O‘zbekiston | 21:58 / 30.09.2023
16455
7 daqiqa o‘qiladi

Uzayib borayotgan tirbandliklarning oxiri va yechimi bormi?

Yo‘llar, ko‘chalar ko‘z o‘ngimizda avtotransportlar bilan to‘lib boryapti. Shaharlar markazlarida tirbandliklar jiddiy muammoga aylanib, tezkor yechimlarga ehtiyoj kundan kunga ortmoqda. Kechagi shaharsozlik normalari esa bugungi kun talabiga javob bermayapti. Takliflar yo‘q emas. Shaharsoz bilan suhbatimiz tirbandliklar, muammoli chorrahalar va yo‘l o‘tkazgichlar mavzusi tahliliga bag‘ishlanadi.

Shaharsoz Iskandar Soliyev bilan poytaxtda qurilgan ko‘priklar va estakadalar bo‘ylab qilgan suhbatimiz davomida ularning shahar uchun qanchalik kerakli yoki aksincha ekani haqida gaplashdik.

Iskandar Soliyev

Poytaxtda, viloyat markazlarida, umuman, respublikamizdagi shaharlarda yo‘l o‘tkazgichlar, estakada, ko‘priklarga ehtiyoj qay darajada? Ayni qaysi biriga bizda ehtiyoj ko‘proq va nima uchun?

— Yo‘l o‘tkazgichlarga ham, estakadaga ham ehtiyoj yo‘q. Shahar ichidagi chorrahalarda svetoforlar bilan hal qilsa bo‘ladi. Shaharga kirish qismlarida estakadalar qilish mumkin. Bu amaliyot dunyo mamlakatlarida bor, ya’ni estakadalarsiz ham muammoni hal qilish mumkin, lekin ancha aqlli loyiha kerak bo‘ladi bunga.

Shahar ichida estakada va ko‘priklar shartmas deganimga birinchi sabab o‘sha ko‘priklar qilingan hudud ikkiga ajralib, ko‘prik bor joy jonsiz bo‘lib qoladi. Piyodalar harakati cheklanadi, ko‘plab beton-asfalt sarflanib, katta hudud egallanib, tabiatga zarar yetadi, yashillik kamayadi. Umuman, bu orqali tirbandlik yechilib qolmaydi. Tirbandlikni jamoat transportlarini ko‘paytirib, alternativ harakatlanuvchi (velosiped, skuter) vositalar orqali yechish mumkin. Odamlar yengil avtomobillardan tashqari ham boshqa vositalardan foydalanishga o‘rganishi kerak.

21-asr shaharsozligida yo‘llar avtomobillar uchun qulay bo‘lishi kerakmi yoki piyodalar uchun?

— Birinchi o‘rinda piyodalar uchun qulay va xavfsiz bo‘lishi kerak. Keyingi o‘rinlarda velosiped, samokat kabilarga, jamoat transportlariga.

Atrofdagi jonli muhitni «o‘ldirgan» hududlarni sanab bera olasizmi?

– Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy ko‘chasida, Eko park yonida, Muqimiy ko‘chasida ko‘priklar tufayli jonli muhit yo‘qolgan. Piyodalar uchun qilingan ko‘priklar ham o‘zini oqlamaydi aslida, faqat harakatni cheklab, noqulaylik tug‘diradi. Shahar ichida faqat svetoforlar bilan o‘tish mumkin bo‘lishi kerak. Tezlikni ham kamaytirish lozim shahar ichida, bu qanchalik radikal yechim bo‘lmasin, qilish kerak. Chunki oqibatlari yomon bo‘ladi bunday holatdagi YTHlarning.

Jamoat transportlarining harakat ustunligini ta’minlash kerak. Bu yil yangi avtobuslar kelgach, odamlarimiz bir qadar qulaylik his etib, avtobuslarga chiqa boshlashdi. Endi avtobuslar uchun to‘xtovsiz harakatni ta’minlab berish kerak yo‘llarda. Shunday qilinsa, jamoat transportidan foydalanish yana ham oshadi. O‘z avtomobillarini qo‘yib, avtobusga chiqishadi va tirbandlik kamayadi. Odamlar bolalarini maktabga avtomobilda olib boradi va maktablar bor ko‘chalar tirband va xavfli bo‘ladi, mana shu narsaning ham oldi olinadi. Umuman, takliflar shu bo‘yicha, qanaqadir butunlay o‘zgacha narsalar emas, balki oddiy, qilingan yechimlar bor, tatbiq qilsa bo‘ldi.

Bobur va Muqimiy ko‘chalarini bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgich misolida olamiz. Bu yo‘l o‘tkazgich tirbandliklarning qanchalik oldini ololdi?

— Ayni shu yo‘l o‘tkazgich ham ziyonga ishlagan o‘tkazgichlardan biri. Avtomobillar bemalol harakatlanadi, lekin yo‘l o‘tkazgich katta hududni egallagani uchun atrofdagi muhitni «o‘ldirgan», xizmat ko‘rsatish yo‘q, ancha jonsiz ko‘rinish kasb etadi. Odamlar bu ko‘chalarda yurmaydi, xavfli bo‘lib qolgan, avtomobillar ko‘p.

Tirbandlikni faqat bitta chorrahada hal qilishi mumkin yo‘l o‘tkazgich, ammo keyingi chorrahalardagi svetoforlarda baribir o‘sha tirbandlik bo‘ladi. Aytganimdek, yo‘l o‘tkazgich bir aholi punktni, umuman shaharning o‘sha qismini ikkiga ajratib qo‘yadi. Yo‘l o‘tkazgich ostilari foydasiz, bo‘sh joyga aylanadi, yoz kunlarida juda issiq bo‘lib qoladi bu joylar. Bundan tashqari, avtomobillar ko‘p bo‘lgani uchun zaharli gazlar ham ko‘p bo‘ladi bunday hududda.

Yangi tushgan uylar bor bu yerda. Tasavvur qiling, uyning oynasidan qarasang, faqat yo‘l ko‘rinib turib, mashinalar o‘tadi — yoqimsiz holat bu. Bir tomondan uylarning narxiga ham ta’sir qiladi bu noqulay muhit. Umuman, tijorat yurishi qiyin bunday hududda. Rostdan ham «o‘lik» hudud bo‘lib qoladi.

– Piyodalar uchun yo‘llar qanday qurilishi kerak?

– Piyodalar uchun alohida ko‘priklar ham shaharsozlikka to‘g‘ri kelmaydi. Piyodalar uchun harakatlanish doim bir tekis bo‘lishi kerak. Piyoda deganda faqat sog‘lom odam emas-ku, qariyalar, nogironlar bor. Piyodalar ko‘priklarida lift ishlamaydi aksariyat paytda, shunchaki ko‘zbo‘yamachilik uchun qilingan. Shaharda harakatlanish ustuvorligi piyodalarga bo‘lishi kerak, mashinalarga emas. Bizda esa piyodalar yer ostidan yo ko‘prikdan o‘tib yuribdi.

Chap tomonga qayrilishsiz estakadalar qurish qarori qanchalik to‘g‘ri? Yo‘l harakatiga qanday ta’sir o‘tkazadi?

— Tushunishim bo‘yicha, shahar tashqarisida shunday bo‘ladi, deyildi. Bu holatda qilish mumkin. Shaharlarga kirib kelishda asosiy tirbandlikning oldini olish uchun qilinadi bu narsa, dunyo amaliyotida bor. Lekin shahar ichida bo‘lsa, noto‘g‘ri bo‘ladi bu ish.

 

Mavzuga oid