22:41 / 10.05.2023
26839

Prigojin «ahmoq chol» deganda kimni nazarda tutganini aytdi 

U bir necha variantlarni keltirdi, ular orasida Putin yo‘q. 

Foto: Videodan kadr

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin 9 may kuni e’lon qilingan videoda «ahmoqqa aylanishi mumkin bo‘lgan baxtiyor chol» deganda kimni nazarda tutganini aytdi. Bu haqdagi savolni unga Rossiyaning RTVI tashviqot kanali berdi. 

Prigojin «ahmoq chol» sifatida uchta variantni taklif qildi. 

1. Rossiya Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari, general-polkovnik Mixail Mizinsev, «u bizga snaryadlar bergani uchun ishdan bo‘shatildi va endi u bizga snaryad bera olmaydi». May oyi boshida Mizinsev «Vagner» qo‘mondoni o‘rinbosari etib tayinlangan edi. 

2. Valeriy Gerasimov, Rossiya armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i, «bizga snaryadlarni berishi kerak, ammo biz yetarlicha snaryadlarni olmayapmiz, atigi 10 foizini olyapmiz». 

3. «Dom 2» teleshousining sobiq ishtirokchisi Natalya Xim. «U ijtimoiy tarmoqlarda bizga snaryad solingan qutilarni taklif qilgan». 

Bundan tashqari, «Vagner» rahbari, o‘zining yollanma askarlari hali ham «yetarli miqdorda» snaryadlar bilan ta’minlanmaganini, o‘ziga qarshi «axborot xuruji» o‘tkazilayotganini va Natalya Xim frontga bir necha quti snaryad olib kelganini aytdi. 

Avvalroq, Prigojin Meduza nashrining «ahmoq chol» haqidagi savoliga javob bermagan va buni «dushman nashri»ga ma’lumot bermasligi bilan izohlagan edi. 

9 may kuni Prigojin 30 daqiqalik videoni ijtimoiy tarmoqlarga joyladi. Unda o‘q-dori tanqisligi, Rossiya muntazam armiyasining qo‘rqoqligidan shikoyat qildi. Shuningdek, agar front parchalanib ketsa, «ukrainaliklar Rostovga kirib kelishini» aytdi. 

Bundan tashqari, Prigojin o‘z nutqida «hammasi yaxshi deb o‘ylayotgan baxtiyor chol» haqida ham gapirdi. «Agar tasodifan bu chol butunlay ahmoq ekani ayon bo‘lsa, urushda qanday g‘alaba qozonish mumkin?», degan edi Prigojin sirli tarzda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top