19:51 / 17.05.2023
32370

Prigojin generallarga qarshi: «Putin oshpazi»ning ochiqcha ayblovlari nimaga olib kelishi mumkin?

Gap jangari oligarx va uning askarlari mavjud rejim uchun xavfga aylanib borayotganida emas. Shunchaki, urush davrida propaganda unisiga ham, bunisiga ham ta’sir o‘tkazolmay qoladi.

«Konkord» kompaniyasi matbuot xizmati / AP / Scanpix / LETA

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi va Rossiya mudofaa vazirligi o‘rtasidagi ochiq tortishuvlar davom etmoqda. Bu safar «Putinning oshpazi» Rossiya harbiy idorasiga xat jo‘natgani, unda Baxmut shahrida RF mudofaa vazirligi bo‘linmalari bilan bog‘liq muammolar aks ettirilganini gapirib chiqdi, shuningdek, harbiy xizmatga safarbar qilinganlardan RF MV bo‘linmalarida boshqaruv risoladagidek bo‘lmagani sababli «Vagner» XHK safiga qo‘shilish haqida ko‘plab murojaatlar bo‘layotganini bildirdi.

Kutilganidek, RF mudofaa vazirligidagi bekitiqcha ishlashga ko‘nikib qolgan janoblar Prigojinga nainki javob qaytarishdi, hattoki bu xatni qabul qilishni ham o‘zlariga ep ko‘rishmadi. Rossiya Davlat dumasining mudofaa qo‘mitasi a’zosi, general-leytenant Viktor Sobolev Prigojinning «RF MV bo‘linmalarida boshqaruv risoladagidek bo‘lmagani sababli» safarbar etilganlarni «Vagner» safiga qo‘shib olish taklifidan nihoyatda g‘azablandi: «Xususiy harbiy kompaniya — noqonuniy qurollangan guruh, u qayerda ro‘yxatdan o‘tgani va nimalar bilan mashg‘ulligi noma’lum», dedi u.

Boz ustiga, Sobolev safarbar qilinganlarning «Vagner» XHKga o‘tishni (o‘zboshimchalik bilan emas, rahbariyatning ruxsat bilan, albatta) va «chinakamiga jang qilish»ni istayotgan Rossiya askarlariga jinoiy javobgarlik bilan tahdid qildi.

«Agar ular harbiy qismga jo‘natilgan bo‘lsa, o‘sha yerda turishsin va oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishsin. Ular frontda bo‘la turib, armiyadan keta olishmaydi. Harbiy qismini o‘zboshimchalik bilan tark etishni taqiqlovchi bir qator qonunlar bor va bunga jinoiy javobgarlik belgilangan: 10 yildan 15 yilgacha», — dedi Dumadagi general.

Tabiiyki, Prigojinning javobi ham uzoq kuttirmadi. U darhol Sobolevni «karton qo‘ng‘iz» deb atadi va uni tayyorgarlik ko‘rib, «frontga daf bo‘lish»ga chaqirdi.

Bu dahanaki janglarning barchasi Putinning o‘zi yaratgan Prigojin endi uning uchun katta bosh og‘riq va katta muammoga aylanganidan guvohlik berib turibdi, deb yozadi jurnalist va tarixchi Aleksandr Jyelenin.

Agar Dumadagi «karton» generallarning, hattoki «o‘zlari»ga ot choptirayotgan Prigojin hamon frontda va o‘z harbiy kompaniyasiga rahbarlik qilayotgan ekan, demak uning o‘zi ham, kallakesarlari ham Putinga hozircha kerak ekanini bildiradi. Lekin Putin uchun u muammoligicha qolaveradi va uni birinchi imkoniyatdayoq hal qilishiga shak-shubha yo‘q. Lekin hozir emas.

Shu kunlarda jangari oligarx Prigojin Putinni ochiqdan ochiq bo‘lmasa ham, «qog‘ozga o‘ragan» holda «boboy» va «vaysaqi» deb atadi. «Boboy» esa bunday narsalarni kechirmaydi. Birinchidan, u o‘zini nihoyatda, telbalarcha sevadi, ikkinchidan, u «organ»dan chiqqan, bir vaqtning o‘zida davlatning byurokratik apparati qismi va uning yetib bo‘lmas cho‘qqisi sifatida — o‘ta subordinatsiyalashgan mavjudot.

Bir paytlar uning sevimli xodimi va do‘sti Aleksey Kudrin o‘sha paytdagi bevosita boshlig‘i, bosh vazir lavozimini egallab turgan Dmitriy Medvedev bilan bahslashishga uringani uchun moliya vaziri lavozimidan bo‘shatilgan edi. Kudrin, Putin siymosidagi «tanka»ga ega bo‘lib, shunday qilishim mumkin deb o‘ylagandir, lekin Medvedevni qancha masxara qilmasin, Kudrinni qanchalik yaxshi ko‘rmasin, Kreml hukmdori uchun subordinatsiyaning buzilishi — og‘ir gunoh sanalardi.

Vladimir Putin va Aleksey Kudrin. Foto: Kremlin Pool / Global Look Press

Xullas, Kudrinning o‘shandagi osiyligi Prigojin hozir gapirayotgan va qilayotgan ishlar oldida holva. Oddiy sharoitda Putin allaqachon o‘z «oshpaz»ining ustidan asfalt bosib yuborgan bo‘lardi. Biroq, 2022 yilning 24 fevralidan so‘ng Kreml hukmdori barcha narsani, jumladan, o‘zi uchun ham shu qadar murakkablashtirib yubordiki, orqavarotdan ish qilib yuradigan odamlari omma oldida ko‘rsatayotgan «hunar»lari uchun ham tishini tishiga qo‘yib chidashga majbur.

Lekin bular ma’lum bir fursat yetib kelguncha, albatta. Prigojin juda haddidan oshib ketdi va Putin uchun yanada xavfli bo‘lib bormoqda. U ommaviy chiqishida vagnerchilar tanqis o‘q-dorilarni front old chizig‘idan qochib ketayotgan armiya askarlarini otib tashlash uchun sarflayotganini aytib, mudofaa vaziri Shoygu va Rossiya armiyasi bosh shtabi rahbari Gerasimovning basharasiga tuflagani — hali musibatning yarmi. Asosiy muammo shundaki, Prigojin tizim uchun yanada xavfliroq gaplarni gapirib yuborishni o‘ziga ep ko‘rmoqda.

Bu ma’noda Prigojin tizim odamidan tizimga qarshi odamni farqlovchi qizil chiziqni ko‘rsatib qo‘yib, tanqidlarini o‘z vaqtida to‘xtatgan Igor Strelkov-Girkindan ko‘ra Kreml uchun xavfliroq sanaladi.

Bu yerda hammasi oddiy. Hozirgi Rossiyadagi tizim — Putinning o‘zi. Sen istalgan insonni istaganingcha tanqid qilishing mumkin, lekin Putin taxtda bo‘lishiga tarafdor bo‘lsang, tizim ichidasan. Yoki aksincha: sen Rossiyaga cheksiz muhabbatingni nechog‘lik izhor etishingdan qat’i nazar, Putinga qarshi bo‘lsang — tizimdan tashqarida va dushmansan.

«Muxolifatchi» va tanqidchi Girkin buni tushunib yetdi. Yaqinda u «Putinga qanchalik tanqidiy munosabatda bo‘lmay, hozir u Rossiya Federatsiyasidagi yagona legitim figura. Hozir uni taxtdan ag‘darish, uning kasal bo‘lishi, chetlashtirilishi Rossiya Federatsiyasining parchalanishini bildiradi», dedi. Oraliq nazoratdan o‘tdi, xullas…

Girkindan farqli o‘laroq, Prigojin Putinni va mudofaa vazirligini tanqid qilishda barcha chegaralarni buzib tashlamoqda.

Birichidan, Kreml «oshpazi» «maxsus harbiy amaliyot»ni shunchaki urush deb o‘tirmasdan, «ahmoqona urush» deb atadi. Bu so‘zlardan bu urush bema’ni ekani, umuman kerak bo‘lmaganini tan olish uchun yarim qadam qoladi.

Ikkinchidan, vagnerchilar qo‘mondoni Rossiya askarlarini isyonga chorladi:

«Bu rus askari atrofda nimalar bo‘layotganini anglab yetib, boshini ko‘tarsa, aminmanki, uni kim o‘lishga qo‘yib berayotganini aniqlab oladi va uni fojiaga mubtalo qilganlarning ketini fashistlarning belgisidek qilib yirtadi».

«Vagner» XHK jangarilari. «Kepka Prigojina» Telegram kanali.

Boshqa bir vaziyatda Putin allaqachon Prigojinni yo vagnerchilarning bizneslari joyida bo‘lgan Afrikaga jo‘natib, yoki jismonan yo‘q qilib muammoni hal qilgan bo‘lardi. Lekin ayni hozir Kreml hukmdoriga o‘z oshpazining o‘n minglab fanatik va qonxo‘r jangarilari kerak. Bu holatda Prigojin Putinning o‘ziga ham, uning a’yonlari uchun ham juda xavfli. Chunki rus askari uni aslo birov hujum qilmagan «Rossiya uchun» emas, Kreml hukmdori panjara ortida emas, o‘lgunicha taxtda o‘tirishi uchun birodar xalqqa qarshi qonli jang qilishga tashlashganini anglab yetadigan fursat tobora yaqinlashmoqda.

Internetda tarqalgan boshqa iqrorliklarni ham eslash mumkin. Masalan, Ukrainada «ruslar ruslarga qarshi urushayotgani»ni tan olgan rossiyalik zobitning so‘zlarini. Ukrainlar, tabiiyki, bu gapga rozi bo‘lmaydi, chunki ular o‘zlarini rus deb hisoblashmaydi, biroq bu yerda boshqa narsa muhim. Kreml propagandasi ish berishdan to‘xtaydi yoki Putin rejimiga qarshi ishlay boshlaydi — chayon dumi bilan o‘zini chaqadi.

Odamlar rahbariyat o‘ylaganidek ahmoq emas. Bulgakovning so‘zlari bilan aytilganda: odamlar odamlardek edi, Putin ularni buzdi, lekin sog‘lom fikr, hamdardlik ularning miyalari va yuraklarini qayta ishg‘ol etmoqda.

Urush — propaganda bilan o‘zgartirilgan idrokni davolashning shafqatsiz, lekin yagona davosi. O‘z vaqtida Nikita Xrushchyov aytganidek, «nafaqat turmush, to‘rt musht ham ongni belgilaydi» («ne tolko bytiyo, no i bitiye opredelyayet soznaniye»). Ya’ni oddiy hayotda o‘nlab yillar talab qilinadigan narsalarga, urush vaqtida ko‘pincha bir-ikki yilda erishiladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top