Iqtisodiyot | 22:06 / 19.07.2023
48324
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek so‘mi dunyodagi eng zaif valutalar o‘ntaligiga kirdi

O‘zbek so‘mi dunyodagi eng zaif valutalar reytingida yettinchi o‘rinni egalladi. Milliy valuta muomalaga kiritilganidan buyon AQSh dollariga nisbatan 1657 barobarga qadrsizlangan.

Foto: Kun.uz

AQSh dollari dunyoda eng ko‘p ishlatiladigan va kuchli valutalardan biri sifatida ko‘rib kelinadi. Shu jihatdan, Forbes nashri boshqa valutalarning AQSh dollariga nisbiy qiymatidan kelib chiqqan holda, nominal jihatdan dunyodagi eng zaif valutalar o‘nligini e’lon qildi.

Xususan, Eron riali dunyodagi eng qadrsiz valuta deb topilgan. 1 AQSh dollari – 42 273 Eron rialiga teng. Ikkinchi pog‘onada Vetnam dongi (1 dollar — 23 711 Vetnam dongi) joylashgan bo‘lsa, kuchli uchlikni Laos kipi (1 dollar — 19 072 Laos kipi) yakunlagan.

Mazkur reytingda o‘zbek so‘mi yettinchi o‘rinda (20 iyul holatiga ko‘ra, 1 dollar — 11 600 so‘m) qayd etilgan.

Dunyodagi eng qadrsiz top-10 valuta:

1. Eron riali (1 dollar — 42 273 Eron riali);

2. Vetnam dongi (1 dollar — 23 711 Vetnam dongi);

3. Laos kipi (1 dollar — 19 072 Laos kipi);

4. Serra-Leone leonesi (1 dollar — 17 665 leone);

5. Indoneziya rupiyasi (1 dollar — 14,993 rupiya);

6. Livan funti (1 dollar — 14,986 funt);

7. O‘zbek so‘mi (1 dollar — 11 600 so‘m);

8. Gvineya franki (1 dollar — 8,583 frank);

9. Paragvay guarani (1 dollar — 7249 guaran);

10. Uganda shillingi (1 dollar — 3669 shilling).

1 AQSh dollari – 7 so‘m

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, 1994 yil 1 iyuldan muomalaga kiritilgan milliy valuta – so‘m respublikaning barcha hududlarida yagona to‘lov vositasi sifatida ishlatilib kelinmoqda. Aytish joizki, so‘m muomalaga kiritilgan kunda valuta birjasida 1 AQSh dollarining qiymati roppa-rosa 7 so‘mga teng bo‘lgan. Keyinchalik mamlakatdagi asosiy eksport tovarlari narxining jahon bozorida tushib ketishi va ichki bozorda valutaga nisbatan talabning oshishi fonida so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi tezlashib ketadi. Jumladan, 1 dollarning qiymati 1998 yilda 93,46 so‘mni, 2002 yilda 750,05 so‘mni, 2006 yilda esa 1 224,6 so‘mni tashkil etadi.

2010 yilda 1 dollarning yil davomidagi o‘rtacha qiymati 1586,5 so‘mga teng bo‘lgan. O‘zbekistonda 2017 yildan valutani erkin konvertatsiya qilish tadbirlari boshlangandan keyin dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi keskin oshgan. Taqqoslash uchun, 2016 yilda 1 dollarning so‘mga nisbatan o‘rtacha rasmiy qiymati 2 965,7 so‘mga, 2017 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra esa, 3239,6 so‘mga teng bo‘lgan. Ammo banklardan valuta sotib olishning imkoniyati deyarli mavjud emas edi. Qora bozorda esa banklarga nisbatan dollar kursi ancha baland bo‘lgan.

2017 yilning 2 sentabrida «Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birlamchi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilinadi va 4210,35 so‘m dastlabki kurs bo‘lishi belgilanadi. 2017 yil oxiriga kelib, 1 dollarning qiymati – 8 120,7 so‘mga yetadi.

2018 yil yakunlari bo‘yicha 1 dollar 8339,5 so‘mni tashkil qilib, dollarning so‘mga nisbatan qiymati yil davomida 2,7 foiz oshadi. Mos ravishda, 2019 yilda (yil yakunlari bo‘yicha 1 dollar 9507 so‘mni tashkil etgan) dollarning ustunligi 14 foizga, 2020 yilda (yil yakunlari bo‘yicha 1 dollarning qiymati 10476 so‘m bo‘lgan) esa 10,19 foizga mustahkamlangan.

2021 yilda 1 dollarning so‘mga nisbatan qadri 3,27 foizga(10476 so‘mdan 10819 so‘mga), 2022 yilda 3,94 foizga(10819 so‘mdan 11246 so‘mga) oshgan.

Joriy yil boshidan buyon Amerika valutasining o‘zbek so‘miga nisbatan ustunligi ortmoqda. Jumladan, 2023 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 1 dollar 11246 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 20 iyul holatiga 11600 so‘mga yetgan yoki 3,14 foizga mustahkamlangan. Oxirgi oylarda O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari hisoblanuvchi Turkiya va Rossiya milliy valutalari qadrsizlanishining kuchayishi so‘m qadri pasayishiga ta’sir qilayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Umuman olganda, O‘zbekiston milliy valutasi 29 yildan oshiqroq vaqt ichida AQSh dollariga nisbatan 1657 barobar qadrsizlangan.

Mavzuga oid