Jahon | 21:01 / 26.06.2023
103124
5 daqiqa o‘qiladi

Prigojin isyondan keyin birinchi marta aloqaga chiqdi va voqealarga izoh berdi 

Biz hukumatni ag‘darish uchun emas, balki norozilik namoyish etish uchun yurish qildik, dedi u. 

Foto: TASS

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin Moskva sari «adolat yurishi» to‘xtatilganidan bir kun o‘tgach, voqealarga izoh berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «yurishning maqsadi «Vagner» tugatilishining oldini olish va noprofessional harakatlari bilan urush paytida juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ygan barcha shaxslarni javobgarlikka tortish» edi. Katta ehtimol bilan bu shaxslar Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Qurolli Kuchlar bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov edi. 

Prigojinning ta’kidlashicha, 30 iyun kuni «Vagner» qurolsizlanmoqchi bo‘lgan, ammo uning jangchilariga Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan zarba berilgan. Oqibatda 30 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Shundan so‘ng, komandirlar maslahat qilib, Moskvaga yurish haqida kelishib olishgan. 

«Vagner» XHK Ukrainada yaxshi natijalarga erishgan Rossiyadagi eng tajribali va jangovar qismdir, dedi Prigojin. - Intrigalar va noto‘g‘ri o‘ylangan qarorlar oqibatida XHK 1 iyuldan boshlab o‘z faoliyatini to‘xtatishi kerak edi. Jangchilarning aksariyati Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashdan bosh tortdi, ular shunchaki «to‘p yemi» bo‘lishni istamadi. Mudofaa vazirligi tarkibiga kirishni istaganlar bo‘ldi, ammo ular 1-2 foiz. Biz 30 iyun kuni texnikalarni Mudofaa vazirligi shtabiga topshirmoqchi edik. Biz hech qanday tajovuzkorlik ko‘rsatmadik, ammo bizga raketa hujumi uyushtirildi, 30 ga yaqin jangchi halok bo‘ldi. Bu bizga turtki berdi - darhol oldinga siljishga qaror qildik. Biz tajovuzkorlik qilmoqchi emasmiz, lekin zarba berishsa, javob qaytarishimizni aytdim». 

U yurish davomida aviatsiyaga zarba berganini tan oldi. 

«Yurish davomida biz 780 kilometr masofani bosib o‘tdik. Aviatsiyaga zarba berganimizdan afsusdamiz, ammo ular ustimizga bomba tashlagan edi. Biz yo‘lda uchragan barcha harbiy obektlarni to‘sib, zararsizlantirdik. Yerda birorta askar halok bo‘lmadi. Bizda Mudofaa vazirligidan qo‘shilgan jangchilarning bir nechasi yaralandi, ikki nafari halok bo‘ldi. 

Bizga duch kelgan askarlarning barchasi bizni qo‘llab-quvvatladi. Birinchi otryadimiz o‘z artilleriyasini joylashtirib, razvedkani amalga oshirganida to‘xtadik, chunki ko‘p qon to‘kilishi aniq bo‘ldi. Biz kuchimizni namoyish etganimiz yetarli deb o‘yladik. Bu vaqtda Lukashenko yordam qo‘lini cho‘zdi va «Vagner»ning keyingi faoliyati uchun huquqiy yechimlarni topishni taklif qildi. Kolonnalar orqaga burilib, lagerlarga qaytdi», dedi Prigojin. 

Prigojin so‘zlariga ko‘ra, yurish Rossiyada xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni ochib bergan. 

«Bizning yurish butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik muammolarining jiddiy ekanini ko‘rsatdi - yo‘ldagi barcha aerodromlar va harbiy qismlarni egalladik. 24 soat ichida biz 2022 yil 24 fevralda rus qo‘shinlarining qo‘zg‘algan joyidan Kiyevgacha bo‘lgan va xuddi shu nuqtadan Ujgorodgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdik. Agar maxsus harbiy operatsiya boshida vazifalar «vagnerchilar» tomonidan bajarilganda edi, ehtimol «maxsus operatsiya» bir kun davom etardi», dedi u. 

Uning ta’kidlashicha, yurish davomida yerda hech bir jangchi jabrlanmagan. Yurish Moskvaga 200 km masofa qolganida to‘xtatilgan. 

«Biz yurishni adolatsizlik tufayli boshladik. Yerda biror askarni o‘ldirmadik. Bir sutkada Moskvaga 200 kilometrgacha yaqinlashdik, Rostov shahrini nazoratga oldik. Tinch aholi bizni ko‘rib xursand bo‘ldi. Biz 2022 yil 24 fevral qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligi bo‘yicha master-klass o‘tkazdik. Mavjud tuzumni va qonuniy saylangan hukumatni ag‘darish maqsadimiz yo‘q edi. Qon to‘kilmasin deb orqaga qaytdik», deb yakunladi u. 

Mavzuga oid