Jahon | 19:01 / 11.07.2023
14525
5 daqiqa o‘qiladi

NATO sammiti: ittifoqchilar bir-biridan nima kutmoqda?

11 iyul kuni Litva poytaxti Vilnyusda boshlangan NATO sammitining asosiy masalasi, albatta, alyansning Ukraina bilan munosabatlari, biroq NATO davlatlarining Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va harbiy blokning umumiy holati bo‘yicha bir-biriga savollari ham bor.

Foto: Reuters

Sammitning asosiy «to‘qnashuv nuqtasi» hammaga ma’lum: Ukraina va NATO sharqiy qanotiga kiruvchi mamlakatlar Ukrainaning alyansga kirishi uchun aniq reja-jadvalni xohlaydi, shartli «eski G‘arb» mamlakatlari esa ma’lum bir manyovr erkinligini saqlab qolishni istaydi.

Bayden va saylov muammosi

AQSh prezidenti Jo Bayden uchun parallel vazifa ham bor: prezidentlik saylovi bir yil-u to‘rt oydan keyin o‘tkazilsa-da, Amerika ittifoqdoshlariga Ukrainaga yordam berishdan to‘xtamasligini isbotlashi kerak.

BBC’ning Shimoliy Amerika bo‘yicha muxbiri Entoni Zurkerning so‘zlariga ko‘ra, respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lganlar Ukraina masalasida turlicha fikrda. Bayden ulardan biri bilan yakuniy bosqichda kurash olib borishiga to‘g‘ri keladi.

Respublikachilar partiyasidan asosiy nomzod bo‘lishga da’vogar Donald Tramp Ukraina masalasida noaniq va tushunarsiz bayonotlar bermoqda. Jumladan, urushni 24 soat ichida to‘xtatishini aytdi, ammo bunga qanday erishmoqchi ekanini tushuntirmadi.

Boshqa respublikachilar, xususan, sobiq vitse-prezident Mayk Pens va Qo‘shma Shtatlarning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Heyli Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda.

Foto: Reuters

BBC muxbirining ta’kidlashicha, Bayden ma’muriyati rasmiylari saylovoldi kampaniyasi Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish jarayonini muqarrar ravishda, hech bo‘lmaganda vaqtinchalik murakkablashtirishini tan olishadi.

«Baydenning vazifasi — buni tan olish. Lekin shu bilan birga o‘z lavozimida qolar ekan (18 oy yoki yana 4 yil davomida) demokratik yo‘l bilan saylangan boshqa rahbarlarni ishonchli hamkori bo‘lishiga ishontirish», deb xulosa qildi muxbir.

Britaniya harbiy mablag‘lar bo‘yicha

Buyuk Britaniya Ukrainaning NATO tashkilotidagi eng faol ittifoqchilaridan biri va bosh vazir Rishi Sunakning Ukrainani alyansga qabul qilish borasidagi pozitsiyasi «eski» ittifoqdoshlardan ko‘ra Kiyevning o‘zi va sharqiy qanotdagi davlatlarnikiga yaqinroq.

Vilnyusga yo‘l olar ekan, Sunak jurnalistlarga Ukrainaning o‘rni NATOda ekanini va sammit ishtirokchilari bu masala bo‘yicha qandaydir «aniq yutuqlar»ga erishishi kerakligini aytdi.

Bundan tashqari, Sunak Vilnyusda yana bir bor ittifoqchilarni o‘z majburiyatlarini bajarish va harbiy ehtiyojlar uchun YaIMning kamida 2 foizini sarflashni boshlashga chaqirmoqchi.

2014 yilda Qrim Rossiya tomonidan bosib olinganidan so‘ng, NATO davlatlari Uelsdagi sammitda o‘n yil ichida harbiy xarajatlarni YaIMning 2 foizigacha va undan ham ko‘proqqa oshirishga va’da berishgan edi. Bu muddat bir yildan keyin tugaydi.

Foto: Reuters

Hozir NATOning 31 davlatidan faqat 9 tasi ushbu talabni bajarmoqda. Kelgusi yilga qadar yana 11 davlat bunga erishmoqchi. Ammo Rishi Sunak sammitda alyansning barcha a’zolari harbiy xarajatlarni kerakli miqdorga oshirish bo‘yicha aniq rejani taqdim etishiga erishmoqchi. Shuningdek, ittifoqchilarni Rossiya bosqinining saboqlarini hisobga olishga va harbiy kuchlarining samaradorligi va harakatchanligini oshirishga da’vat qilmoqchi.

Bundan tashqari, Sunak sammitda BAE systems kompaniyasi bilan hukumat shartnomasi bo‘yicha snaryadlar ishlab chiqarishni 200 million funt sterlingga (taxminan 260 million AQSh dollariga) keskin oshirish rejalarini rasman e’lon qilmoqchi.

Putinni ishontirish

BBC diplomatik muxbiri Jyeyms Landeyl qayd etganidek, ushbu sammitning umumiy strategik maqsadi Putinga NATO Ukrainaga uzoq muddatli harbiy yordam ko‘rsatishga sodiqligini ko‘rsatishdir.

Landeyl so‘zlariga ko‘ra, g‘arb siyosatchilari shu yo‘l bilan Putinga agar u G‘arb Ukrainaga yordam berishdan charchamaguncha kutishni umid qilsa, umidlari puch ekanini ko‘rsatishga urinmoqda.

«Shu nuqtayi nazardan, ba’zilar bu sammit Putinni strategiyani o‘zgartirishga majbur qilishda xuddi jang maydonidagi muvaffaqiyatlar kabi muhim deb hisoblaydi», deb xabar berdi muxbir.

Mavzuga oid