O‘zbekiston | 19:57 / 27.06.2023
19450
6 daqiqa o‘qiladi

Marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf «Oliy Darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlandi

Hayit arafasida imzolangan prezident farmonlari bilan, marhum shayxlar Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlandi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining sobiq raisi, muftiy, marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlandi.

Shuningdek, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining sobiq raisi, muftiy, marhum shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon ham “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi.

Bu haqdagi farmonlarni prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun – Qurbon hayitidan oldingi Arafa kunida imzoladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “o‘zining serqirra faoliyati hamda beqiyos ilmiy-ma’rifiy merosi bilan islomiy tafakkur va madaniyatni ravnaq toptirish, muqaddas dinimizning ulug‘ insoniy g‘oyalarini xalqimizga yetkazish, mashhur ulamolarimizning bebaho asarlarini chuqur tadqiq etish, turli mamlakat va o‘lkalarda keng targ‘ib qilish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xalqaro miqyosda dinlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, millat va elatlar o‘rtasida hamjihatlik va ahillikni mustahkamlash, jamiyat hayotida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasi, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi alohida xizmatlari uchun” mukofotlandi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yil 15 aprelda Andijon viloyatida tug‘ilgan.

Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, Toshkentdagi imom Buxoriy nomli Islom oliy ma’hadida, Liviyaning Tripoli shahridagi Islomiy da’vat fakultetida tahsil olgan. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi va Oliy ma’hadda turli lavozimlarda faoliyat yuritgan ulamo 1989 yilga kelib O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi muftiysi lavozimiga tayinlangan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1989 yilda sobiq sovet Oliy Kengashiga deputat etib saylangach, sobiq ittifoq prezidenti Mixail Gorbachyov va Oliy Kengashga ittifoq musulmonlarining huquq va erkinliklarini ta’minlash yuzasidan bayonnoma taqdim etgan. Uning Gorbachyov bilan bevosita muloqotidan keyin Moskvaning musulmonlarga nisbatan siyosatida ijobiy o‘zgarish sezila boshlagani aytiladi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning sa’y-harakatlari bilan sobiq ittifoqda ko‘plab masjidlar va madrasalar ochila boshlandi, musulmonlarga o‘z diniy urf-odatlarini, marosimlarni ado etishga ruxsat berila boshlandi. Sobiq ittifoqdan haj safariga boradigan musulmonlarning soni keskin oshirildi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf – mustaqil O‘zbekistonning birinchi muftiysi. U islom dunyosidagi nufuzli tashkilotlarning a’zosi edi. Olim ilmiy va diniy faoliyati, o‘zbek tilidagi o‘nlab diniy-ma’rifiy kitoblari bilan Markaziy Osiyo islom olamida katta iz qoldirdi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 2015 yil 10 mart kuni Toshkent shahrida vafot etdi. Shahardagi Shayx Zayniddin (Ko‘kcha) qabristoniga dafn etilgan.

Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon “g‘oyat murakkab tarixiy sharoitda faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimiz va mintaqamizda islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati va ezgu g‘oyalarini el-yurtimizga bezavol yetkazish, buyuk ulamo va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy merosini turli millatlar va elatlar orasida keng targ‘ib etish borasidagi ko‘p yillik ibratli faoliyati, xalqaro miqyosda dinlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash ishlariga qo‘shgan ulkan hissasi, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni ezgulik va ma’rifat, ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi yuksak xizmatlari uchun” e’tirof etildi.

Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon 1908 yili Toshkent shahrida, islom allomasi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon xonadonida tug‘ilgan. 12 yoshida Qur’on hofizi bo‘lgan. Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasida hadis va fiqh ilmini o‘rgangan. 1943 yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi tashkil etilgach, uning otasi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon rais, o‘zi esa mas’ul kotib va O‘zbekiston qozisi etib saylangan.

Ulamo 1947-1948 yillarda Qohiradagi Al-Azhar dorilfununida, so‘ngra Makka va Madina shaharlarida tahsil olib, hadis ilmini chuqurlashtiradi. 1948 yili mintaqa musulmonlari diniy boshqarmasi noibi, 1957 yilda otasining vafotidan keyin rais, muftiy etib saylanadi va umrining oxiriga qadar bu vazifada samarali mehnat qiladi.

Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning rahbarligi davrida Qur’oni karim va boshqa diniy kitob-darsliklar chop etildi, Toshkent Islom ma’hadi ochildi, musulmonlar uchun jurnal, taqvim nashr etila boshladi. U SSSR, Iordaniya, Marokash, Livan mamlakatlari mukofotlarini olgan, bir necha ilmiy-ma’rifiy, she’riy asarlari bor. 1982 yili vafot etgan, qabri Toshkentning Hasti Imom mavze’ida.

Mavzuga oid