20:49 / 16.05.2024
6567

16 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Ustamadan ayrilayotgan o‘qituvchilar, qimmatlagan oltin, sobiq bosh prokuror o‘g‘lining Dubaydagi uylari va haj mavsumining boshlanishi - O‘zbekistonda 16 may kuni yuz bergan muhim va shov-shuvli voqea-hodisalar hamda yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz. 

Ustamadan mosuvo bo‘layotgan o‘qituvchilar

Eng jafokash qatlam — o‘qituvchilar uchun noxush xabar: ta’lim vazirliklari minglab o‘qituvchilarni ustamasiz qoldirishi mumkin: pedagoglarga ustama to‘lashda qo‘llanadigan va qabul qilinganiga hali bir yil to‘lmagan xorijiy til sertifikatlari ro‘yxatidan bir qancha xalqaro sertifikatlarni chiqarib tashlash reja qilinmoqda.

Avvalgi ro‘yxatga ishonib, sertifikat olayotgan o‘qituvchilar bundan norozi.

2023 yilning iyulida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining qarori bilan 2023-2024 o‘quv yilida ustama to‘lanadigan sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlangan edi.

Endi esa Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklarining qo‘shma qarori bilan bu ro‘yxat o‘zgartirilishi mumkin.

2024 yil 7 may kuni muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasiga ko‘ra, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga ustama belgilashda qo‘llanadigan milliy va xalqaro til sertifikatlar ro‘yxatini qayta tasdiqlash rejalashtirilmoqda.

Ya’ni ayrim sertifikatlarni ro‘yxatdan chiqarish va yangilarini qo‘shish taklif etilgan. Masalan, ingliz tili bo‘limidagi jami 11 ta sertifikat 5 tagacha qisqargan. Loyihada mazkur qaror kuchga kirgunga qadar olingan sertifikatlarga (amal qilish muddati tugaguncha) ustamalar berilishi aytilgan.

Qisqarishga tushayotgan xalqaro test tizimlaridan biri – TKT testi (Teaching Language Test) uchun to‘lov qilib qo‘ygan va imtihon bo‘lishini kutib turgan minglab ingliz tili o‘qituvchilari bundan norozi. Ular sertifikatni olish muddati qaror qabul qilingandan keyinga to‘g‘ri kelishi va ularning o‘tmay qolishidan xavotir olishmoqda. 

Toshkentda Botir Zokirovga haykal qo‘yildi

Toshkent shahrida milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochildi. Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Botir Zokirov ijodiy fenomeni milliy san’atimiz tarixida butun bir davrni tashkil etishi ta’kidlandi. Uning boy merosini chuqur o‘rganish va xalqqa yetkazish ishlarini davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga alohida qaror tayyorlash topshirildi.

Hukumat qarorida Toshkent shahrida san’atkorning memorial muzeyini barpo etish, estrada san’ati bo‘yicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro ko‘rik-tanlov va talabalar uchun davlat stipendiyasi joriy etish, badiiy film yaratish, Milliy estrada simfonik orkestri faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar ko‘zda tutiladi.

Botir Zokirov 1936 yilda san’atkorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetgan. 29 yoshida O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” va 2021 yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan. 

Sobiq bosh prokuror oilasining boyliklari

O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovning o‘g‘li Alisher Qodirov Dubayda umumiy qiymati qariyb 8 mln dollarni tashkil qiluvchi 4 ta ko‘chmas mulk obektiga egalik qiladi.

Xalqaro surishtiruvchi jurnalistlar guruhining aniqlashicha, Alisher Qodirovning Marina Plaza'da to‘rtta ofisi bor. Har birining qiymati 1,9 mln dollardan 2,1 mln dollargacha baholangan.

U 2018 yilda tovlamachilik va firibgarlikda ayblanib qidiruvga berilgandi.

U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan tovlamachilik, juda ko‘p miqdordagi tovlamachilik, ko‘p va juda ko‘p miqdordagi firibgarlik moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan. 

Haj mavsumi 23 maydan boshlanadi

O‘zbekistonda Haj mavsumi 2024 yil 23 maydan boshlanadi. Saudiya Arabistoniga 7 iyunga qadar har kuni aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Mamlakatning 10 ta shahri — Toshkent, Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Nukus xalqaro aeroportidan Madinaga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar orqali 15 mingdan ziyod ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi. Barcha parvozlar Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika jamoatchilik kengashi ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, guruh rahbarlarini biriktirish, safar oldi mashg‘ulotlar o‘tkazish, shifokorlar va oshpazlar guruhini jalb etish hamda safar hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarini yakuniga yetkazmoqda.

Oltinning narxi oshdi

O‘zbekistonda oltin narxi yana bir gramm uchun 1 mln so‘mdan oshdi. Qimmatbaho metall narxi bir kunda 1,8 foizga, joriy yil boshidan esa deyarli 19 foizga oshdi.

Markaziy bank xabariga ko‘ra, oltin quyma va esdalik tangalar narxi 16 may, payshanba kuni yangi maksimal darajaga yetdi. Jumladan, og‘irligi 5 gramm bo‘lgan oltin quyma hozirda 5,04 mln so‘mga baholanmoqda. Bir gramm oltinning narxi 1 mln 8 ming 40 so‘mga yetgan yoki o‘tgan kunga nisbatan 1,8 foizga qimmatlagan.

Top