Iqtisodiyot | 22:22 / 12.04.2023
69819
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh «Ohangaronsement»ga sanksiya kiritdi

O‘zbekistonning «Ohangaronsement» zavodi AQSh sanksiyalari ostida qoldi. Alisher Usmonovning USM holdingi tarkibidagi «Metalloinvest», «Megafon» va Akkerman Cement CA («Ohangaronsement»ning aksiyadori) ham yangi sanksiyalar paketidan joy olgan.

Foto: Sputnik

O‘zbekistonning «Ohangaronsement» zavodi AQSh yangi sanksiyalariga uchradi. Shuningdek, 2022 yil boshida zavodning 98,6 foiz aksiyasini sotib olgan, Alisher Usmonovning USM holdingi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA ham cheklovlar ostida qoldi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi saytida ma’lum qilindi.

2021 yil may oyida Kiprning Lamanka Enterprises kompaniyasi «Ohangaronsement» zavodi ustav kapitalidagi 84,197 foiz ulushni sotib olgandi. Bitim summasi 557,6 milliard so‘mga baholangan edi. 2022 yil yanvar oyida Britaniya Virjiniya orollarining Giacinttar va Lamanka Enterprises kompaniyalari «Ohangaronsement»dagi ulushlarini 1,88 trillion so‘mga sotganini e’lon qildi. Keyinchalik xaridor Alisher Usmonovning USM holdingi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA ekani ma’lum bo‘lgandi.

AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bir qator kompaniyalar, jumladan Akkermann Cement CA bilan operatsiyalarni 11 iyulgacha tugatish talabini qo‘ygan.

OFAC jismoniy va yuridik shaxslarni milliy xavfsizlik, tashqi siyosat va sanksiyalar maqsadida ushbu ro‘yxatga (SDN List) joylashtiradi. SDN ro‘yxatidagi kompaniyalarning aktivlari bloklanadi. Amerika fuqarolari va shaxslariga ular bilan har qanday biznes yoki bitimlar olib borish taqiqlanadi.

AQSh hukumatining yangi sanksiyalar paketidan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga qarashli USM holdingi hamda uning tarkibidagi «Metalloinvest», «Megafon» kompaniyalariga qarshi cheklovlar ham joy olgan.

«Ohangaronsement» haqida

«Ohangaronsement» zavodi o‘tgan asr o‘rtalarida tashkil etilgan. 1970 yilda zavod, 1980 yilda ishlab chiqarish birlashmasiga aylandi. 1994 yilda xususiylashtirilib, aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Uzoq vaqt davomida korxonaning asosiy egasi Zeromax edi. 2006 yilda Rossiyaning «Yevrosement» kompaniyasi undan 75,5 foiz ulushni sotib oldi. Keyinchalik bu ulush 83,9 foizga yetkazildi. 2020 yilda «Yevrosement» qarzlari uchun Sberbank nazoratiga o‘tdi va sotuvga qo‘yildi.

«Ohangaronsement» 2020 yilda O‘zbekistondagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lgan va bozorda ustun maqomga ega kompaniyalardan hisoblanadi. Kombinatning 2021 yilning to‘qqiz oyida sof foydasi 188,8 milliard so‘mni, 2020 yilning to‘qqiz oyida 187,1 milliard so‘mni tashkil etdi.

Mavzuga oid