21:46 / 05.06.2023
38015

Rossiya Ukrainaning «keng ko‘lamli hujumi» boshlanganini e’lon qildi. Bu to‘g‘rimi?

Vaziyat juda tez o‘zgarmoqda.

Foto: Viacheslav Ratynskyi / Reuters / Scanpix / LETA

Frontda amalda nimalar bo‘lmoqda?

4 iyun kuni va 5 iyunga o‘tar kechasi Ukraina qurolli kuchlari Janubiy Donetsk yo‘nalishida, ya’ni Ukrainaning Donetsk va Zaporijjya oblastlari ma’muriy chegarasida, Vuhledar atrofida hujumga o‘tgan. RF mudofaa vazirligi buni «keng ko‘lamli hujumning boshlanishi» deb baholadi va hujumda ukrainlarning sakkiz bataloni (to‘rt-besh ming kishi) ishtirok etganini ma’lum qildi. Ammo drondan olingan va Rossiya mudofaa vazirligi va rossiyalik harbiy muxbirlarning telegram-kanallarida tarqatilgan videoyozuvda tarkibi son jihatdan bitta rotanikidan ortiq bo‘lmagan (yuz kishi atrofida) kuchlar ishtirokidagi bir necha hujum qayd etilgan. Yozuvga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarining front chizig‘idan maksimal ilgarilashi bir yarim kilometrni tashkil etgan. Videoda aks etgan jang maydoni mana bu havoladagi joyga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari chindan ham bir qancha texnikalaridan ayrilgan: Rossiya tomoni e’lon qilgan videoda ukrainlarning yonayotgan zirhli mashinalari aks etgan; jangdan keyin rossiyalik harbiylar zarbaga uchragan va jang maydonida qoldirilgan International MaxPRO rusumli beshta avtomobilni videoga olishdi (boshqa so‘z bilan aytganda, Donetsk oblastining Velikaya Novoselka qishlog‘i atrofidagi kamida bitta uchastkada jang maydoni RF qurolli kuchlari nazorati ostida qolgan).

Shu bilan birga, «DXR»dagi ko‘zga ko‘ringan harbiy arboblardan biri, Vladimir Putin tomonidan Rosgvardiya rahbarining okkupatsiya ostidagi hudud bo‘yicha o‘rinbosari Aleksandr Xodakovskiyning aytishicha, Ukraina qurolli kuchlari yo‘nalishlardan birida «muvaffaqiyatga erishgan» — Velikaya Novoselka va Vuhledar o‘rtasida (hozircha tomonlardan hech biri bu hududdan video e’lon qilgani yo‘q). Xodakovskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrainlar radioelektron urush va bostirish vositalari bilan Rossiya bo‘linmalarining aloqalarini ma’lum vaqtga o‘chirib qo‘ygan, shundan keyin ular RF qurolli kuchlari saflarini buzishga muvaffaq bo‘lgan.

Ukraina tomoni qarshi hujum boshlanganini inkor etmoqda

Ukraina qurolli kuchlari strategik kommunikatsiyalar boshqarmasi bu masalada bergan bayonotda Rossiya qo‘shinlari «axboriy-psixologik operatsiyalarni faollashtirgani» aytiladi. Ukraina armiyasi rasmiylari Ukraina va RF qurolli kuchlari harakatlari bo‘yicha «ishonchsiz ma’lumotlar tarqatilishi» mumkinligidan ogohlantirgan. «Ukrainlarning ruhini cho‘ktirish va jamoatchilikni (shu jumladan o‘z aholisi orasida) chalg‘itish uchun rossiyalik propagandachilar qarshi hujum, uning yo‘nalishlari va ukrain armiyasi yo‘qotishlari to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishadi. Hatto qarshi hujumning o‘zi bo‘lmasa ham. Buning uchun zarbaga uchragan texnikalar, jasadlar va asirlar aks etgan eski video va fotolarni tayyorlashgan. Shuningdek, boshqa soxta materiallarni», — deyilgan xabarda.

Demak, bu Ukraina qurolli kuchlarining yirik qarshi hujumi boshlanishimi — yoki hali ham yo‘qmi?

Hozircha bu asosiy zarba emasligi aniq. Ammo, bu bitta shunday yoki davomli zarbalar berish arafasida olib borilayotgan razvedka janglari bo‘lishi mumkin. Bo‘layotgan ishlarni tushuntirishi mumkin bo‘lgan yana bir izoh shundan iboratki, bu — «dastlabki chora-tadbirlar»ning bir qismidir, shu kunlarda butun front bo‘ylab (Baxmut atrofi va Belgorod oblastining Shebekino shahridan tortib Xerson oblastida Dnipro daryosi bo‘ylarigacha bo‘lgan hududda) shunday tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ularning maqsadi — rossiyaliklarning zaxiralarini band qilish va mudofaa chizig‘ini cho‘zish.

RF mudofaa vazirligi iddaosiga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Velikaya Novoselka atrofida 2023 yilgi katta yurish uchun maxsus shakllantirilgan va g‘arbning zamonaviy texnikalari bilan qurollantirilgan 20 ta brigadadan ikkitasini harakatga keltirgan. Bu brigadalar jang maydonida paydo bo‘lishi katta yurish boshlanganining yaqqol belgisi bo‘lishi mumkin. Ammo bu chindan ham ro‘y berganiga hozircha dalil keltirilmadi: Rossiya tomoni tarqatgan videoda Ukraina qurolli kuchlari avval ham boshqa yo‘nalishlarda ishlatgan g‘arb texnikalarini ko‘rish mumkin (Pentagonning sizdirilgan hujjatlariga ko‘ra, bunday texnikalar nafaqat yangi, balki eski brigadalarda ham mavjud).

«Yangi brigada»ning yaqqol belgisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan g‘arbning zamonaviy tanklari, «Bredli» rusumli piyodalarning jangovar mashinalari va «Strayker» rusumli zirhli transportyorlar bu videoda ko‘rinmagan.

Shu bilan birga, Velikaya Novoselka hududidan hujum Volnovaxa va keyin Mariupolgacha qilinadigan asosiy yurishning bir qismi bo‘lishi mumkin. Bunday zarba berishning aniq afzalliklari mavjud: front chizig‘idan 90 kilometr masofada turgan Mariupol shahri ozod etilishi, shubhasiz siyosiy nuqtayi nazardan muhim hisoblanadi; shuningdek, Azov dengizi sohillariga chiqish RF qurolli kuchlarining Taganrog — Mariupol — Berdyansk avtoyo‘li bo‘ylab amalga oshiriladigan asosiy ta’minot yo‘lini qirqib qo‘yish demakdir. Minuslar ham bor: Velikaya Novoselka va Vuhledardan janub tomon harakatlanar ekan, yurish qilayotgan guruhning sharqiy qanoti uzaya boradi va Donetsk va Rossiya chegarasi tomonidan zarba berish uchun ochiq qoladi.

Bu hududdagi relef ham hujum qiluvchi tomon uchun qulay bo‘lmaydi, ayniqsa Rossiya aviatsiyasining havodagi ustunligi sharoitida: Mariupolgacha bo‘lgan 90 kilometr yalang‘och dashtlardan iborat. 2022 yil kuzida ham Ukraina qurolli kuchlarida Xerson oblastining Dniproning o‘ng sohilidagi shu kabi landshaft bo‘ylab harakatlanishda jiddiy muammolar kuzatilgandi.

Velikaya Novoselka atrofidagi hujum ushbu yo‘nalishda tayyorlangan yurishning darakchisi ekani yoki yo‘qligini aniq aytib bo‘lmaydi. Ammo bu hujum asosiy yurish bilan bog‘liqligi aniq — xuddi so‘nggi haftalarda Mariupol va Berdyanskka berilgan raketa zarbalari kabi. Shu bilan birga, yakunda asosiy zarba butunlay boshqa joydan berilishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top