Energetika, AES va budjet taqchilligi - Behzod Hoshimov bilan suhbat
AQShda yashovchi o‘zbekistonlik tadqiqotchi Behzod Hoshimov Nyu-York universitetida professor sifatida faoliyat boshlash arafasida. Kun.uz muxbiri Toshkentda bo‘lib turgan iqtisodchini suhbatga taklif etib, ilmiy faoliyati va O‘zbekistonda dolzarb bo‘lib turgan bir nechta iqtisodiy masalalarga munosabatini so‘radi.
— Behzod aka, Toshkentga kelganingiz munosabati bilan yuzma yuz ko‘rishib turibmiz. O‘tgan yili Viskonsin universitetida PhD yoqlagan edingiz. Hozir nimalar bilan bandsiz? Adashmasam, faoliyatingizni Birlashgan Arab Amirliklarida davom ettirmoqchi edingiz.
— Hali ham Viskonsinda tadqiqotchi bo‘lib ishlayapman. Avgust oyidan Nyu-York universitetida professor bo‘lib ishimni davom ettiraman. Universitetning Abu-Dabida (BAA) kampusi bor. Nyu-York universitetida ijtimoiy fanlar fakultetida professor bo‘lib ilmiy faoliyatimni boshlayman. Hozircha post-dokman, bir yil oldin ilmiy ishimni himoya qilgandim.
— Ilmiy ishingizning asosiy jihatlari haqida gapirib bera olasizmi?
— Tadqiqotim, asosan, AQShda tadbirkorlik masalalarini o‘rganadi. Dissertatsiyamning birinchi qismida texnologik korxonalar, startaplarga resurslarni jalb qilish jarayonini o‘rganaman. Resurslar deganda mablag‘ tushuniladi, ba’zilarida esa kvalifikatsiya, netvork resurslarini startaplar o‘ziga jalb qilishini o‘rganaman. Shu jarayonda venchur kapitallar va startaplarga pul tikadiganlar tadbirkorlarning qanday xarakteristikalariga qaraydi hamda qanday g‘oyalarga pul tikishadi degan mavzularni tadqiq qilganman.
Ikkinchi bobi, tadbirkorlik adabiyotidagi bir savolga bag‘ishlangan: tadbirkorlar tug‘mami yoki ularni atrof-muhit shakllantiradimi? Buni empirik o‘rganishning qiyin tarafi shundaki, biz tadbirkorlarni ular o‘z faoliyatini boshlagandan keyin ko‘ra olamiz. Unday bo‘lmaganida, qanday bo‘ladi degan savolga javob izlaymiz. Masalan, siz “tadbirkorlar hammasi tug‘ma” desangiz, men “yo‘q, tug‘ma emas” deyishim mumkin, ikkalamiz ham bu gipotezani ilmiy dalillashimiz kerak. Shu dalillarda yo tug‘ma xarakteristikaning o‘zgarishi yoki atrof-muhitning o‘zgarishiga qaraladi.
Tadbirkorlik bu tug‘ma xususiyat deyishda, bundan oldingi tadqiqotlarda bir xil genetikaga ega egizak yetimlarni o‘rganishgan, chunki ikkalasining genetikasi bir xil bo‘ladi, lekin har xil oila boqib oladi va hayoti davomida ko‘rib chiqishadi – ularning tadbirkor bo‘lish ehtimoli qanaqa? Genetik qismi o‘xshash, lekin sharoiti har xil.
Ilmiy ishim – shu yo‘nalishdagi tadqiqotlarning bir qismi: iqtisodiy shoklar yoki krizislar natijasida katta bo‘lgan o‘spirinlar ulg‘aygach, tadbirkorlikni boshlashi kamayadimi yoki ko‘payadimi? Keskin iqtisodiy shoksiz yashab turgan joyda atrof-muhitga keskin ta’sir qiladimi, shu ta’sirning ijobiy va salbiy oqibatlarini o‘rganganman. Bu juda ham tor mavzu, ilmiy ishlar ko‘pincha juda chuqur va kichik mavzuda qilinadi.
— Tadqiqotingiz natijalari qanday bo‘ldi, nimani aniqladingiz?
— Atrof-muhitning keskin o‘zgarishining tadbirkorlikka ta’siri degan narsani o‘rgandim. Nikson prezident bo‘lgan vaqtlarda, 70-yillar oxiri, 80-yillar boshida AQShda katta makroiqtisodiy krizis bo‘lgan. O‘sha paytda butun AQSh qiyin vaziyatda bo‘lgan. Bu krizisning muhim xususiyati shundaki, ular butun AQShga birdek ta’sir ko‘rsatmagan. Michigan va Pensilvaniya shtatlarida ishsizlik 10 foizdan baland bo‘lib ketgan bo‘lsa, masalan, Massachucsetsda 2 foizdan kam bo‘lgan. Qanaqadir shtatlar yomon ahvolga tushib qolgan. Tadqiqotimda shartli Michigan shtatida 12 va 16 yoshli bolalar hamda Massachussets shtatidagi xuddi shunday bolalar haqida ma’lumotlarni oldim. Shu ikkala bolani umri davomida kuzatib borganmiz, qayerda ishlagan, qanday ishlar qilgan, qayerda o‘qigan, qayerga ko‘chgan kabi. Bu AQSh hukumatining so‘rovnomasi asosida qilingan tadqiqot. Shuni topdimki, krizisda katta bo‘lgan bolalar tadbirkorlik qilish ehtimoli krizisda katta bo‘lmagan bolalardan ko‘ra sal pastroq.
Lekin qanday korxonalarni tashkil topishida degan savol bor. AQShda o‘zini o‘zi band qilgan korxonalar bor, ular odatda o‘smaydi, 10 foizdan kamrog‘i inkorporatsiya qilinadi. Krizis natijasida inkorporatsiya qilingan korxonalarni ochish kamayarkan, o‘zini-o‘zi band qilish o‘zgarmas ekan. Tadqiqotim natijasini juda ham qisqa qilib aytadigan bo‘lsam, 13-19 yoshli bolalar krizisni boshidan o‘tkazish natijasida ularning inkoporatsiya qilingan korxonalarni yaratish ehtimoli krizis kamroq bo‘lgan joylardan ko‘ra kamroq.
Nima uchun shunaqa deyishingiz mumkin, atrofingizda kimdir ko‘proq ishini yo‘qotgan bo‘lsa, siz stabil ishni tanlaysiz. Tadbirkorlikda ko‘proq risk bor, balki o‘sha bolalar yoshligidan riskni olmay degan fikrga kelishi mumkin.
— Oxirgi paytlarda o‘zbekistonliklar eng ko‘p muhokama qilgan mavzulardan biri bu Rossiya tomonidan Jizzaxda kam quvvatli AES qurilishi bo‘lmoqda. Bu borada turli fikrlar bildirilyapti. Siz ham kanalingizda o‘z mulohazalaringizni yozdingiz. Shu haqda gaplashsak. AES qurilishining iqtisodiy va siyosiy jihatlari haqida qanaqa fikrdasiz?
— Kanalimda fikrlarimni yozdim, siyosiy aspektlari haqida gaplashmay turaylik, bu muhim albatta, ammo bu diskussiya uchun iqtisodiy jihatlarini gaplashamiz. AES – o‘zbekistonliklarning kelajagiga ta’sir qiluvchi g‘oya. Shu g‘oya bizga necha pulga tushadi, AES 1 kWh elektr energiyasini necha puldan ishlab chiqaradi, uning muqobil variantlaridan bu arzonroqmi, qimmatroqmi? Qaysi sabab bilan AESni tanlayapmiz, barqaror energiya manbasi bo‘lgani uchunmi? Xohlardimki, hukumatdagilar bizga shaffoflik bilan AES necha pulga qurilyapti, unga kim pul to‘layapti [aytishi kerak]…
Bir xil kontraktlarda, masalan Turkiyadagi Akkuyu stansiyasida, tushunishim bo‘yicha “Rosatom” o‘zi qurgan va Turkiya hukumati bilan elektr energiyasini [belgilangan narxda kafolatli] sotib olish haqida kelishuv qilingan. Ya’ni qurilishga Turkiya hukumati pul tikmagan. Bizda shartnoma qanday? Buni o‘zbekistonliklar quryaptimi yoki “Rosatom” quryaptimi?
Ikkinchi savol, nima uchun “Rosatom”, boshqa AES quradigan korxonalar emas? Bilamiz, juda ko‘p mamlakatlarda AES yaxshi ishlab keladi, bu texnologiyaga menda qo‘rquv yo‘q, lekin pudratchini tanlayotganda ham shaffoflik bo‘lishini xohlagan bo‘lardim. Balki “Rosatom” eng arzonga berayotgandir, balki muddati boshqachadir. Butun qaror qabul qilishda ishlatilgan ma’lumotlar ochiqlanishini va biz jamiyat sifatida bundan xabardor bo‘lishimizni xohlagan bo‘lardim.
Bu juda muhim narsa mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishi uchun, qanaqadir ma’noda siyosat uchun ham. Muzokaralarda bu instrument bo‘lib ishlatilishi mumkinmi, degan savollar ham yo‘q emas. Siyosiy aspektlardan tashqari, iqtisodiy aspektlar ham juda ko‘p savollar tug‘diradi. Biz necha puldan sotib olamiz elektr energiyasini, bu quyosh energiyasidan arzonroqmi, yoki ko‘mir yoqishdan arzonroqmi? “Trade off” deydi, nimaning evaziga nimani almashayotganimizni to‘liq ko‘rib olaylik, degan ma’noda yozgan edim.
— Umuman, energetika sohasida o‘zgarishlar bo‘lyapti. Energoregulyator tashkil etildi, may oyidan tariflar oshdi. Lekin svet o‘chishlari davom etayotganini ko‘rdingiz, kelganingizdan beri bu haqda Twitter'da yozib turibsiz. Endi oldinda, ya’ni keyingi bosqichda sohada qanday ishlar qilinishi kerak deb hisoblaysiz?
— Bu haqda juda ko‘p gapirganman, O‘zbekistonda energotizim isloh qilinishi kerak. Islohot deganda vaqtinchalik narxini oshiraylik, keyin nimadir o‘ylab topamiz degan narsa emas. 32-33 yil bo‘ldi, xuddi shu mexanizmda ishlab kelyapmiz. Narx borasida energo ishlab chiqaruvchilar hukumatga qimmatga elektr energiyasini sotadi, shishirilgan narxlarda. Hukumat buni qisman subsidiyalaydi, har xil yo‘llar orqali – pul, arzon gaz, arzon kreditlar orqali. Natijada jamiyat qiynaladi.
Bu narsani 100 marta yozganman, lekin yana qaytaraman. Energotizimdagi muammo shundaki, hukumat energetikani subsidiya qiladi. Ular sotib oladigan narx, ular keyingi qadamda sotadigan narxdan ko‘ra ko‘proq. Qimmatga olib, arzonga sotishadi. Qimmatga olishda ham, arzonga sotishda ham savol bor. Qimmatga olishning sababi, energetika ishlab chiqaruvchi korxonalar samarasizligidan, Bu samarasizligining sababi – ularda samarali ishlashga rag‘bat yo‘q. Oddiy misol, siz energetika korxonasining boshqaruvchisisiz, sizda yagona rag‘bat iloji boricha samarasiz ishlashingiz, iloji boricha xarajatlaringiz ko‘p bo‘lishi kerak. Iloji boricha samara kamroq bo‘lishi kerak. Bu sizga g‘alati ko‘rinishi mumkin, lekin siz ertaga hukumatning oldiga kelganingizda, xarajatim 1000 so‘m, ishlab chiqarishim 100 so‘m, farqini to‘lab bering, deb aytasiz. Demak, agar sal samarali texnologiya qo‘yib, samarali jarayon tashkil qilsangiz, hukumat sizga rag‘bat bermaydi, narxni oshirmay qo‘yadi, xolos. Ishlab chiqaruvchi narxni shishirishga, hukumat tushirishga harakat qiladi. Lekin natijada bu narsa uchun jamiyat to‘laydi. Hukumat milliardlab dollar subsidiyalashga ajratadi, bizning pulimiz shu narsaga ishlatilib ketadi.
Energetika islohoti nisbatan oson islohot, lekin uni qanchalik cho‘zib borsangiz, xarajat shuncha qimmatga tushadi. Narx oshirildi degani yaxshi bo‘ladi degani emas, islohot qilinishi kerak. Islohot qilinsa, narx balki oshar, lekin “narx oshishi = islohot” degani emas.
Hukumat qachon bizda energiya bozoriga yetamiz, va buning uchun nima qilishimiz kerakligi haqida bizga xabar berishini xohlardim. Narxni oshiramiz, bunaqa islohot qilamiz, generatsiyani xususiylashtiramiz, mana buning hisobiga samaradorlikni oshiramiz, energiya bozorni yaratamiz, degan qadamlarni aytib, 2026 yilga borib budjetdan subsidiya olmaymiz degan gapni aytishsa, islohot qilishyapti derdim. Hozir esa narxlar avvalgidek indeksatsiya qilinyapti.
— Yuridik shaxslar muayyan limitdan ko‘proq energiya sarf qilsa, ortiqcha ishlatilgan energiya uchun ikki barobar narxda hisob-kitob qilinadigan bo‘lyapti. Siz o‘z kanalingizda bu chorani qimmat xato deb atadingiz. Shu masalaga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
— Energoresurslar boshqa tovarlar singari bozorda sotilishi kerak. Hozir yuridik shaxslar energetika uchun bozor narxida to‘lashyapti. Ya’ni bugungi kunda, sizning studiyangiz yuridik shaxs bo‘lgani uchun katta ehtimol bilan bozor narxida to‘layapsiz. Deylik, O‘zbekistonda katta tadbir bo‘lib qoldi-da, sizlar ko‘p intervyu qilishni, ko‘proq jurnalistlarni ishga olishni boshladingiz. Shu oyda elektr energiyasi iste’moli ko‘paydi. Hukumat bunaqa bo‘lib qolsa, sizlarni jazolaymiz deyapti. Ya’ni sizlar bir oy oldin kelajakdagi iste’molingizni ko‘ra olishingiz kerak. Shu qanaqadir g‘alati tuyuladi. Bu samarali, rivojlanayotgan korxonalarga nisbatan soliqdek.
Yoki masalan, siz perashka sotasiz, bugun 100 ta sotdingiz, ertaga ko‘proq. Nimadir bo‘lib, sizning perashkangiz hammaga yoqib qoldi-da, 1000 ta odam keldi. Sizda energiya xarajati 10 barobarga ko‘payib ketdi. Siz yaxshi ishladingiz. O‘sish trayektoriyasida bo‘lgan korxonalarga jazolovchi instrument o‘ylab topyapmiz.
Siz birinchi oy 1000 kWh, ikkinchi oy 2000 kWh ishlatyapsiz, ammo iqtisodiy qiymat yaratyapsiz. Shu narsa uchun sizni jazolash qanchalik maqsadga muvofiq? Bu narsa mavjud korxonalarga nisbatan, o‘smayotgan korxonalarga normal, lekin o‘sayotgan korxonalarga, yangi korxonalarga nisbatan juda mantiqsiz qarordek tuyuldi.
Energetiklar buni energetikaga kelajakdagi talabni bilish uchun qilishyapti, ularga har bir korxona 100 kWh'dan ishlatsa, ha bizda 10 ta korxona bor, demak bizga 1000 kWh kerak deydi. Shuni bashorat qila olish qimmatli narsa, shuning uchun ularga qolsa, hamma belgilangan limitni ishlatsin-da, jim o‘tirsin. Lekin yuridik shaxslarga bunday jazolovchi choralar yomon hisoblanadi.
Haqiqiy islohot qiladigan bo‘lsak, energetiklar ko‘proq ishlatinglar degan bo‘lardi. Masalan, hozir siz ko‘proq suv sotib olsangiz, suv ishlab chiqaruvchi sizni jazolamaydi. Mendan ko‘proq olsin deydi. Bizda energetika shu qadar haqiqiy bozordan uzoqki, ishlatadiganni jazolayapti. Demak, bu tovar emas, bu qanaqadir ne’mat va biz uni bo‘lib olishimiz kerak. Lekin aksincha, u tovar bo‘lishi kerak. Energetiklar tig‘iz bo‘lmagan paytda yoqsangiz, arzonroq qilib beraman deb aytishi kerak balki. Chunki ular tovarni sotishga qiziqishi kerak. Hozir esa ularning maqsadi sotish emas, taqsimlash. Byurokratlardek ishlashyapti, foyda keltiruvchi korxonadek emas. Bizda GM ham shunaqa-ku, ularda maqsad mashina sotish emas, mashinani taqsimlash – olibsotarlarga qarshi kurashadi va hokazo…
— Ikkalasida ham bir xil muammo – bozor yo‘qligi. Avtosanoatda raqobatli bozor yo‘q, yagona monopolist bor. Energetikada ham shunday.
— Lekin avtomobil bozori energetika singari yomon bozor emas. Energetika ancha yomonroq bozor. Avtomobil bozori yomon, bojlar bilan himoyalangan, lekin energetika bozori bilan solishtirganda, o‘zbekcha aytsa, o‘lsa o‘ligi yaxshi. Men ham har bir o‘zbekistonlik singari avtomobil bozorini sevmayman, lekin sizlar energetika bozori qanchalik haqiqatdan yiroqligini bilsangiz, avtomobilnikidek bo‘lsa, yaxshiroq edi degan bo‘lardingiz. Shu darajada noto‘g‘ri tizimlashtirilgan.
Energetika bozorida siz hech qaysi narxga energetikani sotib ololmaysiz. Avtomobil bozori ham yomon, lekin qimmat bo‘lsayam, chet el mashinasini sotib ola olasiz. BYD sal qimmatdir, lekin sotib ola olasiz. Lekin uyingizda svet o‘chsa, boshqa joydan svet sotib ololmaysiz. Umuman texnologik ma’noda imkon mavjud emas.
— Oxirgi paytlarda iqtisodiy yangiliklar orasida davlat budjeti defitsiti mavzusi doimiy tilga olinyapti. Yil boshidan beri budjet daromadlari 111 trln so‘m, xarajatlari esa 148 trln so‘m bo‘lgan. Buning iqtisodiyotga, inflatsiyaga ta’siri qanaqa bo‘ladi, umuman o‘zbekistonliklar budjet defitsiti masalasiga qanday qarashi kerak?
— Budjet defitsiti – buxgalterlik nuqtayi nazaridan, tushumlardan ko‘ra xarajatlarning ko‘pligi. Bu uy xo‘jaligi darajasida ham, korxonalar darajasida ham bo‘lishi mumkin. Uy xo‘jaliklari 10 yillab ham taqchillikda kun kechirishlari mumkin, lekin ruscha aytganda yo‘l oxirida bir nur ko‘rinadimi, yo‘qmi?
Budjet taqchilligini asosiy qutqaradigan narsa – “mayli, bizda hozir taqchillik bo‘lyapti, lekin 5 yildan keyin, 10 yildan keyin nurli kelajakda bizning daromadlarimiz ko‘p bo‘ladi-da, biz hozirgi qarzlarimizni yopib yuboramiz” degan nazariya bor. Oila nuqtayi nazaridan qarasak, er-xotin ikkalasi ham o‘qiyapti, ularning xarajatlari topishidan ko‘ra ko‘proq. O‘sha xarajatini bankdan qarz olib yopyapti. Ular qanday o‘ylaydi – 4 yil o‘qiymiz, o‘qishni bitirgach, ishga kiramiz, katta oylik olamiz va qarzlarimizni yopamiz. Qaysidir momentda taqchillik muammo bo‘lmasligi mumkin, agar sizda reja bo‘lsa.
Aytmoqchimanki, hozirgi xarajatlarimiz bizga kelajakda ko‘proq daromad topishga yordam beruvchi xarajatlar bo‘lishi muhim. Oila misolida gaplashsak, u oila o‘qimasdan, olgan qarzi hisobidan diskotekaga borsa, ularning 4 yildan keyin ham daromadi ko‘paymaydi va ularda taqchillik muammoga aylanishi mumkin. Muhim falsafiy savol – budjet taqchilligi bizni boyituvchi narsalarga ketyaptimi yoki yo‘qmi degan savol.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida bu savolga javob berishi kerak bo‘lgan institut – parlament. Parlament har yili budjetni qabul qiladi, unda xarajatlarimiz ko‘pmi? Ko‘pchilik ha ko‘p deyishi mumkin. Demak ko‘rpaga qarab oyoq uzatishimiz, xarajatlarni qisqartirishimiz kerak. Savol: qayerda kesishimiz kerak xarajatlarni, nimalarga kamroq sarflashimiz kerak? Iqtisodchi sifatida fikrim, ertaga foyda keltirmaydigan narsalardan voz kechishimiz kerak.
Deylik, bir deputat maktabning tomini almashtirish kerak deydi, yana biri esa gullar festivalini o‘tkazishimiz kerak deydi. Yoki quyonlar festivali. Tomni yopish qanchaga tushadi, festival qanchaga tushadi? 10 ta tomni yamash mumkindir bitta festivalni o‘tkazishga? Savol tug‘iladi: tomni yamash bizga nima olib keladi? Ta’lim darajasi yaxshiroq bo‘ladi, bolalar yaxshiroq o‘qib, ertaga soliq to‘lovchi bo‘ladi deyishingiz mumkin. Quyonchilik festivalini ham kimdir aytishi mumkin, festival quyonlarni yaxshi boqishga, quyonboqarlar ertaga bizni boyitishga olib keladi deyishi mumkin. Shu narsalar ustida diskussiya qilinadigan maydon va qonuniy makon – parlament. Biz jamiyat sifatida tanlashimiz kerak. Qaysi xarajatni kesishni hukumat emas, parlament hal qilishi kerak. Chunki hukumatda doim qisqa rejalari bo‘ladi.
Hukumat konstitutsiyada belgilangani kabi ijrochi bo‘lishi kerak va uni yaratishda qarorni bajaruvchi sifatida qatnashishi kerak. Bu mening idealimdagi O‘zbekiston. Balki buning natijasida defitsit ham epaqaga kelib qolgan bo‘lardi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:25 / 09.12.2024
O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi
22:47 / 07.12.2024
Yaponiyada «Simane» AESining ikkinchi reaktori qayta ishga tushirildi
19:22 / 05.12.2024
2024 yil uchun tashqi qarz limiti 5 mlrd dollardan 7,3 mlrd dollarga oshirilgan
17:43 / 05.12.2024