O‘zbekiston | 19:25 / 03.10.2023
8105
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro kinofestivalining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Tantanali marosim Samarqand shahridagi “Boqiy shahar”da o‘tkazildi. Unda “Oskar” va “Oltin globus” sovrindori Kevin Speysi va xorijdan tashrif buyurgan boshqa aktyorlar ishtirok etdi.

Foto: Toshkent xalqaro kinofestivali

Samarqanddagi “Kolizey” maydoni “Bravo” orkestri, O‘zbekiston xalq artisti Jyenisbek Piyazov va mashhur filmlar saundtreklaridan iborat yorqin chiqishlar uchun sahnaga aylandi. Biroq kunning asosiy voqeasi ushbu bayramning asosiy qahramonlari - kinofestival doirasida aniqlangan g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash bo‘ldi.

Qizil gilamdan o‘zbek va jahon kinosi yulduzlari, taniqli aktyor va rejissyorlar, prodyuserlar, ssenariynavislar o‘tishdi. Film janrlariga ko‘ra, yopilish marosimi ajoyib videorolik bilan boshlandi, tantanali qismdan so‘ng sahnaga “Oskar” va “Oltin globus” sovrindori Kevin Speysi chiqdi. Bir kun oldin AQShdan kelgan aktyor Toshkentda shov-shuvli master-klass o‘tkazgan edi.

– Menimcha, sizda ushbu festival ortida turgan tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat degan uch g‘oyaning o‘ziga xos poydevori va asosi bor. Bularning barchasi ajoyib g‘oyalar. O‘tgan mahorat darslari esa mutaxassislarga va yosh intiluvchan kinoijodkorlarga bilim olish va o‘sishda yordam berish imkoniyatini beradi. Men bu qanchalik muhimligini bilaman, chunki kinoni birinchi marta kashf qilganimda shunday dasturlarda o‘sganman. Men ekranda o‘zimni hayratga solgan buyuk shaxslar: Ketrin Xepbern, Spenser Treysi, Preston Sturges, Al Pachinoni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lganman, ulardan ilhom olardim va shuning uchun bu yerda qilayotgan ishingiz bebaho, ayniqsa, yoshlar uchun juda muhim, - dedi Speysi.

Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov mehmonlar va ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirib, kinofestivalning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Festival besh kun davom etdi, kino ustalari ishtirokida 60 dan ortiq mahorat darslari tashkil etildi va ularga olti mingga yaqin insonlar tashrif buyurdi.

Kinofestival doirasida jahon kinematografiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun xorijlik kino ustalar: rejissyorlar Aleksandr Sokurov, Irakliy Kvirikadze, Piyetro Marselo taqdirlandi.

Shuningdek, bir qator filmlar rejissyorlari viloyat hokimligi maxsus sovg‘alari bilan taqdirlandi. TURKSOY vakili Shahnoza Burhoniddinova va mazkur xalqaro tashkilot Bosh kotibi maslahatchisi Mayra Qarsakboyyeva “Oltin yulduz” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. Turkmanistonlik Sahisalik Bayramov “Taqdir daraxti” filmi uchun TURKSOY xalqaro turk madaniyat tashkilotining maxsus “Oltin yulduz” mukofotiga sazovor bo‘ldi. Qirg‘izistonlik Aktan Arim Kubat Turk dunyosi kinematograflari uyushmasining “Oltin tulpor” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.

Taqdirlash marosimining asosiy voqealaridan yana biri, xorijiy kino mutaxassislari hakamlik qilgan tanlov bo‘ldi. Ular Markaziy Osiyo filmlarini baholadi, ushbu hakamlar a’zolari orasida Semih Kaplanoglu (Turkiya), Julia D’Anollo Vallan (AQSh), Irakli Kvirikadze (Gruziya), Kristian Byuxner (Germaniya) va qo‘mita raisi Kshishtof Zanussi (Polsha) bor edi.

Hakamlar hay’ati Markaziy Osiyo filmlari tanlovida jami 11 ta film taqdim etilganini qayd etdi.

Ular orasidan Dastan Aybekning “Shovak Hidi” filmidagi roli “Eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasida mukofotga loyiq topildi. Unga mukofotni portugaliyalik aktrisa Paula Karruega topshirdi.

“Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasida qirg‘izistonlik Taalaykan Abazova “Esimda” filmidagi dramatik roli uchun g‘olib deb topildi.

“Eng yaxshi rejissyorlik ishi” nominatsiyasida mukofoti “Aka-ukalar” filmi rejissyori Darxan Tulegenovga nasib etdi.

“Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti” nominatsiyasida “Ademokaning sabog‘i” filmi rejissyori qozog‘istonlik Adilxon Erjanov taqdirlandi.

Serbiyalik dunyoga mashhur rejissyor Emir Kusturitsaga “Eng yaxshi film” nominatsiyasining g‘olibini e’lon qilish vazifasi topshirildi va bu nominatsiyada rejissyor, vatandoshimiz Shokir Xoliqovning “Yakshanba” filmi g‘olib deb topildi.

Kinofestival yakunida mehmon davlatlar ishtirokchilari nomidan prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaatnoma taqdim etildi, uni italiyalik kinoshunos Olga Strada o‘qib eshittirdi, so‘ng kinofestival bayrog‘i tushirildi.

Bu yilgi kinofestivalning tadbirlari barcha ishtirokchilar uchun juda ko‘p hissiyotlar va taassurotlar taqdim etdi. Toshkent Xalqaro kinofestivali davomida g‘olib bo‘lgan qatnashchilar uchun quvonchli lahzalar, kino sanoatining taniqli namoyandalari bilan qizg‘in uchrashuvlar, xorijiy davlatlar rejissyorlarining filmlari namoyishi kabi turli dasturlar tashkil etildi.