O‘zbekiston | 21:59 / 01.07.2023
25186
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik rejissyor dunyodagi eng nufuzli kinofestivalda g‘olib deb topildi

Shokir Xoliqovning “Yakshanba” filmi Shanhay xalqaro kinofestivalida eng yaxshi film deb topildi hamda bosh mukofot – oltin kubok bilan taqdirlandi.

Foto: shine.cn

XXV Shanhay xalqaro kinofestivali doirasida rejissyor Shokir Xoliqovning “Yakshanba” filmi premerasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu film “Osiyoning yangi iste’dodlari” nominatsiyasi bo‘yicha eng yaxshi film deb topildi hamda kinofestivalning bosh mukofoti – oltin kubok bilan taqdirlandi.

Foto: Shokir Xoliqov

Oilaviy dramada chekka qishloqda tinch-totuv hayot kechirayotgan chol-kampirning farzandlari bilan munosabatlari aks etgan. To‘ng‘ich o‘g‘il ota-onasiga yaqin joyda, kenjasi esa boshqa davlatda ishlaydi. Film ikki avlod o‘rtasidagi ziddiyatlar haqida hikoya qiladi.

Foto: Shokir Xoliqov

Shanhay xalqaro kinofestivali dunyoning A toifadagi 10 ta, Osiyo miqyosida esa Pusan va Tokio kinofestivallaridan keyin uchinchi o‘rinda turuvchi eng nufuzli kinotanlovlardan biridir. U 1993 yildan buyon 2001 yilgacha har ikki yilda bir marta, 2002 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinadi.

Festivalda “Panorama” (u qisqa metrajli, to‘liq metrajli, hujjatli va animatsion filmlarni o‘z ichiga oladi), “Osiyoning yangi iste’dodlari” (unda to‘liq metrajli filmlar qatnashadi, asosan debyut ishlar qabul qilinadi), “Maxsus namoyishlar” (unda festival tashkilotchilari tomonidan tanlab olingan turli davlatlarning tarixiy va zamonaviy filmlari ishtirok etadi) deb nomlangan uchta yo‘nalish bor.

Ta’kidlash kerakki, o‘zbek filmi ushbu dongdor xalqaro kinofestivalda ilk marta ishtirok etdi. Shokir Xoliqov ilk urinishdayoq oliy mukofotni qo‘lga kiritdi.

Foto: shine.cn

 

Shokir Xoliqov 1992 yilda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. Yosh rejissyor shu paytgacha Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Hindiston, Rossiya, Makedoniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda bo‘lib o‘tgan qisqa metrajli filmlar xalqaro kinofestivallarida g‘olib bo‘lgan.

Mavzuga oid