19:01 / 21.05.2023
24216

«Baxmut Rossiya tomonidan egallanmagan». Zelenskiy - shahardagi vaziyat haqida

Ukraina prezidenti ukrain harbiylari Baxmutdaligi va ular juda muhim vazifani bajarishayotganini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya kuchlari so‘nggi oylarda asosiy shiddatli janglar kechayotgan Donetsk oblastining Baxmut shahrini hali to‘liq egallamaganini ma’lum qildi. Ukraina yetakchisi bu haqda Yaponiyaning Hiroshima shahrida bo‘lib o‘tayotgan G7 sammiti doirasidagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

«Biz jangchilarimizning jasorati va o‘z aqlimiz tufayli shaharni ushlab turibmiz va kurashyapmiz. Biz odamlarni o‘limga tashlab ketmaymiz, biz uchun odamlar — xazina, bu bizda mavjud bo‘lganlarning eng asosiysi.

Hech qanday tushunmovchilik yo‘q. Men Baxmutda nimalar bo‘layotganini aniq tushunib turibman. Va bularning barchasi nima uchun qilinayotganini aniq tushunamiz. Men harbiylarimizning taktik qarashlarini sizlar bilan bo‘lisha olmayman… ammo biz tushunib turibmizki, yana ozgina qoldi va biz g‘alaba qozonamiz.

Bugun harbiylar o‘ta muhim vazifalarni bajarmoqda, ular Baxmutda bo‘lib turibdi, aynan qaysi nuqtalarda ekanini — men sizlarga aytmayman, ammo shuni aytishim mumkinki, Baxmut bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi tomonidan egallab olinmagan. Buning ikki yoki uchinchi talqini bo‘lishi mumkin emas», – degan Ukraina rahbari.

Mamlakat yetakchisidan iqtibos keltirgan «Ukrainskaya pravda» nashrining qayd etishicha, bu so‘zlari bilan u o‘zining sammit doirasida AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvi boshlanishi arafasida Baxmut haqida aytgan so‘zlari yuzasidan aniqlik kiritdi. Jurnalistlar uning dastlabki javobini shahar boy berilgani tasdig‘i sifatida talqin qilishgandi, ammo ko‘p o‘tmay Zelenskiyning matbuot xizmati u aslida rossiyaliklarning RF kuchlari shaharni egallab olgani to‘g‘risidagi bayonotini rad etganini ma’lum qilgandi.

O‘z navbatida, Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Ukraina qurolli kuchlari hozirda Baxmutning faqat kichik qismini nazorat qilayotganiga qaramay, uning mudofaasi o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini aytdi.

«Biz amalda Baxmutni taktik qurshovga olishga yaqinlashyapmiz», – degan Sirskiy.

  • 20 may kuni «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin Baxmut uning otryadlari tomonidan to‘liq ishg‘ol etilgani va nazoratga olinganini aytib chiqqandi. Keyinroq RF mudofaa vazirligi ham «Artemovskni ozod etish amaliyoti yakunlangani» (Baxmutning sovetcha nomi) haqida bayonot berdi. RF prezidenti Vladimir Putin yollanma jangchilar va harbiylarni amaliyot yakunlangani munosabati bilan tabriklagan.
  • Ukrainalik harbiylar va rasmiylar shahar Rossiya kuchlari tomonidan egallangani haqidagi xabarlarni rad etmoqda. Ukraina QK bosh shtabi shahar uchun janglar davom etayotganini ma’lum qilgan. Ukraina QK Sharqiy qo‘shinlar guruhi spikeri Sergey Cherevatiy ukrain harbiylari shaharning janubi-sharqidagi pozitsiyalarni ushlab turishda davom etayotganini bildirgan. Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Rossiya kuchlari shahar atrofidagi tepaliklarning bir qismi ustidan nazoratni boy bergani va Ukraina QK Baxmutni qurshab ola boshlaganini ma’lum qilgan.

 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top