Sport | 21:58 / 22.06.2023
44703
9 daqiqa o‘qiladi

Boksni endi hech kim boshqarmaydi: IBA Olimpiya oilasidan chetlatildi

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) moliya, boshqaruv va hakamlik bilan bog‘liq muammolar tufayli Xalqaro boks assotsiatsiyasini (IBA) tan olishi haqidagi qarorini bekor qildi. Parij-2024 olimpiadasida boks musobaqasi XOQ tomonidan o‘tkaziladi. 

Foto: Getty Images

22 iyun kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) taqdiri bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qildi. Tashkilotning Olimpiya oilasiga a’zoligi moliya, boshqaruv va hakamlik bilan bog‘liq muammolar tufayli 2019 yilda to‘xtatilgan edi. XOQ fikriga ko‘ra, 2020 yilda IBA tashkiloti rahbarligiga kelgan rossiyalik Umar Kremlyov vaziyatni yaxshilay olmadi. Oqibatda, tarixda birinchi marta Olimpiya sportining boshqaruv organi Olimpiya oilasidan chiqarib yuborildi. Forbes.Sport mojaro tafsilotlariga bag‘ishlangan maqolani e’lon qildi. 

XOQ Kremlyovni «nokaut qildi» 

2023 yil 7 iyun kuni Xalqaro boks assotsiatsiyasining (IBA) olimpiya oilasiga to‘liq qaytish bo‘yicha umidi barbod bo‘ldi. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Ijro qo‘mitasi 2019 yilda a’zoligi to‘xtatilgan havaskor boksning boshqaruv organini o‘z safidan butunlay chiqarib tashlashni tavsiya qildi. Hukm 22 iyun kuni e’lon qilinishi va’da berildi. 

IBA chetlatish bo‘yicha tavsiyani «jirkanch va mutlaq siyosiy» deb atadi va Sport arbitraj sudiga murojaat qildi. Biroq, sud tavsiyani to‘xtatib turish to‘g‘risidagi apellyatsiyani qabul qilmadi. Natijada IBA tashkilotini Olimpiya oilasidan chiqarib tashlash uchun XOQ qarori qabul qilinishiga hech narsa to‘sqinlik qilmaydigan bo‘ldi. 

«Boks va bokschilar bilan hech qanday muammomiz yo‘q. Agar muammo bo‘lganida, Tokio va Parijdagi musobaqalar o‘tkazilmagan bo‘lardi», dedi XOQ rahbari Tomas Bax 22 iyun kuni o‘tkazilgan sessiyada. - Biz boksni juda qadrlaymiz, ammo, afsuski, bizda IBA rahbariyati tufayli juda jiddiy muammolar mavjud. Biz boksni juda qadrlaganimiz sababli, bokschilar xalqaro federatsiya tomonidan adolatli va shaffof boshqaruvga loyiq deb hisoblaymiz». 

XOQ bosh direktori Kristofer de Kepper so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita IBA faoliyatining uchta asosiy yo‘nalishini (korrupsiya, moliya va sudyalik) ko‘rib chiqdi va umidsiz xulosaga keldi. 

«XOQ uchta muammoli sohada IBA tashkilotiga izchil va sabr-toqat bilan yordam berishga harakat qildi. Ammo, orqaga qaytib bo‘lmaydigan nuqtaga yetib keldik. IBA o‘zini qayta tiklash uchun dalillar keltira olmadi. XOQ tahliliga rozi bo‘lishdan boshqa yechim yo‘q. Yagona yo‘l — IBA tashkilotini tan olish haqidagi qarorni qaytarib olish», dedi de Kepper. 

2020 yilda Rossiya boks federatsiyasi rahbari, rossiyalik amaldor Umar Kremlyov IBA boshqaruviga o‘tdi. U 2021 yilgacha assotsiatsiyaning barcha muammolarini hal qilishga va’da berdi. 2023 yilgi hisobotga ko‘ra, IBA qarzlarining katta qismi yopildi. Shuningdek, Rio-2016 olimpiadasidan keyin paydo bo‘lgan hakamlik muammosi hal qilindi. Ammo Kremlyovning dalillari XOQ rasmiylarini ishontira olmadi. 22 iyun kuni IBA Olimpiya oilasiga a’zolikdan butunlay chetlatilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Uni 69 kishi yoqladi, bir nafari qarshi ovoz berdi. XOQ ijro qo‘mitasi ilgari hech qachon olimpiya sportining boshqaruv organiga nisbatan bunday qaror chiqarmagan edi. 

XOQ da’volari va Kremlyov hujumi 

2019 yilda boshqaruv, moliyaviy va hakamlar bilan bog‘liq muammolar IBA faoliyatini cheklashga olib kelgan edi. Masalan, Tokio-2020 olimpiadasining boks dasturi XOQ tomonidan tashkil etildi. Parij-2024 olimpiadasida ham shunday bo‘ladi. Los-Anjyeles-2028 olimpiadasining dastlabki dasturiga boks umuman kiritilmadi. Vaholanki, ushbu sport turi 1904 yildan beri faqat bir marta (1912 yilda) Olimpiya dasturidan chetda qolgan edi. Keyinchalik XOQ rahbariyati 2028 yilgi o‘yinlarda boks bo‘lishini kafolatladi, buni XOQ bosh direktori De Kepper joriy sessiyada tasdiqladi. Hatto, hozir boks uchun boshqaruv organi yo‘qligi ham bunga monelik qilolmasligi aytildi. 

XOQ qarori chiqishidan oldin ham Kremlyov qo‘mita «jiddiy tarixiy xato» yoqasida turganini aytdi. U Bax va sport direktori Keyt Makkonellni IBA sobiq prezidenti, tayvanlik Ching-Kuo Vu bilan til biriktirganlikda aybladi. Tayvanlik mulozim 2006 yildan 2017 yilgacha havaskor boksni boshqargan, biroq «qo‘pol beparvolik va samarasiz moliyaviy boshqaruv» uchun umrbod diskvalifikatsiya qilingan edi. Ammo, 2020 yilgacha XOQ a’zosi bo‘lib qoldi. 

«XOQ rahbariyati Ching-Kuo Vu jinoyatlarini yashirmoqda. Men «janob» atamasini ishlatmayman, chunki biz uchun u janob emas, u boksni o‘ldirgan jinoyatchi. U yomon odam. Bunday odamlarni otib tashlash kerak, chunki u milliy federatsiyalarni, bokschilarni talagan, korrupsiyani boshlagan. XOQ esa bu haqda sukut saqlamoqda. Bu odam uzoq vaqtdan beri tashkilotga a’zo bo‘lgan, bu ularning odami», dedi Kremlyov. 

Bu bayonot XOQ rahbariyatini jiddiy g‘azablantirdi. XOQ rossiyalik amaldorga «qo‘mitada xizmat qilayotgan shaxslarga nisbatan nafrat va haqoratomuz so‘zlarni ishlatishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi» degan javobni berdi. 

Ammo XOQ tashkilotini Kremlyovning hujumi emas, balki IBA va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi o‘rtasidagi homiylik shartnomasi ko‘proq tashvishga soldi. Energetika giganti bilan shartnoma o‘tgan yilning oxirida bekor qilindi. Biroq, iyun oyi boshida XOQ IBA faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni e’lon qilib, Kremlyov dekabr o‘rtalarida Abu-Dabidagi kongressda o‘z qo‘l ostidagilaridan «Gazprom» bilan hamkorlikni uzaytirish imkoniyatlarini so‘raganini da’vo qildi. Bularning barchasi XOQ rahbariyatini yana bir bor IBA moliyaviy shaffofligi va ishonchliligi haqida o‘ylashga majbur qildi. IBA o‘z faoliyatini audit qilgan Ernst & Young va PriceWaterhouseCoopers kompaniyalaridan yakuniy xulosalarni oshkor qilmaslikni so‘ragan. XOQ buni ham shubhali harakat deb hisobladi. 

Havaskor boksni nima kutmoqda?

Kremlyov yaqin o‘tmishda bir qator g‘alati qarorlarni qabul qilishga muvaffaq bo‘ldi. Masalan, IBA birinchi bo‘lib rossiyalik va belaruslik bokschilarga milliy bayrog‘i ostida xalqaro musobaqalarda qatnashishga ruxsat berdi. Vaholanki, Ukrainadagi urush boshlanganida XOQ barcha federatsiyalarga bu sportchilarni xalqaro musobaqalardan chetlatishni tavsiya qilgan edi. 

Kremlyov qaroridan keyin rossiyalik va belaruslik bokschilar mart oyida Dehli (Hindiston) shahrida o‘tkazilgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida, may oyida esa Toshkentda o‘tkazilgan erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etdi. Bir qancha xorijiy federatsiyalar Kremlyovning bu qaroriga qarshi chiqdi - o‘nlab davlatlar jahon chempionatini boykot qildi, ularning ba’zilari jahon boksining yangi boshqaruv organi tuzilganini e’lon qildi. 

Tashkilotchilik tashabbuskori gollandiyalik Boris van der Vorst bo‘lib, u bir yil avval «saylov davridan tashqari tashviqoti» tufayli IBA prezidentlik saylovidan chetlatilgandi. Keyinroq amaldor Kremlyov boshqaruvidan norozi bo‘lgan 18 ta milliy havaskor boks federatsiyasini o‘z ichiga olgan World Boxing tashkilotini tuzdi. Uning maqsadi «havaskor boksning Olimpiya kelajagini saqlab qolish» deb ataldi. Shu bilan birga, yangi tashkilot XOQ tarkibiga kirish uchun ariza yubordi. 

Rasmiy ravishda World Boxing tarkibiga faqat ikkita milliy federatsiya - AQSh va Shveytsariya kiradi. USA Boxing yaqinda yana 28 davlat ularni tashkilotga kirish uchun ariza berish niyatida ekanini va yana 18 davlat ariza berish jarayonini boshlashni so‘raganini ma’lum qildi. 

2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada musobaqalarini tashkil etish mas’uliyatini XOQ o‘z zimmasiga olgan. Ammo Los-Anjyeles-2028 o‘yinlarida havaskor boks World Boxing tomonidan taqdim etilishi mumkin. 

Mavzuga oid