Jahon | 20:25 / 15.06.2023
21900
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda hokimiyat ikkiga bo‘linib ketdi – BMT 

«Tolibon» harakati hokimiyati Qandahor va Kobul guruhlariga ajralgan. Ular o‘rtasidagi raqobat hukumatning mustahkam emasligidan dalolat berishi mumkin. 

Foto: Reuters

BMT sanksiyalarini tahliliy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish guruhi «Tolibon» harakati haqidagi navbatdagi hisobotini (inglizcha .pdf) e’lon qildi. 

Unga ko‘ra, Afg‘onistondagi hokimiyat Qandahor va Kobul rasmiylari o‘rtasida bo‘lib olingan. Bu esa radikal harakat hukumati mustahkam emasligidan dalolat berishi mumkin. 

Tahlilchilarga ko‘ra, Qandahor guruhiga «Tolibon» yetakchisi Hibatulloh Oxundzoda nazoratidagi toliblar kiradi. Hukumatning bu guruhi jahon hamjamiyatining talablariga yon berishda ancha konservativ va murosasiz hisoblanadi. 

Poytaxt blokidagi asosiy shaxslar - Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy, Mudofaa vaziri Mulla Muhammad Yoqub Umariy va razvedka rahbari Abdul-Haq Vassiq. Kobulliklar o‘zini pragmatik sifatida ko‘rsatishga, xalqaro miqyosda tan olinishi va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlanishiga erishishga intilmoqda. Ammo ularning harakatlari siyosatchilarning mo‘’tadilroq qarashlarga sodiqligini ko‘rsatmayapti. 

Tahlilchilar, shuningdek, ichki ishlar vaziri Haqqoniy va «Tolibon» asoschilaridan biri, hozirda Afg‘oniston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Birodar o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjudligini ta’kidlamoqda. Ushbu mansabdor shaxslar resurslar, moliyaviy oqimlar va mahsulotlarni mamlakatga kirish yo‘laklarini nazorat qilish uchun raqobatlashadi. 

Giyohvand moddalar savdosini nazorat qilish uchun ham kurash olib borilmoqda. Ko‘knori yetishtirish va giyohvand moddalar ishlab chiqarish rasman taqiqlanganiga, plantatsiyalar va yashirin laboratoriyalarni yo‘q qilish bo‘yicha ko‘rgazmali reydlarga qaramay, giyohvand moddalar va ular uchun xomashyoning noqonuniy savdosi «Tolibon» uchun jiddiy daromad manbai bo‘lib qolmoqda. 

Hisobot mualliflari fikricha, hozirda Markaziy Osiyo orqali Yevropa va AQShga narkotik moddalarni o‘tkazish kanallari ustidan nazorat aynan ichki ishlar vaziri Haqqoniy guruhi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid