12:56 / 17.05.2023
8420

Ichki ishlarga xizmatga qabul qilinayotganlardan yakuniy suhbat o‘rniga test olinishi belgilanyapti

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlaridagi xizmatga qabul qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyiha prezidentning “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Loyihaga ko‘ra, ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilinayotgan nomzodlar uchun dastlabki sinov imtihonlari takomillashtirilmoqda. Bunda, nomzodlardan olinadigan yakuniy suhbat o‘rniga test sinovlari olinishi tartibi belgilanmoqda.

Mazkur loyiha bilan ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilinayotgan nomzodlardan olinadigan test sinovlarini tashkillashtirish va o‘tkazishda mas’ullarni aniqlash hamda belgilash, ularga huquq va majburiyatlar yuklash kabi masalalar bayon etilmoqda.

Jumladan, loyihaga ko‘ra nomzodlardan olinadigan test sinovlarida Ichki ishlar vazirligiga saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, test sinovlari topshirishga tavsiya etilgan nomzodlarning ro‘yxatini test sinovlari boshlanishidan o‘n kun oldin Agentlikka taqdim etish hamda guruh nazoratchilari va nomzodlarni test sinovlari o‘tkaziladigan hududga nazorat xizmati postlari orqali kiritish, tadbir jarayonida jamoat tartibini saqlash xavfsizlikni ta’minlash kabi vazifalar yuklatilmoqda.

Test sinovlarini tashkillashtirish, binolarni tayyorlash hamda nomzodlar uchun belgilangan savollar va javoblar blankalarini tayyorlash kabi vazifalarni amalga oshirish ishlari esa bevosita Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Shuningdek, loyihada nomzodlar test sinovlarida ishtirok etishlari uchun Agentlikda ochilgan alohida hisob-kitob raqamiga bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov amalga oshirishlari bilan bog‘liq tartib ham kiritilmoqda.

Top