Delimxanov atrofidagi xabarlar: Kreml xavotir bildirdi, Qodirov «olovga moy sepgani»ni aytdi
Ramzan Qodirovning xos odami bo‘lgan deputat Adam Delimxanov atrofidagi xabarlar jiddiy tus oldi. Ukraina tomoni Delimxanov o‘ldirilgani haqida xabar berdi. Rossiyada avvaliga u yaralangani, keyin sog‘-salomat ekani aytildi. Qodirov masxaraomuz post qoldirdi. Ammo Kremlning bayonoti vaziyat jiddiyligiga ishora qildi.
Hammasi nimadan boshlandi?
Avvaliga Rossiya bosqiniga qarshi urushayotgan ukrainalik siyosatchi Kirill Sazonov chechenistonlik deputat qarshi amaliyot o‘tkazilgani haqida xabar berdi. U Delimxanovning korteji Zaporijjya oblasti hududida «Banderlogi» guruhining artilleriya zarbasiga uchragani, Delimxanov bilan birga hamrohlari ham halok bo‘lganini yozdi.
«Voqea joyiga jasadni tezkor va sezdirmay olib ketish uchun 12 ta vertolyot uchib bordi», deb yozgandi Sazonov.
Keyinroq rus nashrlarida bu ma’lumotni rad etuvchi xabar tarqaldi. Rossiya mudofaa vazirligiga qarashli «Zvezda» telekanali saytida Rossiya Davlat dumasi matbuot xizmatiga asoslanib Delimxanov chindan yaralangani, ammo tirik ekani haqida xabar paydo bo‘ldi.
Chechen harbiylar yetakchisi yaralangani haqida Rossiya davlat nashri yozgani vaziyatni keskinlashtirdi. Ammo tezda bu ma’lumotni rad etuvchi xabarlar paydo bo‘ldi. Avvaliga «Zvezda» saytidagi xabar o‘zgartirilib, LDPR partiyasi holat bo‘yicha hech qanday xabar yo‘qligini ma’lum qilgani yozildi. Shuningdek, bu borada hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘qligi ilova qilindi. Bu orada dumada ham, LDPRda ham «Zvezda» nashriga hech kim ma’lumot bermagani aytildi.
Keyinroq Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Delimxanov bilan telefonda gaplashgani va u salomat ekanini aytdi. Ko‘p o‘tmay yana bir deputat Andrey Kartapalov Delimxanov tirik va salomat ekanini yozib chiqdi.
Ziddiyatli bayonotlar
Delimxanovning o‘limi yoki yaralangani haqidagi xabarlardan keyin Checheniston tomondan bir-birini rad etuvchi bayonotlar chiqa boshladi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zining «o‘ng qo‘li» ekani aytiladigan Adam Delimxanov haqida xabarlarga istehzo bilan munosabat bildirdi. «Men ham Delimxanovga bog‘lana olmayapman. Ukraina razvedkasidan qadrdon inimni topish uchun aynan qayerga, qaysi pozitsiyasiga zarba berilgani haqida ma’lumot so‘rayman. Ishoning, quruq qoldirmayman», deb yozdi Qodirov 3,1 million obunachisi bor kanalida.
«Axmat» maxsus bo‘linmasi komandiri Apti Alauddinov esa deputat tirik ekani va Chechenistonda bo‘lib turganini aytdi. «Bizni doim biz bo‘lmagan joyda «o‘ldirishadi». Hammasi uydirma. Adam Sultonovich tirik va hozirda Chechenistonda, Ramzan Axmatovichning oldiga yo‘l olgan», deya uning so‘zlarini keltirdi TASS agentligi.
Keyinroq Apti Alauddinovning kanalida biroz avval o‘zi aytgan gaplarni rad qiluvchi post paydo bo‘ldi. «Marinya yo‘nalishida joylashtirilgan barcha bo‘linmalarni olib Adam Sultonovich Delimxanov bilan sodir bo‘lgan voqea joyiga boraman. Ramzan Axmatovichdan uni har qanaqasiga topib, olib borish buyrug‘i keldi. «Axmat» maxsus bo‘linmasi uchun navbatdagi topshiriq. Tabiiyki, uni ham uddalaymiz. «Axmat» – kuch, Rossiya – qudratli, Alloh buyukdir», deb postini yakunlagan Apti Alauddinov.
Ushbu postda Alauddinov turli mashinalar qatorida tuya va fil tasvirlangan emodzilardan foydalangani u holatga hazil bilan munosabat bildirganiga ishora qilishi mumkin. Ammo Alauddinov postni qanday so‘zlar bilan yakunlaganiga e’tibor berilsa, bu hazilga ham o‘xshamaydi.
Kreml xavotir bildirdi
Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov deputat Adam Delimxanov haqidagi postga munosabat bildirar ekan, shunday dedi: «Rossiya qahramoni haqidagi bu yangilikni ko‘pchilik qatori katta xavotir bilan qabul qildik. Umid qilamiz, tez orada aniq ma’lumot paydo bo‘ladi».
«Vagner» izi»
Delimxanov atrofidagi xabarlardan keyin kutilganidek bu ishda «Vagner»ning ham aloqasi borligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Xususan, urush targ‘ibotchisi bo‘lmish jurnalist Sergey Mardan birinchilardan bo‘lib holatdagi «Vagner» izi» haqida gapirdi. Uning fikricha, Ukraina razvedkasi chindan Delimxanovning joyi haqida ma’lumotga ega bo‘lgan.
«Vaziyat jiddiylashib ketishiga asosiy sabab shuki, Ukraina razvedkasi chindan Delimxanovning joyi haqida ma’lumotga ega bo‘lgan. Ukrainlar avvalboshdan Qodirovning «o‘ng qo‘li» haqida ma’lumotni ularga Shoygu bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishini ko‘rsatish maqsadida Prigojin bergani iddao qilingan versiyani aylantirishga urinmoqda.
Albatta, bu versiya juda g‘alati ko‘rinishi mumkin, lekin mantiqan olib qarasa, Rossiya armiyasining oxirgi vaqtlardagi muvaffaqiyati Shoyguning siyosiy obro‘sini oshirib, Prigojinning qilganlarini soyada qoldiradi. Mamlakat uchun asosiy xavf hamon ichki nizolar bo‘lib turibdi», deb yozdi u.
Venevitin ham «tilga kirdi»
Yaqinda Yevgeniy Prigojin boshchilik «Vagner» harbiylari asir olgan Rossiya armiyasi podpolkovnigi Roman Venevitin o‘z Telegram-kanalida Prigojinning odamlari dushman bilan avvaldan aloqa qilib kelgani, bu ish yana takrorlangani haqida yozdi.
«Avval ham aytganimdek, Prigojinning odamlari meni obro‘sizlantirish uchun davlatga xiyonat qilganliklarini oshkor qilishdi. Ular avval ham dushman razvedkasi bilan aloqada bo‘lib, bizning bo‘linmalarimiz haqida ma’lumot bergan. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, endi ular Ramzan Qodirovdan qasos olmoqchi bo‘lishgan. Axir Qodirov 2006 yildan buyon Rossiya armiyasi ta’minotidan pul ishlab keladigan Prigojinning daromad manbasi haqida ma’lumot bilishini aytgandi.
Qodirovning «o‘ng qo‘li» Adam Delimxanov ukrainlarning artilleriya zarbasi oqibatida og‘ir ahvolda qolmoqda. Ukraina razvedkasi va maxsus xizmatlari ishlagan. Afsuski, yo‘qotishlar katta, evakuatsiya uchun 12 ta bort chaqirilgan. Balki mana shu voqea Prigojin va «Vagner»dagi boshqa Rossiyadan o‘z manfaatlari yo‘lidan foydalanadigan, bu uchun dushman bilan hamkorlik qilishga ham boradigan «tadbirkorlar»ga qarshi jiddiy chora ko‘rishga undar», deb yozdi Venevitin o‘z kanalida.
Keyinroq Ramzan Qodirov o‘z kanalida holat bo‘yicha navbatdagi postini e’lon qildi
«Bizni qo‘llagan hammaga rahmat. Adam Sultonovich salomat, yaralangani ham yo‘q. Avvalboshdan bu yolg‘on ekanini bilgandim, ammo avvalo ukrainaliklarga ularning OAV qanchalik pastkash ekanini ko‘rsatishga qaror qildim. Yolg‘on baribir oshkor bo‘lishini bilgan holda uni e’lon qilish uchun auditoriyani qanchalik behurmat qilish kerak? Men olovga moy sepganimda feyk ma’lumot tarqatganlarning o‘zlari ham bu ertaklariga ishona boshlashdi.
Internetda ukronatsistlarning fantaziyasi muhokama qilinayotgan bir vaqtda men Adam Delimxanov, Magomed Daudov va Axmed Daudov kabi birodarlarim bilan ishlashda davom etyapmiz. «Axmat» bo‘linmalari o‘z joyida turibdi, xususan, biz Belgorodda chegaralarimizni mustahkamlayapmiz. Birgalikda bo‘linmalarimizning hozirgi holati va kuchlarni qayta taqsimlash masalasini muhokama qildik», deb yozdi Qodirov. U postida Delimxanov bilan birga suratini ham ilova qildi.
Mavzuga oid
00:11
Zelenskiy: Trampning jamoasi bilan urush tezroq tugaydi
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:41 / 15.11.2024
Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda. Nimalar ma’lum?
10:11 / 15.11.2024