20:02 / 12.12.2023
42342

Salim Abduvaliyevga nisbatan jinoyat ishida ayblov qayta ko‘rib chiqilgan

“Salimboy” nomi bilan tanilgan tadbirkor Salim Abduvaliyev noqonuniy tarzda qurol saqlashda ayblanib, unga nisbatan sud ajrimi bilan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevning so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda unga qo‘yilgan ayblov og‘irrog‘iga almashtirilgan.

Foto: Kun.uz

“Ushbu shaxs o‘zida noqonuniy ravishda qurollar saqlab kelayotgani to‘g‘risida ma’lumot olingan edi. Shunga asosan tezkor faoliyatni amalga oshirib, shu jinoyat ishi doirasida tintuv o‘tkazib, uyida haqiqatan ham noqonuniy ravishda qurol saqlanib kelinayotganini aniqlab, tergovga tegishli ravishda hujjatlarni taqdim etdik.

Hozir dastlabki tergov olib borilmoqda. Jinoyat kodeksining 248-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ularga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoq tanlangan”, – dedi Toshxo‘jayev 12 dekabr kungi matbuot anjumanida berilgan savolga javoban.

Poytaxt IIBB Abduvaliyev hibsga olingani haqida o‘tgan hafta xabar bergan, o‘shanda u Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi bilan gumonlanayotgani ma’lum qilingan edi. Ayblov bu moddaning 2-qismiga o‘zgartirilganidan kelib chiqilsa, tergov organi bu holatda o‘qotar qurolni noqonuniy saqlash jinoyati takroriy ravishda yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan, deb hisoblayapti.

248-moddaning 2-qismi uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, kodeksga binoan, qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.

73 yoshli Salim Abduvaliyev O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi hisoblanadi. U sport tadbirlariga homiylik faoliyati uchun 2015 yilda “Do‘stlik” ordeni, 2021 yilda esa “Xizmat ko‘rsatgan sport murabbiyi” unvoni bilan taqdirlangan.

Mavzu
Jinoyatchilikka qarshi tadbirlar
2023 yil noyabr oyining oxirida O‘zbekistonda, rasmiylar ta’rifiga ko‘ra, “kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlar” boshlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top