20:36 / 14.04.2023
8670

O‘tgan yili Eronda 600 ga yaqin odam qatl etildi 

Inson huquqlari tashkilotlari 582 odam qatl etilganini ma’lum qildi. Bu haqda rasmiy ma’lumotlar yo‘q. 

Foto: Christoph Hardt/Geisler-Fotopress/picture alliance

O‘tgan yili Eronda kamida 582 kishi qatl etilgan. Bu 2015 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu haqda «Eron huquqlari» va «O‘lim jazosiga qarshi birgalikda» inson huquqlari tashkilotlari hisobotiga tayanib Deutsche Welle xabar berdi. 

Huquq himoyachilari 333 ta qatlni qayd etgan 2021 yilga nisbatan o‘sish 75 foizni tashkil qildi. 

Qatl etilganlarning yarmidan ko‘pi giyohvand moddalar bilan bog‘liq, 49 foizi qotillikda ayblanib, o‘limga hukm qilingan. 

«Eron huquqlari» tashkiloti rahbari Mahmud Amiriy-Muqaddam so‘zlariga ko‘ra, Eronda qanday ayblovlar bo‘lishidan qat’i nazar, har bir qatl siyosiy xarakterga ega. Hukumat odamlar orasida qo‘rquvni kuchaytirish uchun siyosiy bo‘lmagan ayblovlar bilan qatllar miqdorini oshiradi, deb tushuntirdi huquq himoyachisi. 

Hisobotni tuzganlar o‘lim jazosini e’lon qilishda shaffoflik yo‘qligini ta’kidladilar: barcha qatllarning 88 foizdan ortig‘i rasman e’lon qilinmagan. 

2022 yil Eronda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. U 22 yoshli Mahsa Aminiy vafotidan keyin boshlandi. Politsiya uni «hijobni noto‘g‘ri o‘raganlikda» ayblab, hibsga olgan edi. So‘ngra qiz shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etdi. Norasmiy xabarlarga ko‘ra, u politsiya tomonidan kaltaklangan. 

Eronning yirik shaharlarida namoyishlar dekabr oyigacha davom etdi. Hukumatga qarshi harakatlarni bostirish paytida yuzlab odamlar halok bo‘ldi, minglab odamlar xavfsizlik kuchlari tomonidan hibsga olindi. Namoyishlarda qatnashgani uchun kamida to‘rt kishi qatl etilgan, yuzdan ortig‘i esa o‘lim jazosini kutmoqda. 

Top