Jahon | 20:34 / 20.07.2023
11161
6 daqiqa o‘qiladi

Navalniyga «ekstremistik ish» bo‘yicha 20 yil qamoq so‘raldi

Davlat prokurorlari firibgarlik ishi bo‘yicha to‘qqiz yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Aleksey Navalniyga boshqa, «ekstremistik ish» bo‘yicha 20 yillik qamoq jazosini so‘radi. Navalniyning o‘zi 30 yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkinligini aytgan edi. Sud koloniya hududida, yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi.

Foto: SOFYA SANDURSKAYA/TASS

Muxolifatchi siyosatchiga 20 yil maxsus rejimli koloniya so‘ralgani haqida «Navalniy jamoasi» xabar berdi. Hukm 4 avgust kuni e’lon qilinadi.

Bu ishda ishtirok etgan yana bir shaxs, «Navalniy LIVE» YouTube kanalining sobiq texnik direktori Daniel Xolodniyga prokuror 10 yil umumiy rejimdagi koloniya jazosini so‘radi.

Navalniyning sheriklari YouTube ijtimoiy tarmog‘ida siyosatchining so‘nggi so‘zini e’lon qilishdi. Uni taniqli odamlar o‘qidi: aktrisalar Olga Vasileva va Olga Troyanova, aktyor Dmitriy Nazarov, qo‘shiqchi Monetochka, reper Vladi, rejissyor Andrey Zvyaginsev va boshqalar.

– Menga hamyurtimiz, filologiya fanlari doktori, professor Lotmanning so‘zlari juda yoqadi. Talabalar bilan gaplashar ekan, u bir marta shunday degan edi: «Inson doim kutilmagan vaziyatda bo‘ladi. Va bu holatda uning ikki oyog‘i bor: vijdon va aql», dedi Navalniy so‘nggi so‘zida. - Vijdonning oyog‘iga tayanishni istamay, mening Rossiyam bir nechta katta sakrashlarni amalga oshirdi, hammani itarib yubordi, lekin keyin sirpanib ketdi va shovqin bilan atrofdagi hamma narsani vayron qildi, qulab tushdi. Endi u yo loy yoki qon hovuzida, suyaklari singan, qashshoq, talon-toroj qilingan ahvoli bilan suzmoqda. Atrofda esa XXI asrning eng ahmoq va ma’nosiz urushida o‘lgan o‘n minglab odamlar yotibdi. Ammo ertami-kechmi, albatta, yana o‘rnidan turadi. Kelajakda uning nimaga tayanishi esa bizga bog‘liq».

«Meni hokimiyat va maxsus xizmat vakillari, sudyalar va «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zolariga nisbatan nafrat uyg‘otishda ayblashmoqda», - dedi muxolifatchi. - Yo‘q, men nafrat qo‘zg‘atmayman. Shunchaki, odamning ikki oyog‘i bor, bu vijdon va aql ekanini eslayman. Qachonki bu hokimiyat bilan sirpanib, peshonani, kelajakni yorish joningga tegsa, vijdonni inkor etish aqlning yo‘qolishiga olib kelishini nihoyat tushunib yetganingda, balki odam turishi kerak bo‘lgan o‘sha ikki oyoq ustiga turib qolarsan va shunda biz kelajakdagi go‘zal Rossiyani yaqinlashtira olamiz».

Qonunga muvofiq, jinoyatni o‘ta xavfli tarzda takror sodir etgan, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan, shuningdek, o‘lim jazosi muayyan muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilgan mahkumlar jazoni alohida tartibdagi axloq tuzatish koloniyalarida o‘taydi.

Yashirin jarayon

18 iyul kuni Navalniy bir oy avval boshlangan va jamoatchilik bilan jurnalistlar uchun yopiq tarzda o‘tkazilgan sud jarayoni yakunlanayotganini yozgan edi: «Munozara, yakuniy so‘z va hukm qoldi».

Navalniy Moskva shahri sudi tomonidan o‘zi saqlanayotgan Vladimir oblastidagi qattiq rejimli koloniyadagi sayyor mahkamalarda sudlanmoqda. Ish materiallariga ko‘ra, yopiq eshiklar ortida 16 ta sayyor sud o‘tkazildi.

19 iyun kuni bo‘lib o‘tgan birinchi mahkamada Moskva shahri sudi jarayonni maxfiylashtirdi. Shu sababli uning qanday ketayotgani haqida ma’lumotlar kam bo‘ldi.

Siyosatchi sud jarayonida videoaloqa orqali so‘zga chiqqan himoya guvohlariga, jumladan, koloniyalarda muddatini o‘tayotgan Ilya Yashin va Vladimir Kara-Murzaga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, o‘z sherigi, «ekstremistik jamoa»ni tashkil qilish ishi bo‘yicha sudlangan ufalik Liliya Chanishevani esga oldi.

Bundan tashqari, Navalniy ijtimoiy tarmoqlarda ayblovning ba’zi dalillarini e’lon qildi. Ular orasida, masalan, reper Morgenshternning «Navalniy Lyoxa» treki matni va nomida prezident Putinni haqorat qilish belgilari bo‘lgan kriptohamyondan foydalangani to‘g‘risidagi ma’lumotnoma bor edi.

Da’vat, ishtirok etish, tashkil etish, moliyalashtirish, jalb etish... Yana nima?

Yangi «ekstremistik ish»da Navalniy birdaniga Rossiya Jinoyat kodeksining 7 moddasi bo‘yicha ayblandi, ularning eng og‘iri «ekstremistik jamiyatni tashkil etish»dir. Rossiya hukumati Navalniy tashkil etgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondini «ekstremistik hamjamiyat» deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, muxolifatchi ekstremizmga chaqirish, ekstremistik harakatlarda qatnashish, fuqarolar huquqini poymol qiluvchi nodavlat tashkilotini tuzish, ekstremizmni moliyalashtirish, voyaga yetmaganlarni xavfli harakatlarga jalb qilish va natsizmni oqlashda ayblanmoqda.

Aprel oyida Navalniy ekstremistik hamjamiyat yaratish bo‘yicha ishdan yana bir boshqa – «terrorizm»ga oid ish ajratib olinganini aytgan edi. Bu ish bo‘yicha uni harbiy sud mahkamaga tortadi.

Muxolifatchi «ekstremistik ish» bo‘yicha o‘zini 30 yillik va keyingi ish bo‘yicha «umrbod qamoq jazosi» kutayotganini aytgan edi.

Mavzuga oid