Jahon | 13:14 / 16.04.2023
27538
9 daqiqa o‘qiladi

Sudanda harbiylar kurashi: kim kim bilan urushmoqda va mojaro qanday kelib chiqqan?

Sudan poytaxti Xartum va mamlakatning boshqa hududlarida boshlangan janglar mamlakat harbiy rahbariyatidagi hokimiyat uchun keskin kurashning bevosita natijasi bo‘ldi.

Xartum aeroportida quyuq tutun. 2023 yil 15 aprel. Foto: AFP / Scanpix / LETA

Ikkinchi kundirki poytaxtdagi muhim strategik nuqtalarda harbiy tuzilmalar - Tezkor reaksiya kuchlari (RSF) va muntazam armiya o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Kechadan buyon nimalar bo‘ldi?

  • Yakshanba tongida guvohlar Xartum, Omdurman va Bahri shaharlaridagi binolar og‘ir artilleriyadan o‘qqa tutilgani ovozlarini eshitishgan. 
  • Shuningdek, Qizil dengiz sohilidagi Port-Sudan shahrida otishmalar ovozlari eshitilgan, mojaroning birinchi kunida bu hududda harbiy harakatlar bo‘lmayotgandi. Sudan armiyasi RSF’ning yetti shahardagi, jumladan Port-Sudandagi bazasi ham egallangani to‘g‘risida e’lon qilgan, ammo bu ma’lumot boshqa manbadan tasdiqlanmagan.
  • Tongda Sudan qurolli kuchlari Tezkor reaksiya kuchlarining Efiopiya bilan chegaradagi Gedaref shtatidagi shtabi ustidan nazorat o‘rnatgan. Armiya shuningdek RSF’ning Meroedagi bazasiga avizarbalar bergan. Hududni qurshab olishga harakat qilinmoqda. 
  • RSF poytaxtda va undan tashqarida qator strategik obektlar, jumladan Darfurda mamlakat qurolli kuchlari bosh shtabi va harbiy kazarmalari ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qilgan.
  • Sudan shifokorlari kasaba-uyushmalariga ko‘ra, janglar boshlanganidan buyon tinch aholi vakillaridan kamida 56 kishi halok bo‘lib, 595 kishi tan jarohati olgan.
Poytaxt Xartumdagi kuchlar nisbati: ko‘k rangda isyonchilar, qizil rangda armiya kuchlari nazorat qilayotgan obektlar

Sudan suveren kengashi rahbari, mamlakat qurolli kuchlari boshlig‘i Abdulfattoh al-Burxon 15 aprel kuni kechqurun RSF tarqatib yuborilgani haqida ma’lum qildi, bugun esa uning qo‘mondonligidagi armiya isyonchilar bilan hech qanday muzokara o‘tkazilmasligini e’lon qildi. O‘z navbatida, RSF kuchlari al-Burxonni topish va qo‘lga olishga harakat qilmoqda. Shu tariqa, mojaro tomonlarida amalda vaziyatning keskinlashuvidan boshqa variant yo‘q.

Mojaro tarixi

2021 yil oktyabridagi davlat to‘ntarishidan keyin Sudanni generallardan tarkib topgan kengash boshqarmoqda va ularning asosiy ikkitasi o‘rtasida nizo kelib chiqqan.

Ulardan biri - general Abdulfattoh al-Burxon mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni va amalda mamlakat prezidenti hisoblanadi.

Ikkinchisi - uning o‘rinbosari va Tezkor reaksiya kuchlari qo‘mondoni general Muhammad Hamdon Dagalo, shuningdek Xemeti va Xamedti nomi bilan ma’lum.

Ular mamlakat qaysi yo‘ldan borishi va fuqarolik boshqaruviga o‘tish masalasida kelisha olishmagan.

Asosiy munozarali nuqtalar - bu Tezkor reaksiya kuchlarini (bu esa 100 mingga yaqin kishi degani) muntazam armiya tarkibiga kiritish va shundan keyin armiyani kim boshqarishi masalalaridir.

Nega barchasi 15 aprel kuni boshlandi?

Bir necha kunlik keskinlikdan keyin mojaro yangi bosqichga o‘tdi: Tezkor reaksiya kuchlari butun mamlakat bo‘ylab qayta joylashtirib chiqildi, armiya esa buni tahdid o‘laroq baholadi.

Vaziyatni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga bo‘lgan umidlar oqlanmadi - muzokaralar boshlanmadi.

Shanba tongida birinchi bo‘lib kim o‘q uzgani aniq emas, ammo bu allaqachon beqarorlashgan vaziyatni yanada yomonlashtirishidan xavotirlanishmoqda.

Diplomatlar ikki tomonni ham o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmoqda.

Tezkor reaksiya kuchlari qanday tuzilma?

Bunday guruhlar 2013 yilda Darfurdagi isyonchilarga qarshi vahshiy usullar bilan kurashgan va juda yomon reputatsiyaga ega bo‘lgan «Janjavid» politsiya kuchlari asosida tuzilgan.

O‘shandan buyon general Dagalo Yaman va Liviyadagi qurolli mojarolarda chiniqqan, Sudandagi oltin konlarining bir qismini nazorat qiluvchi kuchli harbiy tuzilma tashkil etdi.

General Muhammad Hamdon Dagalo Tezkor reaksiya kuchlariga rahbarlik qiladi. Foto: Reuters

Guruh a’zolari inson huquqlarini buzishda, jumladan 2019 yil iyunida 120 nafardan ortiq namoyishchi yoppasiga o‘ldirilishida ayblanadi.

Mazkur qudratli harbiy guruh armiyaga bo‘ysunmaydi va bu mamlakatdagi barqarorlikka katta tahdid soladi.

General Hamdon Rossiya bilan qanday aloqalarga ega?

Maktabni tamomlamagan, o‘tmishda tuya savdosi bilan shug‘ullangan general-leytenant Muhammad Hamdon Dagalo so‘nggi yigirma yillikda katta boylik va ta’sir doirasiga ega bo‘lib, hokimiyat cho‘qqilariga ko‘tarildi.

General Hamdon Darfurda 2003 yilda boshlangan va 300 ming kishi o‘limiga sabab bo‘lgan mojaro vaqtida sodir etilgan ommaviy qirg‘inlarda ayblanadigan «Janjavid» guruhi qo‘mondoni bo‘lgan. Bu mojaro tufayli millionlab kishilar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Hamdonning bu mojarodagi roli prezident Umar al-Bashirning e’tiborini tortadi va 2013 yilda uni «Janjavid» bazasida tashkil etilgan Tezkor reaksiya kuchlari rahbari etib tayinlaydi. Ammo 2019 yili al-Bashirning iste’fosi talab qilib boshlangan namoyishlardan keyin general Hamdon sobiq homiysiga qarshi chiqadi va uning hokimiyatdan chetlatilishida yordam ko‘rsatadi.

2019 yilda Tezkor reaksiya kuchlari Sudanda fuqarolik hukumati o‘rnatilishi talab qilingan demokratik namoyishlarni bostiradi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ular Yamanda Saudiya Arabistoni rahbarligidagi koalitsiya tarkibida ham yollanma kuch sifatida harbiy harakatlarda qatnashmoqda.

Sudanda Hamdonning manfaatlari oltin qazib olish va qurilish sohasi bilan bog‘liq. U shuningdek mintaqaviy siyosat bilan ham shug‘ullanib, Rossiya bilan aloqalarni rivojlantirgan.

2022 yil martida sudanlik mulozimlar 2020 yilda to‘xtab qolgan kelishuv tiklanishi rejalashtirilayotganini aytishgan, unga ko‘ra Moskva Qizil dengizdagi Port-Sudandagi harbiy-dengiz bazasini 25 yil muddatga ijaraga olishi mumkin.

O‘shanda Hamdon Moskvaga borgan va rossiyalik rasmiylar bilan, jumladan tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Hamdonning jangchilariga muntazam armiyadagidan ko‘ra yaxshi haq to‘lanadi va yaxshi qurollantirilgan

Sudandagi SUNA davlat axborot agentligi o‘shanda tomonlar oldingi barcha iqtisodiy, diplomatik va xavfsizlik sohasidagi kelishuvlarni davom ettirishga kelishib olganini yozgandi.

Joriy yil martida Sergey Lavrovning tashrifidan keyin Sudandagi harbiy rejim rossiyaliklarning harbiy-dengiz bazasi qurilishini ma’qulladi. Bu bazaga 300 ga yaqin harbiy va to‘rt kema joylashtirilishi mumkin. Buning evaziga Moskva Xartumni qurol va harbiy texnika bilan ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

16 mart kuni «Press-slujba Prigojina» telegram-kanali «Vagner» rahbarining New York Times muxbiri savoliga bergan javobi keltirildi, unda xususan shunday deyiladi: «biz... janob Xamedti bilan hech qanday aloqaga ega emasmiz».

Sudanni nima uchun harbiylar boshqaradi?

Dam olish kunlari boshlangan harbiy harakatlar - 2019 yilda prezident Umar al-Bashir hokimiyatdan chetlatilgandan keyin boshlangan keskinlikning navbatdagi avj olishi bo‘ldi.

Al-Bashir qariyb o‘ttiz yil mobaynida hokimiyatda bo‘lgan. Aholi uning ketishini talab qilib boshlagan ommaviy namoyishlardan keyin harbiylar davlat to‘ntarishi amalga oshirgan va hokimiyatni o‘z qo‘liga qo‘lga olgan.

Mamlakat fuqarolari esa shundan keyin ham demokratik boshqaruvga o‘tilishini talab qilishda davom etadi.

Natijada qo‘shma harbiy-fuqarolik hukumati tuziladi, ammo 2021 yilgi navbatdagi davlat to‘ntarishi oqibatida bu hukumat ham ag‘dariladi.

Shundan buyon general Burxon va general Dagalo o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib kelayotgandi.

O‘tgan yil dekabrida hokimiyatni tinch yo‘l bilan fuqarolar qo‘liga o‘tkazish bo‘yicha doiraviy kelishuvga erishilgandi, ammo tomonlarning ushbu o‘tish jarayoni tafsilotlari bo‘yicha o‘tkazgan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Foto: ANADOLU AGENCY

Bundan buyog‘iga nimalar bo‘lishi mumkin?

Agar harbiy harakatlar davom etsa, bu mamlakatni yanada parchalashi va siyosiy beqarorlikni yanada kuchaytirishi mumkin.

Aholini fuqarolik boshqaruviga qaytishga ishontirishda muhim rolni o‘ynagan diplomatlar ikki generalni muzokaralar stoliga qaytarish uchun yo‘l topishga harakat qiladi.

Ayni vaqtda oddiy sudanliklarni yana bir mavhumlik davri kutmoqda.

Mavzuga oid