Sport | 19:57 / 19.10.2023
26845
11 daqiqa o‘qiladi

Ukrainani Italiya bilan «final» kutmoqda, qozoqlarga yana ikki g‘alaba kerak. Yevro-24 saralashidagi vaziyat

Faqat 9 milliy jamoa keyingi yil yozidagi asosiy turnir yo‘llanmasini kafolatlagan.

Foto: Sport-Ekspress

Yevro-2024 saralash turniri yakuniga yana ikki tur qoldi, ammo hozircha chempionatda ishtirok etadigan 24 jamoadan faqat 9 tasi ma’lum - mezbon Germaniyadan tashqari Belgiya, Fransiya, Portugaliya, Ispaniya, Shotlandiya, Turkiya, Avstriya va Angliya. Ular safiga Vengriya, Albaniya, Daniya, Niderlandiya va Serbiya jamoalari qo‘shilishi ehtimoli yuqori. 
 Ikki guruhda chempionatga kimlar to‘g‘ridan to‘g‘ri borishi aniq bo‘lgan, to‘rt guruhda esa — birorta jamoa hali masalani hal qilmagan.

Barchasi oydinlashgan

A va F guruhlarida barchasi aniq. Ispaniya, Shotlandiya, Belgiya va Avstriya milliy jamoalari noyabrda Yevropa chempionatiga tayyorlanishni boshlaydi. Amalda hech narsani hal qilmaydigan oxirgi turlarda bosh murabbiylar turli tajribalarga qo‘l urib ko‘rishi mumkin. Gurjistonliklar  Millatlar ligasi pley-off bosqichi orqali o‘ynaladigan qo‘shimcha yo‘llanma uchun kurashishi aniq, Norvegiya, Ozarboyjon va Estoniyada ham bunday imkoniyat yuzaga kelishi mumkin. Ammo ularning taqdiri boshqa o‘yinlar natijalariga bog‘liq. Shvetsiya va Kipr esa Germaniyaga bormasligi aniq.

16 noyabr. Gurjiston – Shotlandiya, Kipr – Ispaniya
19 noyabr. Shotlandiya – Norvegiya, Ispaniya – Gurjiston.

16 noyabr. Ozarboyjon – Shvetsiya, Estoniya – Avstriya
19 noyabr. Belgiya – Ozarboyjon, Shvetsiya – Estoniya.

Oxirgi nuqtani qo‘yish qolgan

V guruhi

Greklar niderlandlarga ikki o‘yinda ham yutqazdi, shuning uchun ularda ikkinchi o‘rinni egallash uchun faqat nazariy jihatdan imkoniyat saqlanib qolgan. Agar raqib qolgan ikki o‘yinda ikkitadan ko‘p ochko olsa, greklarga hatto Fransiya ustidan g‘alaba qozonish ham yetarli bo‘lmaydi. Niderlandlarga esa oxirgi turda guruh autsayderi Gibraltar bilan o‘yinda g‘alaba qozonish ham kifoya qiladi, ammo barcha masala undan oldinroq — Irlandiyaga qarshi uy uchrashuvidayoq hal bo‘lishi ham mumkin.

Gretsiya guruhda uchinchi o‘rinni olsa, Millatlar ligasi pley-off bosqichi orqali yana bir urinib ko‘radi, irlandlarda ham pley-off uchun nazariy imkoniyat mavjud, Gibraltarda esa hech qanaqa ikkinchi imkon bo‘lmaydi va bu ajablanarli emas.

18 noyabr. Fransiya – Gibraltar, Niderlandiya – Irlandiya
21 noyabr. Gibraltar – Niderlandiya, Gretsiya – Fransiya.

G guruhi

Serbiyadagi mag‘lubiyat chernogoriyaliklarning o‘z tarixidagi ilk yirik turnirga borish imkoniyatini keskin pasaytirib yubordi. Miodrag Radulovich jamoasi quyidagi shartlarda Yevro yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin:

— qolgan ikki turda g‘alaba qozonsa, Serbiya esa Bolgariyaga yutqazsa;

— qolgan ikki turda g‘alaba qozonsa, Bolgariya esa Vengriyani yengsa va Serbiyaga yutqazsa (bu holatda chernogoriyaliklar o‘zaro uchrashuvlar natijalariga ko‘ra vengrlardan yuqoriroqda joylashadi).

Agar uch yetakchida (Serbiya, Vengriya va Chernogoriya) ham 14 tadan ochko to‘plansa, baribir chernogoriyaliklar ortiqcha bo‘ladi, ular serblar va vengrlarga qarshi o‘yinlarda jami 4 ochko jamg‘argan, bu uchlikning o‘zaro o‘yinlarida serblar 6, vengrlar esa 7 ochko olgan.

Chernogoriya va Litva Millatlar ligasi pley-off bosqichiga o‘ta olmaydi, Bolgariya esa, saralash bosqichidagi muvaffaqiyatsizlikka qaramay, katta ehtimol bilan pley-offda qatnashadi.

16 noyabr. Bolgariya – Vengriya, Chernogoriya – Litva
19 noyabr. Vengriya – Chernogoriya, Serbiya – Bolgariya.

J guruhi

Bu guruhdan Portugaliya bilan birga chiqish uchun uch jamoada imkoniyat bor, ammo, katta ehtimol bilan, yo‘llanma  slovaklar Lyuksemburgda g‘alaba qozonishi bilan hal bo‘ladi. Ular faqat so‘nggi ikki turda yutqazsa va Lyuksemburg yoki Islandiya ideal hisoblarda g‘alaba qozonsagina, Yevrodan qolib ketishi mumkin.

Bosniya Millatlar Ligasi pley-off bosqichida o‘ynashi aniq. Agar noyabrda mo‘jiza ro‘y bermasa, Lyuksemburg ham pley-offda qatnashib ko‘radi, islandlar esa boshqa guruhlardagi vaziyatga qarashi kerak bo‘ladi.

16 noyabr. Lixtenshteyn – Portugaliya, Lyuksemburg – Bosniya, Slovakiya – Islandiya
19 noyabr. Bosniya – Slovakiya, Lixtenshteyn – Lyuksemburg, Portugaliya – Islandiya.

Finalga teng to‘qnashuv

S guruhi

S guruhida o‘ziga xos final 20 noyabr kuni Leverkuzenda bo‘lib o‘tadi, bu yerda Ukraina Italiyani qabul qiladi. Agar italiyaliklar bungacha Shimoliy Makedoniyani mag‘lub eta olsa, so‘nggi turda ularni durang natija ham qoniqtiradi, ammo agar makedonlarga qarshi o‘yinda yana ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, so‘nggi turda faqat g‘alaba uchun o‘ynash talab etiladi.

Italiya guruhda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Millatlar ligasi pley-offida ikkinchi imkonga ega bo‘lishi aniq, Ukrainada ham vaziyat yomonmas. Ammo Shimoliy Makedoniya va Malta Germaniyaga bora olmaydi.

17 noyabr. Angliya – Malta, Italiya – Shimoliy Makedoniya
20 noyabr. Shimoliy Makedoniya – Angliya, Ukraina – Italiya.

N guruhi

Sloveniya — Qozog‘iston o‘yini ham final maqomida o‘tishi mumkin. Sloveniyaliklar Daniyani Kopenhagenda mag‘lub etsa yoki qozoqlar San-Marino bilan uydagi o‘yinda ochko yo‘qotsa, ortiqcha asabbuzarlikdan qutuladi.

Shu bilan birga, Magomed Adiyev jamoasiga ikki g‘alaba ham yetarli bo‘lmay qolishi mumkin. Agar Daniya uyida Sloveniyaga yutqazsa va safarda Shimoliy Irlandiyani mag‘lub etsa, unda qozoqlar Millatlar ligasi pley-offiga yo‘l olishga majbur bo‘ladi. Finlandiyada ham pley-off orqali imkoniyat saqlanib qoladi. Sloveniyaliklar esa top-2 dagi o‘rinni yo‘qotmasligi kerak, aks holda ularda ikkinchi imkoniyat bo‘lishi dargumon.

17 noyabr. Qozog‘iston – San-Marino, Finlandiya – Shimoliy Irlandiya, Daniya – Sloveniya
20 noyabr. Shimoliy Irlandiya – Daniya, San-Marino – Finlandiya, Sloveniya – Qozog‘iston.

Variantlar juda ko‘p bo‘lgan guruhlar

D guruhi

D guruhidagi ikkinchi yo‘llanma taqdiri Armaniston qo‘lida. So‘nggi turlardagi ikki g‘alaba armanlarga Uelsni ham, Xorvatiyani ham ortda qoldirish imkonini beradi (bu uchlikning o‘zaro o‘yinlarida armanistonliklarda 9, raqobatchilarda esa 4 tadan ochko bo‘ladi). Xorvatlarni imkon qadar ikki to‘p farqi bilan yengish kerak bo‘ladi, shu holda, uelsliklar Turkiyada ochko yo‘qotgan holatda armanlar to‘plar nisbatiga ko‘ra xorvatlardan ustunroq bo‘ladi.

Xorvatiya uchun so‘nggi ikki turdagi vazifa oddiy: Uelsdan ko‘ra ko‘proq ochko olish. Britaniyaliklar esa, murakkab taqvimga qaramay, xato qilishga haqli emas. Ular osonlik bilan ikkinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin.

Armaniston va Latviya Millatlar ligasi pley-offidan umid qila olmaydi, Xorvatiya uchun esa, agar ikkinchi o‘rinni ololmasa, ikkinchi imkoniyat kafolatlangan, Uelsning taqdiri raqiblarning natijalariga bog‘liq bo‘ladi.

18 noyabr. Armaniston – Uels, Latviya – Xorvatiya
21 noyabr. Xorvatiya – Armaniston, Uels – Turkiya.

Ye guruhi

Eng chalkash guruhdagi besh ishtirokchining to‘rttasi Yevroga chiqish uchun real imkoniyat saqlab qolmoqda. Hozirda guruh yetakchilari bo‘lib turgan Albaniya va Chexiya guruh bosqichi oxirigacha o‘z o‘rinlarida qolishi imkoniyat yuqoriroq, bu jamoalar masalani 17 noyabr kuniyoq hal qilishi mumkin. Ye guruhidan Germaniyaga yo‘l olishi mumkin bo‘lgan boshqa juftliklar uchun barcha variantlarni ko‘rib chiqamiz:

Albaniya va Polsha

— Albaniya Moldovani, Polsha — Chexiyani yengadi, shu bilan birga Moldova chexlarga yutqazmasligi kerak;

— Moldova oxirgi ikki o‘yinda ham durang o‘ynaydi, Polsha Chexiyani mag‘lub etadi;

Albaniya va Moldova

— Albaniya Farer orollarini yengadi, Moldova oxirgi ikki o‘yinda ham g‘alaba qozonadi;

— Moldova Albaniyani yengib, Chexiya bilan durang o‘ynaydi, Polsha Chexiyani mag‘lub etadi;

— Moldova Chexiyani mag‘lub etadi va Albaniya bilan durang o‘ynaydi, Chexiya Polashni yenga olmaydi;

— Moldova Chexiyani mag‘lub etadi, chexlar esa Polsha bilan durang o‘ynaydi;

Chexiya va Moldova

— Moldova ikki o‘yinda ham g‘alaba qozonadi, Chexiya Polshani yengadi, Albaniya Farer orollariga yutqazadi;

— Moldova Albaniyani yirik hisobda mag‘lub etib, Chexiya bilan durang qayd etadi, chexlar Polshani yengadi, Albaniya Farer orollariga yutqazadi.

Albaniya va Moldova guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni ololmasa, Millatlar ligasi orqali imkoniyatga ega bo‘lmaydi, Polsha va Chexiya esa o‘zaro uchrashuvda Yevro yo‘llanmasi uchun kurashishi mumkin. Ikki jamoa ham reyting bo‘yicha Millatlar ligasi pley-offiga o‘tadi.

17 noyabr. Moldova – Albaniya, Polsha – Chexiya
20 noyabr. Albaniya – Farer orollari, Chexiya – Moldova.

I guruhi

Falastin-Isroil mojrosi keskinlashuvi tufayli J guruhidagi shusiz ham murakkab bo‘lgan vaziyat yanada chigallashib ketdi. Yevroga yo‘l olish uchun Ruminiya, Shveytsariya, Isroil va Kosovoda imkoniyat bor. Lekin shveysariyaliklar qoldirilgan o‘yinda isroilliklarni mag‘lub etsa, bolqonliklarda nazariy imkoniyat ham qolmaydi.

Guruhda peshqadam bo‘lib turgan ruminlar ham qaltis vaziyatda — so‘nggi ikki o‘yindagi ikki mag‘lubiyat jamoani navbatdagi yirik turnirdan mosuvo qiladi. Bu guruhda faqat
Isroil (katta ehtimol bilan), Shveytsariya (bu jamoa guruhda birinchi o‘rinni olib, to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘lishi ehtimoli yuqori) va Kosovo Millatlar ligasi pley-offida qatnashishi mumkin.

15 noyabr. Isroil – Shveytsariya
18 noyabr. Belarus – Andorra, Shveytsariya – Kosovo, Isroil – Ruminiya
21 noyabr. Ruminiya – Shveytsariya, Andorra – Isroil, Kosovo – Belarus.
Kosovo – Isroil o‘yini vaqti keyinroq ma’lum bo‘ladi.

Mavzuga oid