlat tashkilotlari javob beradi. Qayd etish kerak, Norvegiyada so‘nggi yillarda qadoqlangan suvlar sotuvi kamayib bormoqda. Bunga sabab qadoqlangan suvlarning qimmatlashuvi emas, balki norvegiyaliklarning o‘zi chanqog‘ini kran suvlaridan qondirishni afzal ko‘rayotgani aytilmoqda.

Zamonaviy, o‘ziga xos dizayndagi shishalarda taqdim etiladigan ko‘pchilikka mashhur Voss mineral suvlari ham Norvegiyaning janubiy muzliklaridan qazib olinadi.

Finlandiya

Foto: Getty Images

Finlandiyani «minglab ko‘llar mamlakati» deb atashadi va bu bejiz emas. Boisi suv resurslari va go‘zal tabiat manzaralariga boy mamlakat hududida ko‘llar soni 188 mingga yaqinligi aytiladi. Butun mamlakat hududida krandan tushadigan suvni qo‘rqmasdan iste’mol qilish mumkin. YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra esa Finlandiya dunyodagi eng toza ichimlik suviga ega mamlakat hisoblanadi.

Niderlandiya

Foto: Getty Images

Mamlakatdagi suv quvurlari zanglamaydigan metalldan tayyorlangan. Ulardan doimiy ravishda toza, sifatli suv mahalliy aholiga yetib boradi. Suv ustidan qattiq nazorat yo‘lga qo‘yilgan. Niderlandiyada boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi suvni tozalashdan xlordan foydalanilmaydi, bu taqiqlangan. Uning o‘rniga xavfsizroq bo‘lgan boshqa usullar bilan suvni tozalashadi.

Buyuk Britaniya

Foto: Getty Images

Ehtiyotkor, shu bilan birga konservativ hisoblanadigan Buyuk Britaniyada ichimlik suvi sifati o‘ziga xos sinchkovlik bilan nazorat qilinadi. Ingliz shaharlari, qishloqlarida suvning uchdan bir qismi yerosti suv manbalari, qolgan qismi esa daryolar, suv omborlaridagi zaxira suvlari orqali ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgan. Suv sifati, undagi bakteriyalar, kimyoviy elementlar miqdorini nazorat qilishda tizimli tarmoq yaratilgan.

Ichimlik suvi uydagi oshxona yoki restorandagi krandan tushishiga qadar 4 bosqichli tozalash jarayonidan o‘tadi. Britaniyadagi ichimlik suvining sifatli ekanligiga yaqqol dalillardan biri sifatida marhum qirolicha Yelizaveta II ham undan bemalol ichishi ko‘rsatilardi.

Malta

Foto: Getty Images

Maltada yerosti va dengiz suvlaridan foydalaniladi. Ha, noto‘g‘ri o‘qimadingiz. Dengiz suvlari sho‘r bo‘ladi, undan qanday foydalaniladi degan tabiiy savol tug‘iladi. Gap shundaki, mamlakatda dengiz suvidagi tuzlar maxsus zavodlarda yuviladi. Suvlar tuzsizlantirilib, iste’molga, foydalanishga chiqariladi. Bunday zavodlar 3 ta hududda joylashgan: Chirkeva, Pembruk va Gar-Lapsida. Shu sa’y-harakatlar ortidan Malta aholisi sog‘liq uchun eng foydali suvlardan birini ichish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Malta hukumati suv sifatini istalgan fuqaro tekshirib turish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun maxsus onlayn portal ham yaratgan.

Biroq shunga qaramay maltaliklar hozirda shisha idishlardagi suvni afzal bilmoqda. Boisi kran suvlari turli minerallar bilan boyitilgani sabab biroz qattiq bo‘lishi aholining shishali suvlarni tanlashiga sabab bo‘lib turibdi.

Irlandiya

Foto: Getty Images

Mamlakatda ichimlik suvi turli manbalardan olinadi — daryolar, ko‘llar va yerosti suvlaridan. Irlandiyada 1300 ga yaqin oqova suvni tozalash inshooti bor. Ular xususiy kompaniyalar, mahalliy hokimiyat va davlat idoralari tomonidan boshqariladi. Suvdan ifloslantiruvchi turli moddalarni olib tashlash, uni sifatli holatga keltirish va saqlashda filtrlash, dezinfeksiyalash kabi usullaridan foydalaniladi. Jarayon shunday amalga oshiriladi: suv filtrlanadi, keyin mavjud bakteriya va viruslarni yo‘qotish uchun dezinfeksiya qilinadi.

Shundan so‘ng suv xavfsizlik talablariga mos kelishi, zararli moddalardan xoli ekani tekshiriladi. Tozalangan suv keyingina quvurlar orqali xonadonlar va korxonalarga yuboriladi. Quvurlarning asosiy qismi temir, mis yoki PVXdan ishlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uy xo‘jaliklarining 99,6 foizi iste’molga yaroqli ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

Gretsiya

Foto: Getty Images

Mamlakatdagi chuchuk suv resurslarining 80–85 foizi yerusti suv manbalariga to‘g‘ri keladi, qolgani esa yerosti suvlariga. Suv resurslaridan foydalanishni hukumat tartibga soladi. Xususan, Atrof-muhit vazirligi suv resurslarini boshqarishga mas’ul bo‘lsa, Ichki ishlar vazirligi esa suv ta’minoti, kanalizatsiya xizmatlarini nazorat qiladi. Yirik shaharlardagi kran suvlari xavfsiz. Undan bemalol ichish mumkin. Suvni sifatli tozalash yo‘lga qo‘yilgan. Suv tarqatish tarmoqlari ham bir maromda ishlaydi. Suvi ichishga yaroqli bo‘lgani bilan Gretsiyada suv infratuzilmasi eskirgani aytiladi.

 

Mavzuga oid
Top